Rossiya sovetlardan qolgan fuqaro aviatsiyasi sanoati bilan maqtana olmaydi. Chunki bu davlat sobiq ittifoq davrida ishlab chiqarilgan ko‘plab samolyotlarni yangilay olmadi, faqat ayrimlari modernizatsiya qilindi xolos.
SSSR parchalanib ketgandan so‘ng Rossiya faqat bitta yangi samolyot ishlab chiqara oldi. Sukhoi Superjet 100 nomi berilgan bu samolyot ham mukammal emas va u bilan ko‘plab noxush hodisalar va halokatlar sodir bo‘lmoqda.
Ana shunday hodisalardan biri 2024 yil 24 noyabr kuni sodir bo‘ldi. Sochidan Turkiyaga uchgan “Azimut” aviakompaniyasiga tegishli Sukhoi Superjet 100 samolyoti Antalya aeroportiga qo‘ngandan so‘ng yonib ketdi.
Sukhoi Superjet 100 Rossiya tomonidan SSSR parchalanib ketgandan so‘ng loyihalashtirilib, yasab chiqilgan o‘rta masofalarga uchuvchi kichik samolyot hisoblanadi.
Sukhoi Superjet 100 tarixi
Bugun sovet davrida tayyorlangan samolyotlarning aksariyati ishlab chiqarilmaydi. Buning sabablari juda ko‘p. SSSR parchalangach ittifoqdosh respublikalarda joylashgan korxonalar o‘rtasida aloqalar uziladi.
SSSRda 1960-70 yillarda ishlab chiqarilgan samolyotlar uzoq yillar davomida yangilanmaydi. Oqibatda 1990-yillarga kelib ular xalqaro talablarga javob bermay qo‘yadi.
Ayniqsa, sovet samolyotlariga o‘rnatilgan dvigatellar ishonchsiz, shuningdek, ularning shovqini juda baland edi. O‘sha paytlarda G‘arbda tayyorlangan shovqini past va sifatli dvigatellar Yevropadagi Airbus konsorsiumi va AQShning Boeing kompaniyasidan ortmasdi.
Ana shunday sharoitda Rossiya nafaqat SSSR davrida ishlab chiqarilgan samolyotlarni mukammallashtira olmadi. Faqat bir necha turdagi samolyotlarning yangilangan modellarini tayyorlay olishdi xolos.
Sukhoi Superjet 100 tarixi 2000-yillar boshlariga borib taqaladi. Sukhoi korporatsiyasi Boeing bilan hamkorlikda yangi samolyot loyihasini ishlab chiqadi.
Shuningdek, loyihaga Ilyushin konstruktorlik byurosi, “Saturn” korxonasi va Fransiyaning Snecma kompaniyasi jalb etiladi.
Loyihaga Boeing korporatsiyasi ijrochi direktori Fil Kondit tomonidan Russian Regional Jet (RRJ) deb nom beriladi.
Samolyot kichik o‘lchamli bo‘lib, faqat qisqa va o‘rta masofalarga uchishga mo‘ljallangandi. Samolyotning tashqi va ichki ko‘rinishi Boeing – 717ga juda o‘xshash edi.
Yangi samolyotni ishlab chiqarish uchun o‘sha paytda budjetdan 150 mln dollar ajratiladi. Samolyot 100-110 yo‘lovchiga mo‘ljallangandi.
2004 yilda Rossiya aviatsiya davlat qo‘mitasi yangi samolyotga sertifikat beradi. 2006 yilda yangi samolyotning dastlabki nusxasini tayyorlash ishlari boshlanadi.
O‘sha yili Boeing loyihadan chiqib ketadi. Bunga ruslarning o‘zaro kelishuvni buzib yangi samolyot kabinasini Airbus samolyotlari kabinasiga o‘xshatib yasagani sabab bo‘ladi. Shundan so‘ng samolyot nomi Sukhoi Superjet 100 deb qayta nomlanadi.
2007 yilda Sukhoi Superjet 100ni sinovdan o‘tkazish uchun uni An-124 samolyotiga ortib Jukovskiy shaharchasiga olib kelishadi. Samolyotga fransiyaliklar bilan hamkorlikda tayyorlangan dvigatel o‘rnatilgandi.
2008 yil 19 may kuni Sukhoi Superjet 100 samolyotining dastlabki sinov parvozi o‘tkaziladi. O‘sha yili 24 dekabr kuni ikkinchi sinov parvozi amalga oshiriladi.
Samolyotning dastlabki loyihalari 2001 yilda qilingan bo‘lsa ham, uni foydalanishga topshirish 10 yilga cho‘ziladi va 2011 yilda dastlabki Sukhoi Superjet 100 Armanistonning “Armavia” aviakompaniyasiga yetkazib beriladi.
Keyinroq, bu samolyotni Rossiyaning turli aviakompaniyalari ham sotib ola boshlaydi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilgacha bu samolyotdan 232 dona ishlab chiqarilgan. Ularning 206 donasi sotilgan.
Sotilgan samolyotlarning yarmidan ko‘pi bugun parvozdan olingan.
Samolyotning narxi jihozlanishiga qarab 27-37 mln dollarni tashkil etadi. Lizingga olinganda narxlar yanada baland bo‘ladi.
Kimda qancha Sukhoi Superjet 100 bor va undan nega voz kechishgan?
“Rossiya” aviakompaniyasi 74 ta, “Azimut” 19 ta, “Yamal” 15 ta, Red Wings Airlines 20 ta, “Gazprom avia” 10 ta, “Aeroflot” 50 ta, “Severstal” 4 ta Sukhoi Superjet 100 samolyotlarini sotib olgan.
Shuningdek, bu samolyotdan Meksika, Indoneziya, Laos, Irlandiya, Qozog‘iston, Tayland kabi davlatlar ham sanoqli miqdorda sotib olgan.
Bugungi kunda Meksika, Indoneziya, Laos, Irlandiya va Armaniston, shuningdek, Rossiyaning bir nechta aviakompaniyalari Sukhoi Superjet 100 samolyotlaridan foydalanishni to‘xtatgan.
Jumladan, 50 ta Sukhoi Superjet 100 sotib olgan “Aeroflot” ularning birontasidan foydalanmayapti.
Aviakompaniyalar Sukhoi Superjet 100 dan foydalanmay qo‘yganiga asosan samolyot dvigatelini ta’mirlashda ehtiyot qismlarni topib bo‘lmagani bilan izohlashadi.
Aniqroq aytganda Sukhoi Superjet 100 samolyotlariga o‘rnatilgan dvigatellar ishonchli chiqmagan. Bunga samolyotga dvigatel yetkazib berishi lozim bo‘lgan Fransiya kompaniyasi ham keyinchalik loyihadan chiqib ketgani sabab bo‘lgan.
Jumladan, 2016 yilda Red Wings Airlines aviakompaniyasi Sukhoi Superjet 100 samolyotlaridan voz kechganini ma’lum qildi. Bunga samolyot dvigatelidagi nosozliklar sabab bo‘lgan.
2017 yilda Meksikaning Interjet aviakompaniyasi bosh direktori ham Sukhoi Superjet 100 samolyotlariga o‘rnatilgan dvigatellarda nosozlik kuzatilayotgani haqida aytib o‘tgandi. Ko‘p o‘tmay bu aviakompaniya ham ulardan foydalanishni to‘xtatadi.
2018 yilda Rossiyaning “Yakutiya”, Belgiyaning Brussels Airlines, 2019 yilda Rossiyaning “RusLayn” va “Yamal” aviakompaniyalari Sukhoi Superjet 100 samolyotlaridan foydalanishni to‘xtatadi.
Shundan so‘ng bu samolyotdan olish uchun navbatda turgan bir qancha aviakompaniyalar buyurtmalarni bekor qilishadi.
Sukhoi Superjet 100’ning texnik xarakteristikasi
- Uzunligi – 29,94 metr;
- Balandligi – 10,28 metr;
- Qanotlarning uzunligi – 27,80 metr;
- Fyuzelyaj diametri – 3,46 metr;
- Og‘irligi – 24,2 tonna;
- Tezligi – soatiga 841dan 981 kilometrgacha;
- Maksimal uchish balandligi – 12 200 metrgacha;
- Ekipaj soni – ikki uchuvchi va ikki bort kuzatuvchisi;
- Maksimal parvoz uzunligi – 2 960dan 4 320 kilometrgacha;
- Dastlabki sinov parvozi – 2008 yil;
- Dastlabki tijoriy parvoz – 2013 yil;
- Yoqilg‘i sig‘imi – 15,8 ming litr;
- Yo‘lovchi o‘rni – 87 dan 103 gacha;
- Dvigatellar soni – ikkita.
Sukhoi Superjet 100 bilan sodir bo‘lgan halokatlar
2012 yildan buyon Sukhoi Superjet 100 samolyotlari bilan ko‘p marta noxush hodisalar kuzatilgan va ularning ayrimlari halokat bilan yakun topgan.
Jumladan:
2012 yil 9 may. Rossiyaga tegishli Sukhoi Superjet 100 Indoneziyada halokatga uchraydi. Samolyot bortida bo‘lgan 45 kishining barchasi halok bo‘ladi.
2015 yil 25 oktyabr. Meksika aviakompaniyasiga qarashli samolyot aerodromlarning birida trapga uriladi va tumshuq qismi jiddiy shikastlanadi. Samolyotda bir nafar uchuvchi bo‘lgan va u jarohat olmagan.
2018 yil 10 oktyabr. Rossiyaga tegishli samolyot Yoqutistondagi aeroportga qo‘nishda dvigatellarning birida nosozlik kuzatiladi. Samolyot bortida 92 kishi bo‘lgan va ulardan 4 nafari jarohatlangan.
2019 yil 5 may. Sukhoi Superjet 100 bilan bog‘liq eng ayanchli halokatlardan biri Sheremetovo aeroportida sodir bo‘lgan. Samolyot qo‘nayotganda shassi yonib ketib, olov tezda yoqilg‘i bakiga o‘tadi.
Ko‘p o‘tmay portlash sodir bo‘ladi va samolyotning ort qismida olov kuchayadi. Qutqaruvchilar uning old tomonida bo‘lgan 37 kishini qutqarishga muvaffaq bo‘lishadi. Qolgan 41 kishi tiriklay yonib ketadi.
2024 yil 12 iyul. Rossiyaga qarashli samolyotlardan biri ta’mirdan so‘ng o‘tkazilgan sinov parvozida halokatga uchraydi. Oqibatda unda bo‘lgan uch nafar ekipaj a’zolari halok bo‘ladi.
2024 yil 25 noyabr. Sochidan Turkiyaga uchgan samolyot Antalya aeroportiga qattiq qo‘nishni amalga oshiradi va yonib ketadi.
Antalya aeroportida nima bo‘lgandi?
25 noyabr kuni Sochidan Turkiyaga uchgan “Azimut” aviakompaniyasiga qarashli samolyot Antalya aeroportiga qo‘ngandan so‘ng yonib ketdi.
Turkiya Transport vazirligi samolyotda 95 kishi, Antalya aeroporti ma’muriyati esa bortda 91 kishi bo‘lganini ma’lum qildi.
Yong‘in boshlangandan so‘ng ekipaj komandiri zudlik bilan yo‘lovchilarni maxsus traplar yordamida evakuatsiya qilishga qaror qilgan. Natijada hodisada hech kim jiddiy jarohat olmagan.
Antalya aeroporti qutqaruvchilari yong‘inni o‘chirishgan. Biroq ungacha Sukhoi Superjet 100 jiddiy shikastlangan. Yong‘in samolyot dvigatelidan boshlangani aytilmoqda.
Kuchli yomg‘ir va shamol tufayli Sukhoi Superjet 100 qo‘nayotganda uning chap qanoti uchish-qo‘nish yo‘lagiga qattiq urilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda samolyot qattiq qo‘nishni amalga oshirgani va shu paytda uning shassisi yoqilg‘i sig‘imini teshib yuborgani va oqibatda yong‘in kelib chiqqani haqida xabar tarqaldi.
Rossiya OAVning xabar berishicha, Antalyada yonib ketgan samolyot bilan so‘nggi 3,5 yil ichida 15 ta (!) aviahodisa sodir bo‘lgan. Ularning uchtasi joriy yil kuzda yuz bergan.
7 sentabr kuni texnik nosozlik tufayli samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagidan ortga qaytgan. 28 sentabrda dvigatel tebranishi kuchaygani sababli parvozni to‘xtatgan.
16 oktyabrda esa parvoz vaqtida samolyotning gidravlik tizimi ishdan chiqqan. Shu tufayli majburiy qo‘nish amalga oshirilayotganda uning shassisi shikastlangan.
Ma’lumot uchun, Antalyada yong‘in yuz bergan samolyot hodisadan bir kun avval Sochi-Samarqand-Sochi yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirgan.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.