Yaqin Sharqdagi tinchlik — mo‘rt materiya, ayniqsa havoda hali tungi bombardimondan keyingi tutun tarqamagan va tinchlik davri tomonlardan biriga ekzistensial xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan sharoitda.
«Hizbulloh» rozi bo‘lgan sulh shartlaridan biri uning kuchlari Isroil bilan janubiy chegara yaqinidan olib ketilishidir. Bu amalda guruhni o‘zining asosiy missiyasi — yahudiylar davlatiga qarshi kurashishni samarali amalga oshirishdan mahrum etadi.
«Hizbulloh» Livanda katta harbiy qudratga aylanishi va kuchli siyosiy ta’sirga ega bo‘lishini ta’minlagan Eronning qo‘llovi va pullari birinchi navbatda «umumiy sionist dushman»ga yaqin bo‘lgani uchun berilardi, «Hizbulloh» Tehronni xursand qilish uchun Isroilga bor imkoniyati bilan jismoniy bosim o‘tkazib turishi kerak edi.
Livan hududi ichkarisiga ketishi «Hizbulloh»ni qiyin ahvolga solib qo‘yadi. Guruhga Eronning ko‘magi saqlanib qoladimi, uning maqsadlari o‘zgaradimi va u Yaqin Sharqdagi yangi kuchlar muvozanatida o‘z ta’sirini yo‘qotmaydimi? BBC sharhlovchisi Anastasiya Uspenskaya shu mavzuni tahlil qildi.
Eron tashlab qo‘ymaydi
Yuqoridagi qo‘yilgan savollarning barchasiga, hech bo‘lmaganda yaqin kelajak uchun tasdiq ma’nosida javob berish mumkin.
«Hizbulloh» — Eron chegaralaridan tashqarida harakatlanuvchi eng qudratli va eng funksional eronparast kuch bo‘lib, Tehron shaffofligi va hayotiyligi hali noma’lum bo‘lgan qandaydir tinchlik kelishuvini deb bunday kuchli ta’sir kuchidan voz kechishi dargumon.
Bundan tashqari, Eron hukumati Isroil bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri to‘qnashuvdan manfaatdor emas. Joriy yil aprel va oktyabr oylarida Tehron tomonidan amalga oshirilgan bir necha raketa zarbalari — Eron bu bosqichda tayyor bo‘lgan maksimum ishdir.
«Hizbulloh» Yaqin Sharq mintaqasining Isroil joylashgan mazkur qismida Eronning «qo‘llari» bo‘lib qoladi. Va zaiflashgan (Isroil uning yuzlab obektlarini vayron qildi) va boshsiz qoldirilgan (Hasan Nasrulloh o‘limidan keyin) harbiy harakatlarda yuzaga keladigan tanaffus Eronga guruh asta-sekinlik bilan tiklanishida yordam berishi uchun qo‘l kelishi mumkin, deb hisoblaydi Britaniyadagi mudofaa masalalari bo‘yicha tahlil markazi (RUSI) ekspertlari.
«Hizbulloh»ning vazifalari o‘zgaradimi? Umuman olganda — yo‘q, ammo kelgusida — ha. Isroilga qarshi kurashish va Yaqin Sharqda shialar lageri pozitsiyalarini mustahkamlash uning asosiy maqsadi bo‘lib qolaveradi.
Shu kunlarda imzolangan kelishuvga ko‘ra Isroil bilan chegara yaqinidagi hududlar tark etilishi ushbu davlatga shu vaqtgacha qo‘llangan usullarda bosim o‘tkazishni imkonsiz qiladi.
Isroillik ekspertlar fikricha, Livandagi «Hizbulloh» jangarilari Suriyadagi bo‘limlarini faoliyatiga faol qo‘shilib, diversiyalar uyushtirishi mumkin.
«Hizbulloh»ning Yaqin Sharqdagi ta’siriga kelsak, guruh 32 yillik yetakchisi Hasan Nasrullohning o‘limidan keyin sezilarli darajada zaiflashgan.
U guruh siyosati va harbiy strategiyasini belgilab, Eronda katta nufuzga ega edi. Ko‘plab sharhlovchilar fikricha, «Hizbulloh»ning ta’sir doirasi kengayishi bevosita uning shaxsiyati bilan bog‘liq edi.
Yangi rahbar Naim Qosim — guruhning eng taniqli shaxslaridan biri, ammo «Hizbulloh» rahbarligidagi bir oy davomida u Nasrullohga munosib voris ekanini ko‘rsata olmadi.
Ichkaridan tahdid
Qator ekspertlar fikricha, «Hizbulloh» uchun ekzistensial tahdid Livanning o‘zida yashiringan.
«Hizbulloh» — shunchaki harbiylashgan guruh emas, u Livanning ijtimoiy va siyosiy hayotiga mustahkam o‘rnashib olgan va uning vakillari 2005 yildan buyon muntazam ravishda hukumatdan o‘rin olgan.
Ayni vaqtda «Hizbulloh» parlamentda 15 o‘ringa ega. 2022 yilga qadar u boshqa radikal partiyalar bilan koalitsiyada parlamentdagi ko‘pchilikni tashkil etardi, ammo mamlakatdagi chuqur iqtisodiy inqiroz fonida bundan mahrum bo‘ldi.
Bu «Hizbulloh»ning Livandagi siyosiy ta’sir darajasiga deyarli ta’sir qilmadi va u hamon katta kuch bo‘lib qolmoqda.
Ammo endi guruh uchun burilish pallasi boshlanishi mumkin.
U endi 2006 yilda bo‘lgani kabi Isroil ustidan g‘alaba qozonganini e’lon qilolmaydi. Isroil hududi yoppasiga o‘qqa tutilganiga qaramay, «Hizbulloh» Isroilga o‘z bayonotlarida va’da qilgani kabi katta zarar yetkaza olmadi. Bu esa uning Livandagi tarafdorlari orasidagi obro‘siga zarar yetkazadi.
Shu bilan birga, oxirgi voqealar uning muxoliflari uchun signal bo‘lgan: ««Hizbulloh» sulhga rozi bo‘ldi, chunki rahbariyatidan ayrilganidan keyin qayta guruhlanib, barcha kuchlarini jamlay olmadi va hozirda har qachongidan zaifroq holatda.
Livan ichkarisida «Hizbulloh»dan norozilik avvaldan va turli darajalarda kuchayib kelayotgandi. Siyosiy dushmanlar uni ochiqchasiga Livanni garovga olgan terrorchilik tashkiloti deb atashgan, aholi esa, 2019 yilgi so‘rovlar ko‘rsatishicha, korrupsiya, tinch aholini qo‘rqitish va mamlakat boshiga tushgan chuqur iqtisodiy inqirozda tobora ko‘proq guruhni ayblmoqda.
Livandagi sunniylar va hokimiyatdagi xristianlar anchadan buyon «Hizbulloh»ni mamlakat siyosiy va ijtimoiy hayotidan siqib chiqarish imkoniyatini kutadi. Katta ehtimol bilan, hozir shunday urinishni amalga oshirishning ayni payti.
«Livan armiyasi ushbu turfa xil va ko‘p jamoali mamlakatda eng hurmatga sazovor institutdir. Ammo u suveren prezidentning siyosiy ko‘rsatmasisiz harakatlana olmaydi», — deb hisoblaydi Vashingtondagi Yaqin Sharq tadqiqotlari institutining strategik aloqalar bo‘yicha bo‘limi direktori Firas Maqsad.
«Mamlakatni qayta tiklashda xalqaro donorlar bilan ishlash uchun unga Isroilga qarshilik ko‘rsatish shiori ostida Eron qurollarini silkiyotgan «Hizbulloh»ga bo‘ysunmaydigan islohotchi hukumat kerak», — deya ishonch bildiradi ekspert.
Isroildagi skepsis
Isroildagilar «Hizbulloh» shimoliy chegaralar yaqinidan indamaygina ketishi va o‘z niyatlaridan osonlik bilan voz kechishiga ishonmaydi.
Mamlakatda hamma ham tuzilgan kelishuvni olqishlayotgani yo‘q. Ko‘pchilik Binyamin Netanyahu nima uchun ushbu guruhga qarshi harbiy kampaniyani oxirigacha yetkazib qo‘ymaslikka rozi bo‘lganidan hayron.
Uning o‘zi esa oldinga qo‘yilgan vazifalar bajarilganini aytmoqda.
«Biz [guruhni] o‘n yil orqaga uloqtirdik, oliy rahbariyatini zararsizlantirdik, uning raketa va qurollarining katta qismini yo‘q qildik, minglab jangarilarni bartaraf etib, chegaralarimiz yaqinidagi ko‘p yillik terrorchilik infratuzilmani yakson etdik», — degan isroilliklar bosh vaziri kelishuv imzolanganidan ko‘p o‘tmay.
Shu bilan birga, u Isroil «to‘liq harbiy harakat erkinligi» huquqini o‘zida saqlab qolishidan ogohlantirgan.
«Agar „Hizbulloh“ kelishuvni buzsa va qayta qurollanishga urinsa, biz zarba beramiz, — degan u. — Biz har bir qoidabuzarlik uchun bor kuchimiz bilan hujum qilamiz».
Ammo Isroil jamiyatidagilar bularning barchasi oldin ham bo‘lganini eslashmoqda — va kelishuv formulirovkasi ham amalda xuddi shunday bo‘lgan. BMTning 2006 yil Ikkinchi Livan urushiga barham bergan 1701-rezolyutsiyasiga ko‘ra, Isroil qo‘shinlarini Livan janubidan olib chiqishi, ularning o‘rniga Livan armiyasi kelishi, «Hizbulloh» va boshqa harbiylashgan guruhlar Isroil chegaralaridan uzoqlashishi ko‘zda tutilgandi.
Ammo Isroil armiyasi Livandan chiqishidan boshqa hech qaysi shart bajarilmadi, «Hizbulloh» yanada kuchliroq guruhga aylanib, shundan buyon Erondan uzluksiz ravishda qurol-yarog‘ olib keldi, deb eslatadi isroillik ekspertlar.
«Isroil seni o‘ldirish bilan tahdid qiladigan, o‘ldirishga tayyorlanadigan va buni amalga oshirishini yashirmaydigan terror tashkiloti yonida yashash qandayligini o‘z tanasida ayanchli tarzda his qildi. Endi Isroil 7 oktyabrgacha Hamas bilan bo‘lgani kabi bu reallikka ortiq ko‘z yuma olmaydi, — deydi Netanyahuning sobiq maslahatchisi Ariel Bulshteyn. — Shuning uchun bizning shimoliy chegaramizda, Isroil fuqarolari uyi yaqinida dunyoda o‘xshashi yo‘q terrorchilik armiyasi turishi mumkin emas».
G‘arbdagi ko‘plab sharhlovchilar mamnuniyat bilan nihoyat uzoq vaqtdan buyon Yaqin Sharqda diplomatiya g‘alaba qozonganini aytishmoqda.
O‘z navbatida, isroillik ekspertlar endi diplomatiyaning ikkinchi tomonida guruh emas, mamlakat turishi lozimligiga urg‘u qaratmoqda va endi hamma gap Livan hukumatiga bog‘liq.
«Hududida terrorchilik tuzilma mavjud bo‘lganida, Livan mas’uliyatni boshqa birovga yuklay olmaydi va o‘z hududini nazorat qilmayotgani, shuning uchun bir chetda turishini ayta olmaydi. Buni albatta yodda tutish kerak», — deb hisoblaydi Bulshteyn.
Kelishuv shartlarini bajarish uchun ajratilgan 60 kundan keyin kim qanday mas’uliyatga tayyorligi anglashiladi.