Ukrainalik sportchi, balandlikka sakrash ustasi Yaroslava Maguchix Xalqaro yengil atletika federatsiyalari assotsiatsiyasi (World Athletics) talqiniga ko‘ra 2024 yilda dunyoning eng yaxshi yengil atletikachisi bo‘ldi. Bu haqda 1 dekabr, yakshanba kuni kechqurun federatsiyaning X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida xabar berildi.
Yakuniy ovoz berishda Maguchix belgiyalik Nafissata Tiamni ortda qoldirdi, u 2024 yilda yettikurash bo‘yicha Olimpiada chempioniga aylangandi. Ukrainalik sportchi ketma-ket uchinchi yil World Athletics mukofotiga nomzod bo‘ldi, biroq bu sovrinni birinchi marta qo‘lga kiritdi.
2024 yilda dunyoning eng yaxshi erkak yengil atletikachisi tayanib sakrash bo‘yicha shvetsiyalik sportchi, ikki karra Olimpiya chempioni, 6,25 m balandlikdagi Olimpiya rekordi sohibi 25 yoshli Armand Dyuplantis bo‘ldi.
Maguchix - balandlikka sakrash bo‘yicha jahon rekordchisi
Oktyabr oyi oxirida 23 yoshli Maguchix 2024 yilda Yevropaning eng yaxshi yengil atletikachisi deb topildi. European Athletics'ning ushbu mukofoti ukrainalik sportchiga Shimoliy Makedoniya poytaxti Skope shahrida bo‘lib o‘tgan Golden Tracks marosimida topshirildi.
Bu yil Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiadada Yaroslava Maguchix o‘zining birinchi urinishidayoq 2 metr balandlikni zabt etib, o‘z yo‘nalishi bo‘yicha oltin medal sohibasiga aylandi. Yil boshida u 2,10 metr natija bilan ayollar o‘rtasida balandlikka sakrash bo‘yicha jahon rekordini yangilab, qatorasiga uchinchi bor "Olmos ligasi" finalida g‘alaba qozongan edi.
Bu natija bilan ukrainalik sportchi bolgariyalik Stefka Kostadinovaning 37 yillik rekordini 1 santimetrga ortda qoldirdi.