Dunyodagi eng qimmat 10 ta maktab-internat: ularda yillik o‘qish narxi 100 ming dollardan oshadi

Jahon 09:35 / 04.12.2024 4432

Maktab-pansionlar yoki internatlar tarixan Buyuk Britaniyada keng tarqalgan, ammo bugungi kunda bu model boshqa mamlakatlarda ham qo‘llanadi. Dastlab bunday ta’lim muassasalarida erkaklar va ayollar alohida o‘qitilgan, lekin bugungi kunda aralash tur ustunlik qiladi, deb yozmoqda Forbes.

Odatda, internat kampusida o‘quvchilar uchun yotoqxonalar bo‘ladi: ayrim maktablarda o‘quvchilar dam olish kunlarida uyga borsa, boshqalarida esa faqat ta’tilda ketadi. Agar dastur bolalar bog‘chasi yoki boshlang‘ich sinflardan boshlanadigan bo‘lsa, taxminan 10 yoshgacha bo‘lgan bolalar yotoqxonada tunamaydi, balki oddiy maktablar singari internatga qatnab o‘qiydi. Badavlat infratuzilmadan doimiy foydalanish o‘quvchilarning imkoniyatlarini kengaytirib, ularning rivojlanishini rag‘batlantiradi.

Nafaqat o‘qish, balki yashash xarajatlari qo‘shilgani tufayli ta’limning bu turi ancha qimmat. Biroq bu sarf-xarajatlar o‘zini to‘la oqlaydi, deb ishoniladi. TABS maktab-pansionlar uyushmasi o‘tkazgan xalqaro tadqiqot natijalariga ko‘ra, ta’lim muassasasi o‘quvchida yetakchilik qobiliyatlarini rivojlantirishga yordam bergani haqidagi fikrga davlat maktablari bitiruvchilarining 52 foizi, xususiy maktablar bitiruvchilarining 60 foizi, pansionlar bitiruvchilarining esa 77 foizi qo‘shilgan.

Davlat ta’lim muassasalari, xususiy maktablar va pansionlarni tugatgan respondentlarning mos ravishda 39, 71 va 87 foizi maktab ularni oliy o‘quv yurtlariga tayyorlaganini ta’kidlagan. Bitiruvchilarning 23, 36 va 78 foizi jamiyatdagi mustaqil hayotga yaxshi moslashganini aytadi. O‘qish davomida o‘z vaqtini rejalashtirish ko‘nikmasini egallaganlar ulushi ham xuddi shuncha.

Eng qimmat internatlar ro‘yxatidan Forbes va boshqa nashrlar, reytinglariga kiritilgan hamda ota-onalar va boshqa manfaatdor shaxslardan ijobiy fikrlar olgan maktablar joy oldi. Barcha o‘quv muassasalari Shveytsariyada, go‘zal Alp tog‘lari, vodiylari va ko‘llari qo‘ynida joylashgan. Pansionlarning deyarli barchasi 50 yildan 150 yilgacha tarixga ega bo‘lib, ko‘plarining rahbarlari o‘n yillar davomida o‘zgarmay kelmoqda.

Darslar ingliz tilida olib borilsa-da, har bir pansion o‘quvchilarga boshqa xorijiy tillarni o‘rganish imkoniyatini taqdim etadi. Bu maktablarda odatda bir mamlakatning ellikdan ortiq fuqarolari ta’lim oladi, biroq ayrim maktablarda bitta mamlakatdan kelgan bolalar soni 10 foizdan oshmasligi belgilangan. O‘quv rejasida odatda turli ta’lim tizimlarining talablari inobatga olinadi. Har bir pansion dunyoning turli mamlakatlaridagi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun zarur bo‘lgan xalqaro va mintaqaviy imtihonlar o‘tkazadi.

Barcha maktablar xalqaro bakalavriat dasturi asosida faoliyat yuritadi. Ularda yuzlab ixtiyoriy kurslar, o‘nlab sport turlari mavjud. Ayniqsa, qishki va tog‘ sport turlariga alohida e’tibor qaratiladi. Pansionatlar butun dunyo bo‘ylab sayyor tadbirlar o‘tkazib, o‘quvchilarga turli faoliyat sohalarida o‘zlarini sinab ko‘rish imkoniyatini beradi. Ta’til vaqtida yozgi oromgohlar uyushtiriladi. Bitiruvchilar klublarga birlashadi va ba’zan yangi avlod o‘quvchilari bilan dars o‘tkazish uchun o‘z maktablariga qaytib keladi.

1.    Institut auf dem Rosenberg

·        Joylashgan joyi: Sankt-Gallen, Shveytsariya

·        O‘qish narxi: yiliga 170 318 dollar

·        Tashkil etilgan yili: 1889

·        O‘quvchilarning yoshi: 6-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 230 nafar

Oilaviy boshqaruv ostidagi pansion maktab fanlarining eng boy tanlovi, rivojlangan infratuzilmasi hamda yashash va ta’lim olish uchun a’lo sharoitlari bilan mashhur. Sinfdagi o‘quvchilar soni o‘rtacha sakkiz nafar bo‘lib, bir o‘qituvchiga ikki o‘quvchi to‘g‘ri keladi.

2.     Institut Le Rosee

·        Joylashuv: Rol va Gshtaad, Shveytsariya

·        O‘qish narxi: yiliga 158 580 dollar

·        Tashkil etilgan yili: 1880 yil

·        O‘quvchilar yoshi: 8-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 420 nafar

Shveytsariyadagi eng qadimiy xalqaro pansionlardan biri ikki kampusga ega: yozgi ko‘l bo‘yi va qishki tog‘ yon bag‘ridagi ikkala kampus ham hashamatli hududda joylashgan. Bu yerda prezidentlar va qirollarning vorislari ta’lim oladi. Maktabning akademik standartlari o‘ta yuqori darajada.

3. Collège Alpin Beau Soleil

·        Joylashuv: Villar-syur-Ollon, Shveytsariya

·        Yillik o‘qish narxi: yiliga 143 000 dollar

·        Tashkil etilgan yili: 1910 yil

·        O‘quvchilarning yoshi: 11-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 300 nafar

Hip-hopdan tortib qandolatchilikkacha, munozara san’atidan qushlarni kuzatishgacha bo‘lgan deyarli 100 xil to‘garak o‘smirlarga turli xil qobiliyatlarini rivojlantirish imkonini beradi. Maktab o‘quvchilarga o‘zini qiziqarli sohalarda sinab ko‘rishni taklif etadi: kechasi toqqa chiqish yoki yarim marafonda yugurish, efiopiyalik dehqonlarga qahva terishda yordam berish yoki Patagoniya daryolarida solda suzish kabi tajribalar.

4. Aiglon College

·        Joylashuv: Shezer, Shveytsariya

·        O‘qish narxi: yiliga 140 845 dollar

·        Tashkil etilgan yili: 1949 yil

·        O‘quvchilarning yoshi: 7-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 400 nafar

Pansion o‘quvchilari albatta piyoda yurish va yelkanli qayiqlarda sayohatga chiqadi. Ularning jismoniy ko‘nikmalarini sarguzashtchi Bear Grills va “Manchester Siti” jamoasi futbolchilari qo‘llab-quvvatlaydi. Yotoqxonadagi sharoit ancha oddiy, kun puxta rejalashtirilgan: bu maktabning qimmati hashamatda emas, balki yuqori ta’lim standartlarida.

5. La Garenne International School

·        Joylashuv: Shezer, Shveytsariya

·        O‘qish narxi: yiliga 130 531 dollar

·        Tashkil etilgan yili: 1947

·        O‘quvchilar yoshi: 4-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 160 nafar

Yaqin vaqtgacha faqat boshlang‘ich va o‘rta sinflar uchun mo‘ljallangan pansion xalqaro bakalavriat dasturi asosida faoliyat yuritmasdi. XBning ilk bitiruvchilari 2023 yilda tamomladi. Ta’lim ingliz va fransuz tillarida olib boriladi. O‘quvchilar Kosta-Rika va Tailandga sayohat qiladi hamda O‘rta yer dengizi bo‘ylab kruizlarda ishtirok etadi.

6. St. George’s International School

·        Joylashuv: Montreux, Shveytssariya

·        O‘qish narxi: yiliga 126,516 dollar

·        Tashkil etilgan yili: 1927

·        O‘quvchilarning yoshi: 1,5-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 480 nafar

Farzandini bir yarim yoshidanoq ikki tilli fransuz-ingliz muhitiga singdirishni istaganlar bu yerga bolani berish mumkin. Dunyoning 60 dan ortiq eng nufuzli universitetlari vakillari har yili maktabda ta’lim yarmarkasini o‘tkazadi, bu esa o‘quvchilarga kelajakdagi ta’lim yo‘nalishini tanlashda yordam beradi.

7. Leysin American School

·        Joylashuv: Lezen, Shveytsariya

·        O‘qish narxi: yiliga 119 375 dollar

·        Tashkil etilgan yili: 1961 yil

·        O‘quvchilar yoshi: 12-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 300 nafar

Bitiruvchilar, Amerika o‘rta maktabini tamomlaganlik to‘g‘risida sertifikat ham oladi. Konsultantlar ularga AQSh yoki boshqa mamlakatlarning eng yaxshi universitetlarida o‘qishni davom ettirishga yordam beradi. Maktabning konsert zalida atoqli musiqachilar muntazam ravishda chiqish qiladi.

8. Collège du Léman

·        Joylashuv: Versua, Shveytsariya

·        O‘qish narxi: yiliga 112 476 dollar

·        Tashkil etilgan yil: 1960

·        O‘quvchilarning yoshi: 2-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 1800 nafar

Pansionda yashash ham, qatnab o‘qish ham mumkin. O‘quvchilar fan va san’at bo‘yicha repetitorlar, shuningdek, shaxsiy murabbiy bilan yakka tartibda shug‘ullanishi mumkin. Maktab Massachusets texnologiya instituti, Jilyard maktabi va YUNISEF bilan eksklyuziv hamkorlik o‘rnatgan.

9. Le Régent International School

·        Joylashuv: Kran-Montana, Shveytsariya

·        O‘qish narxi: yiliga 104 700 dollar

·        Tashkil etilgan yili: 2015 yil

·        O‘quvchilar yoshi: 5-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 260 nafar

Ro‘yxatda keltirilgan maktablarning eng yoshi. Shuningdek, u eng baland tog‘ hududida —dengiz sathidan 1500 metr yuqorida joylashgan. Asosiy e’tibor fransuz tili va madaniyatini o‘rganishga qaratiladi. Pansion Institut Le Rosey bilan yaqindan hamkorlik qiladi.

10. TASIS The American School in Switzerland

·        Joylashuv: Montanyola, Shveytsariya

·        O‘qish narxi: yiliga 104 044 dollar

·        Asos solingan yil: 1956

·        O‘quvchilar yoshi: 3-18 yosh

·        O‘quvchilar soni: 750 nafar

Amerika universitetlariga tayyorlaydigan Yevropa maktablarining eng qadimgisi. O‘quvchilarning taxminan uchdan bir qismi kampusda istiqomat qiladi. Darslar ingliz va italyan tillarida olib boriladi.

Ko‘proq yangiliklar: