Moskva Olimpiya o‘yinlarining analogi sifatida rejalashtirgan Butunjahon do‘stlik o‘yinlari noma’lum muddatga qoldirildi. Bu haqdagi Rossiya prezidenti Vladimir Putinning farmoni 2 dekabr, dushanba kuni huquqiy axborot portalida e’lon qilindi.
Hujjatga ko‘ra, dastlab 2024 yilning 15-29 sentabr kunlari Moskva va Yekaterinburg shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan, keyin esa 2025 yilga ko‘chirilgan Do‘stlik o‘yinlari «maxsus topshiriqqa» qadar qoldirildi. Qaror «sportchilar va sport tashkilotlarining xalqaro sport tadbirlariga erkin kirish huquqini himoya qilish» bilan izohlanadi. Putinning farmonida aniqroq sabablar haqida hech narsa aytilmagan.
Rossiya hukumati Ukrainadagi urush tufayli rossiyalik sportchilarning xalqaro musobaqalarda ishtirok etmasligiga javoban Olimpiada o‘tkaziladigan yillarda Do‘stlik o‘yinlarini tashkil etish qarorini e’lon qildi. Putinning tegishli farmoni 2023 yil oktyabr oyida imzolangan.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) bu tashabbusni tanqid qilib, bu Moskvaning «sportni siyosiylashtirish»ga qaratilgan urinishi ekanini bildirdi. XOQ sportchilarni Do‘stlik o‘yinlarida qatnashishdan bosh tortishga chaqirdi.