Yaqinda Toshkent shahrida maktab o‘qiuvchilari orasida sintetik narkotik moddalar iste’moli oshgani haqida ma’lum qilingan edi. Kun.uz so‘roviga javoban Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Tashxis markazi maktab o‘quvchilarining psixotrop moddalarga qaramligini aniqlash maqsadida o‘tkazgan so‘rovnomani taqdim qildi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Samarqand, Farg‘ona, Namangan, Andijon, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridan jami 3 635 nafar o‘quvchi qatnashgan. Ishtirokchilarning 1728 nafari (47,6 foizi) o‘g‘il bolalar, 1907 nafari (52,4 foizi) esa qiz bolalardan iborat bo‘lgan. Yosh chegarasi bo‘yicha quyidagicha:
• 12-14 yosh – 349 nafar (9,6 foiz);
• 14-16 yosh – 1871 nafar (51,5 foiz);
• 16 yosh va undan katta 1415 nafarni (38,9 foiz) tashkil qilgan.
Ishtirokchilarning 981 nafari (27 foizi) bo‘sh vaqtini to‘g‘ri tashkil etgani ma’lum bo‘lgan. Qolgan 73 foiz o‘quvchi bo‘sh vaqti ko‘p qolayotgani va uni qanday sarflashni bilmasligini aytgan. Tashxis markazi metodisti Gulbahor Yusupova bo‘sh vaqtdan unumli foydalanish o‘quvchilarning psixotrop moddalarni iste’mol qilish va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishda muhim ekanini aytadi.
“Buning uchun o‘quvchilarni ijodiy, sport va boshqa faoliyatga jalb qilish maqsadida ta’lim tashkilotlari negizida voyaga yetmaganlarning maktabdan tashqari bo‘sh vaqtini tashkil etishning seksiyalari, to‘garaklar va boshqa shakllarini rivojlantirish lozim. Ma’lumki, voyaga yetmaganlarning huquqiy savodxonligini oshirishga zarur e’tibor qaratilmasa, har qanday profilaktika ishlari samarali bo‘lmaydi”, – dedi u Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.
Shuningdek, o‘quvchilardan psixotrop moddalarga oid qonun hujjatlari bilan qay darajada tanish ekani ham so‘ralgan. Ularning faqat 51 foizi O‘zbekiston Respublikasining «Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar to‘g‘risida»gi qonuni bilan tanish ekanini bildirgan. Bunga qo‘shimcha ravishda, psixotrop moddalar haqida 57 foiz o‘quvchi ma’lumotga ega emasligi ham aniqlangan.
Yusupova o‘quvchilarga darslar davomida giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalarni iste’mol qilish, saqlash va tarqatish qonun tomonidan taqiqlanishi va jazolanishi, buning uchun huquqiy javobgarlik borligini tushuntirish kerakligini tavsiya qiladi. “Psixotrop moddalar va giyohvand moddalar nima, ular haqida bolalarning yuqoridagi ko‘rsatkichida tushuncha yo‘q. Agar o‘smirlarga psixotrop moddalar nima, ularning yosh avlod organizmiga emotsional va fiziologik zararlari, oqibatlari to‘g‘ri tushuntirilsa, hayotiy misollar bilan ko‘rsatib berilsa, o‘quvchilar orasida bilib-bilmay bu moddalarga qiziqish va uni sinab ko‘rishga ishtiyoq yo‘qoladi”, – dedi Tashxis markazi metodisti.
Bundan tashqari, so‘rovnoma davomida o‘smirlar orasida axloqiy tarbiya sustligi va ularga haddan tashqari erkinlik berilishi nisbatan ko‘p uchrashi ma’lum bo‘lgan:
• o‘zidan qoniqmaslik – 424 nafar (12 foiz);
• axloqiy tarbiyaning sustligi – 959 nafar (26 foiz);
• haddan tashqari erkinlik – 883 nafar (24 foiz);
• psixotrop moddalarning oson topilishi – 176 nafar (5 foiz);
• moddiy qiyinchiliklar – 276 nafar (8 foiz);
• ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarining ta’siri – 263 nafar (7 foiz);
• profilaktik ishlarning sustligi – 121 nafar (3 foiz);
• qo‘shimcha o‘z fikrlarini bildirganlar – 533 nafar (15 foiz).
So‘rovnoma natijasida yoshlar o‘rtasida giyohvand moddalarni iste’mol qilish sabablari deb quyidagilar ko‘rsatilgan:
– o‘quvchilarga oilada axloqiy tarbiyaning yetarli darajada berilmayotgani;
– ota-onalar farzand tarbiyasi bilan kam shug‘ullanayotgani;
– ota-onalar farzandlariga haddan tashqari erkinlik berayotgani;
– oiladagi moddiy yetishmovchiliklar, bolaning pul topish orqasida salbiy xulqli odamlarga qo‘shilib qolishi;
– o‘smir o‘quvchining o‘zidan qoniqmasligi, o‘smir yoshiga xos psixologik muammolar, o‘ziga past baho berishi, uning o‘ziga ishonch uyg‘otuvchi, qo‘llab-quvvatlovchi insonlar yo‘qligi.
“Xulosa qilib aytganda ota-onalar o‘z farzandiga mehri, e’tiborini kuchaytirishi, tarbiya berish jarayonini to‘g‘ri tashkil etishi, ular bilan ko‘proq muloqot qilishlari, bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkillashtirishlari, atrofdagi tengqurlari bilan munosabatni nazoratga olishlari, farzandlaridagi har bir o‘zgarishga e’tiborli bo‘lishlari tavsiya beriladi”, – dedi Gulbahor Yusupova.