Janubiy Koreyada harbiy diktaturaga urinish, HAMASga ultimatum qo‘ygan Tramp va NATOdan yordam so‘ragan Ukraina - kun dayjesti

Jahon 14:01 / 04.12.2024 3870

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Janubiy Koreyada harbiy holat

Janubiy Koreyada siyosiy inqiroz yanada chuqurlashdi. Prezident Yun Suk Yol muxolifatni davlatga qarshi harakatlarda va kommunistik qarashlarni qo‘llab-quvvatlashda ayblab, mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Janubiy Koreya tarixida so‘nggi 40 yil ichida ilk bor bunday chora qo‘llashga urinildi.

Yun Suk Yolga ko‘ra, muxolifatdagi Demokratik partiya hukumat ishlarini falaj holatiga tushirayotgan va respublikaga tahdid solayotgan davlatga qarshi kuchlardan iborat. Prezident, shuningdek, parlamentning 22 amaldorga nisbatan impichment e’lon qilishga urinishlari va yana 10 kishini lavozimidan chetlatishga harakatlarini tanqid qildi.

«Koreya Respublikasini saqlab qolish uchun bu choralar zarur. Mamlakatni tezda normal holatga qaytaramiz», dedi u.

Prezidentning reytingi tushib borayotgan bir vaqtda, Demokratik partiya davlat auditi rahbari va bosh prokurorga nisbatan impichment e’lon qilishga kirishdi. Parlament binosi oldida muxolifat deputatlari va faollar to‘planib, bino ichiga kirishga urinmoqda. Voqealarning shiddat bilan rivojlanishi natijasida maxsus kuchlar parlamentni nazoratga oldi va unga kirish yo‘llarini yopdi.

Seulning markaziy ko‘chalarida tanklar, harbiy texnikalar paydo bo‘ldi. Hududlarda zaxiradagi askarlar armiyaga chaqirilmoqda. Mudofaa vazirligi barcha turdagi qo‘shinlarga favqulodda holatlarga tayyorgarlik ko‘rish buyrug‘ini berdi.

Demokratik partiya rahbari Li Jemyon prezidentning bu harakatlarini konstitutsiyaga zid deb baholab, Yun Suk Yolni prezident sifatida tan olmasligini bildirdi. U fuqarolarni parlament oldida namoyishlarga chaqirdi.

Prezident ma’muriyatining iste’fosi

Janubiy Koreya parlamentining 190 deputati harbiy holatni bekor qilishga bir ovozdan qaror qabul qildi. Prezident Yun Suk Yolning harbiy holatni joriy etishga qilgan urinishi muxolifat va jamoatchilikning keskin qarshiligiga uchradi.

Qonun bo‘yicha parlament ko‘pchiligi harbiy holatni bekor qilgan taqdirda, qaror darhol kuchga kiradi. Politsiya va harbiylar parlament binolarini tark etdi.

Prezident mansub «Xalq kuchi» partiyasi yetakchisi Han Dong Hun prezidentning harbiy holat joriy etish qarorini tanqid qilib, uni katta xato deb atadi. Uning aytishicha, partiya bu rejalardan xabarsiz bo‘lgan va qonunchilikka zid har qanday harakatni qo‘llab-quvvatlamaydi. Harbiylarga «noqonuniy holatga amal qilmaslik» chaqiruvi yo‘llandi.

Yun Suk Yolning harbiy holat bo‘yicha urinishining natijasiz yakunlanishidan keyin uning ma’muriyati to‘liq tarkibda iste’foga chiqdi. Prezidentning o‘zi hozirgacha yangi bayonot bermadi va kun tartibidan barcha uchrashuvlarni olib tashladi. Yonhap agentligiga ko‘ra, yuzaga kelgan vaziyat prezidentning nufuziga jiddiy putur yetkazgan.

Parlamentda ko‘pchilikka ega Demokratik partiya prezidentni iste’foga chaqirdi va uning o‘zi iste’fo bermagan taqdirda impichment jarayonini boshlashini e’lon qildi. Seul va boshqa shaharlarda prezidentning iste’fosini talab qiluvchi namoyishlar qayta boshlandi.

BBC muxbiri Lora Bikerning ta’kidlashicha, ayni siyosiy inqirozning hal bo‘lishi prezidentning keyingi qadamlariga bog‘liq. «Yun Suk Yol o‘zi iste’foga chiqadimi yoki parlament unga impichment e’lon qiladimi? Bu Janubiy Koreyaning siyosiy kun tartibining asosiy masalasiga aylandi», — deyiladi xabarda.

Suriyadagi janglar

Suriyada hukumatga qarshi guruhlar Hama yaqinidagi janglarda peshqadamlik qilmoqda. Ular Hama shahri markazidan 6 kilometr uzoqlikdagi joylarni nazoratga oldi. Janglar 7 kundan buyon davom etmoqda.

«Hay’at Tahrir ash-Shom» rahbarligidagi guruhlar Zur ul-Mahruqa, Hattob, Shihaytir kabi 18 ta aholi yashash punktlari va Nosiriyya tepaligini egalladi.

Mabtane—Halfaya—Taybat ul-Imom chiziqlarini yorib o‘tgan guruhlar Hama shahri markaziga uch tomondan yaqinlashmoqda. Ular Kamxona—Muharda—Maar Suhur chiziqlarida Bashar Asad rejimi kuchlariga hujumlarni davom ettirmoqda.

Asad rejimi Hamadagi bank va valuta ayriboshlash shoxobchalarini evakuatsiya qilishga kirishgan. To‘qnashuv chizig‘i tobora shaharning markaziy qismiga yaqinlashib kelmoqda.

Trampning HAMASga ultimatumi

AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp lavozimiga kirishishidan oldin Yaqin Sharqdagi garovdagilar ozod etilmasa, mintaqada «jahannam boshlanishi»ni va’da qildi. «Javobgarlar qattiq jabr ko‘radi», — deb qo‘shimcha qildi Tramp.

Ekspertlarning fikricha HAMAS qo‘lida garovda ushlab turgan Isroil fuqarolari muzokaralar uchun eng katta kuzir bo‘lib, ularni birgina Trampning chorlovi bilan ozod qilish qiyin.

Biroq mintaqadagi humanitar inqiroz allaqachon jiddiy ko‘rinishga kelib bo‘lgan. 2023 yil 7 oktyabrdan boshlab G‘azo sektorida 40 mingdan ortiq tinch aholi halok bo‘ldi, 100 mingdan ortig‘i yaralandi. Aviahujumlardan tashqari, suv, oziq-ovqat va dori vositalari yetishmasligi ham halokatlarga olib kelmoqda.

Bir yil ichida AQSh Isroilga rekord darajadagi 17,9 milliard dollar miqdorida yordam ko‘rsatdi. Yordam asosan artilleriya snaryadlari, bunkerlarni teshuvchi raketalar va yuqori aniqlikdagi bombalardan iborat bo‘ldi.

Trampning «mintaqada jahannam boshlash» rejasi qanchalik amalga oshishi noma’lum. Jo Bayden ma’muriyati mintaqadagi mojaroni hal qilishni o‘zining tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlaridan biri qilgan, biroq garovdagilar masalasida katta muvaffaqiyatga erisha olmadi.

Rossiya-Ukraina urushidagi yo‘qotishlar

NATO ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida Rossiya armiyasi Ukrainadagi jangarilikda har kuni 1500 nafar askarini yo‘qotgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yildagi urush boshlanganidan beri rekord darajaga yetgan. Yo‘qotishlarning ortishi frontdagi jangovar harakatlar zonasi kengayishi va janglar intensivligi oshishi bilan izohlanadi.

BBC va «Mediazona» tadqiqotiga ko‘ra, oktyabr oyida Rossiya har kuni 150 nafar askaridan ayrilgan. NATO esa qurbonlardan tashqari yengil jarohatlanganlarni ham hisobga olgan, ya’ni 1500 askardan taxminan har beshinchisi — 300 nafari qurbon bo‘lgan.

Buyuk Britaniya Mudofaa vazirligi hisobotlarida 2024 yil sentabr oyida Rossiya har kuni 1271 askarni yo‘qotgani qayd etilgan. May oyidagi Xarkiv jangariliklari davomida esa bu raqam 1262 nafarga yetgan.

Buyuk Britaniya va Pentagon ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya umumiy yo‘qotishlari 610-615 ming askarni tashkil qiladi. Ularning 200 mingga yaqini halok bo‘lgan, 400-500 ming askar esa turli darajada jarohatlangan. Ulardan yarmi nogironlik holatiga duch kelgan.

Avvalroq Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy janglarda halok bo‘lgan ukrainalik askarlar 80 ming nafarga yetmasligini ma’lum qilgan edi.

Ukraina NATOdan yordam so‘radi

Ukraina — NATO kengashining Bryusseldagi yig‘ilishi oldidan Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga G‘arb ittifoqchilarini mamlakatga qo‘shimcha harbiy yordam ko‘rsatishga chaqirdi.

Sibiganing ma’lum qilishicha, Rossiyaning infratuzilmaga yangi hujumlari sabab Kiyevga yana 20 ta havo hujumidan himoya tizimi zarur. Ushbu tizimlar qatorida Amerikadan Hawks va NASAMS hamda Germaniya tomonidan bir necha bor yetkazib berilgan Iris-T tizimlari bor.

Shuningdek, Ukraina hukumati ittifoqchilaridan mamlakatni yangi rus gipertovushli raketa — «Oreshnik»dan himoya qilishga yordam beradigan qurol-yarog‘ taqdim etishni so‘ramoqda. Bu vazifani, taxminan, Amerikada ishlab chiqarilgan THAAD raketaga qarshi mudofaa kompleksi bajara oladi.

Bugun kechqurun Ukraina tashqi ishlar vaziri NATO davlatlarining yig‘ilishga kelgan vazirlari bilan uchrashib, Kiyevga urushda yordam ko‘rsatish borasida maslahatlashuv o‘tkazishni rejalashtirgan.

Gurjistondagi namoyishlar

Tbilisida namoyishchilar va politsiya o‘rtasida olti kundan buyon sodir bo‘layotgan to‘qnashuvlar kuchayib bormoqda. Maxsus kuchishlatarlar Rustaveli prospekti bo‘ylab olg‘a siljib, suv purkagichlar va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalangan. Namoyishchilar parlament maydonidan surib chiqarilganiga qaramay, ko‘chalarda yurishni davom ettirdi. Ular barrikadalar o‘rnatib, olov yoqib, himoyalanishga harakat qilishmoqda.

Gurjiston ombudsmani Levan Ioseliani politsiyani namoyishchilarga nisbatan qiynoqlar qo‘llashda aybladi. Uning ma’lumotiga ko‘ra, namoyishlar davomida 201 kishi jarohat olgan, shulardan 56 nafari politsiyaning shafqatsiz munosabatidan shikoyat qilgan. Namoyishchilar orasida boshi va ko‘zidan og‘ir jarohat olganlar bor.

Ombudsman Gruziya Ichki ishlar vazirligini politsiya xatti-harakatlarini ochiqchasiga qoralash va kelgusida bunday holatlar takrorlanmasligi uchun choralar ko‘rishga chaqirdi.

Ko‘proq yangiliklar: