AQSh yadro qurolini Ukrainaga qaytarish imkoniyatini ko‘rib chiqmayapti

Jahon 22:08 / 01.12.2024 6074

AQSh prezidenti milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Jyeyk Sallivanning aytishicha, Oq uy Ukraina Qurolli kuchlari «o‘zini samarali himoya qilishi va Rossiyaga qarshi jangovar harakatlar olib borishi» uchun Ukrainani oddiy qurollar bilan ta’minlashga e’tibor qaratadi. Uning ta’kidlashicha, Vashington Kiyevga yadro qurolini qaytarishni rejalashtirmaydi.

The New York Times (NYT) 21 noyabr kuni o‘z nomini oshkor etmagan amerikalik rasmiylarga tayanib, Ukrainaga yadro quroli qaytarilishi mumkinligi haqida maqola chop etgan edi. Amerika prezidenti yordamchisining ta’kidlashicha, Kiyev yadro arsenali bilan ta’minlanmaydi, ammo amaldagi davlat rahbari Jo Bayden ma’muriyati «Kongress tomonidan ajratilgan har bir dollarni» Ukrainaga yordam berish uchun sarflash maqsadida hamma narsani qiladi.

«Ushbu 50 kun ichida biz Ukrainani muzokaralar stolida kuchliroq bo‘lishi, jang maydonida o‘z pozitsiyasini mustahkamlashi uchun barcha mumkin bo‘lgan vositalar bilan ta’minlash uchun qo‘limizdan kelganini qilamiz. Prezident Bayden esa menga Ukrainaga yuborilayotgan harbiy texnikaning keng ko‘lamli yetkazib berilishini nazorat qilishni buyurdi», dedi Sallivan.

Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin Ukraina sovet yadro arsenalining muhim qismini meros qilib oldi va dunyodagi uchinchi yadroviy davlatga aylandi. Biroq, Ukraina yadroviy qurol bilan bog‘liq ulkan mas’uliyat va xavflarni tan olib, tinchlik va xavfsizlik foydasiga strategik tanlov qildi.

1994 yilda Ukraina Budapesht memorandumini imzoladi, unga ko‘ra u Rossiya, AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarning xavfsizlik kafolatlari evaziga yadroviy quroldan voz kechdi. Keyingi yillarda Ukraina o‘zining barcha yadro kallaklari va tashish vositalarini doimiy ravishda yo‘q qilib, yadro qurolini tarqatmaslikka sodiqligini yana bir bor tasdiqladi.

Ko‘proq yangiliklar: