Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylar yashash uchun yaroqsiz deb topilsa aholi boshqa uy-joy bilan ta’minlanadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 4 noyabrda kuchga kirgan qarorida ko‘zda tutilgan.
Qaror bilan termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash va yashash uchun yaroqsiz deb topish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi.
Ma’muriy reglamentga muvofiq ushbu davlat xizmati 2025 yil 1 yanvardan boshlab tumanlar (shaharlar) hokimliklari tomonidan tuziladigan Termit va boshqa hashoratlardan zararlangan uy-joylarni aniqlash komissiyasi tomonidan Davlat xizmatlari markazlari va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YaIDXP) orqali ko‘rsatiladi.
Ariza beruvchilar davlat xizmatidan foydalanish uchun Davlat xizmatlari markaziga shaxsan borib murojaat etadi yoki davlat xizmatlaridan elektron shaklda foydalanish uchun YaIDXP orqali ro‘yxatdan o‘tadi.
Ariza beruvchi Davlat xizmatlari markaziga shaxsan kelib murojaat etganda, tegishli so‘rovnoma Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, ariza beruvchi tomonidan tasdiqlangandan so‘ng 10 daqiqa mobaynida komissiyaga elektron shaklda yuboriladi. YaIDXP orqali murojaat qilinganda esa so‘rovnoma avtomatik tarzda komissiyaga yuboriladi.
Komissiya 7 ish kuni davomida so‘rovnomani ko‘rib chiqib, uy-joy joylashgan hududga chiqqan holda quyidagilarni aniqlaydi: uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanganlik darajasini, texnik holatini, yashash imkoniyati mavjudligini, yaroqsiz holatga kelganligini. O‘rganish natijasida komissiya xulosasi ariza beruvchiga yuboriladi.
Bunda o‘rganish natijasida uy-joyning yaroqsiz holatga kelganligi tasdiqlansa, xabarnoma qo‘shimcha ravishda tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga uy-joyni yashashga mo‘ljallanmagan joylar toifasiga o‘tkazish hamda uy-joy fondidan chiqarish masalasini ko‘rib chiqish uchun yuboriladi.
Arizago‘yga berilgan xulosa kelgusida uni belgilangan tartibda davlat tomonidan uy-joy bilan ta’minlash uchun asos hisoblanadi.
Davlat xizmatini ko‘rsatishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: so‘rovnomada noto‘g‘ri yoki xato ma’lumotlar ko‘rsatilganda; ariza beruvchi tomonidan komissiyaga uy-joyni ko‘zdan kechirish uchun imkon berilmaganda yoki ko‘zdan kechirishga to‘sqinlik qilinganda; uy-joyning termitlar va boshqa hashoratlardan zararlangan bo‘lishiga qaramay, uning texnik holati yashash imkonini berganda; uy-joyda termitlar va boshqa hashoratlardan zararlanish holatlari aniqlanmaganda.
Davlat xizmatini boshqa asoslarga ko‘ra rad qilish taqiqlanadi.