Kipr Alisher Usmonovning singlisini “oltin pasport”dan mahrum qildi

Jahon 17:16 6580

Kipr hukumati investitsiya dasturi doirasida 77 nafar chet ellikka berilgan “oltin pasport”larni bekor qildi. Bu haqda Politis nashri xabar berdi.

Ro‘yxatda rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonovning singlisi Gulbahor Ismoilova ham bor.

U bilan birga, quyidagilarga berilgan Kipr fuqaroligi ham bekor qilingan: FSB sobiq tergovchisi Sergey Kovbasyuk, “Sheremetevo” direktorlar kengashining sobiq raisi Aleksandr Ponomarenko, “Alfa-Grupp” asoschisi Aleksey Kuzmichyov, “Rusal” asoschisi Oleg Deripaska, Chelyabinsk viloyati sobiq gubernatori Mixail Yurevich, “Merkuriy” shirkatlar guruhi egasi Igor Kesayev, “Safmar” guruhining asosiy aksiyadori Mixail Gutseriyev, Probiznesbank sobiq egasi Aleksandr Jyeleznyak va boshqalar.

Ro‘yxatga rossiyalik tadbirkorlardan tashqari bir nechta ukrainalik ham kiritilgan. Firibgarlik va pul yuvish bo‘yicha Kiyev hibsxonasida saqlanayotgan milliarder Igor Kolomoyskiy, shuningdek, “UkrLandFarming” egasi Oleg Baxmatyuk shular jumlasidan.

Pasportidan mahrum bo‘lgan chet elliklar Kipr hukumatining qarori ustidan shikoyat qilishi mumkin.

Ma’lumot uchun, Gulbahor Ismoilova O‘zbekistonda tug‘ilgan, ayni paytda Rossiya fuqarosi hisoblanadi. 2022 yil 2 mart kuni Germaniya hukumati Yevropa Ittifoqi sanksiyalari tufayli Alisher Usmonovning “Dilbar” nomli yaxtasini xatlovga olgani haqida xabar berilgandi. O‘sha vaqtda qiymati 600 million dollarlik bu yaxtaning yagona egasi sifatida Gulbahor Ismoilova ko‘rsatilgandi. Uning YeI va Buyuk Britaniyadagi aktivlari muzlatilib, ushbu mamlakatlarga kirishi taqiqlangan edi. Shundan so‘ng Ismoilova AQSh va Yaponiya sanksiyalariga ham uchradi.

Gulbahor Ismoilova uzoq vaqt Toshkentda joylashgan Fedorovich nomidagi klinika ta’sischilaridan biri bo‘lib kelgan. Ayni paytda unga tegishli bo‘lgan ulush Ishmuhamedova Sevara Nig‘matjonovnaga o‘tkazilgan.

"Oltin pasport" nima?

"Oltin pasport" dasturi – Kipr hukumati tomonidan xorijlik badavlat shaxslarga mamlakat fuqaroligini berish evaziga, ularning iqtisodiyotga sarmoya kiritishini talab qiluvchi tartib bo‘lgan. Bu dastur asosida Kipr fuqaroligini olish uchun:

·       kamida 2,15 mln yevro investitsiya kiritish;

·       Kiprda ko‘chmas mulk xarid qilish yoki biznes ochish;

·       hukumatga belgilangan miqdordagi qaytarilmaydigan badalni to‘lash talab qilingan.

Fuqarolikni qo‘lga kiritgan shaxslar Kipr pasporti orqali Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga erkin kirish imkoniga ega bo‘lishadi. Ammo ko‘p sonli suiiste’molliklar fonida 2020 yilda “oltin pasportlar” berish dasturi to‘xtatildi. Al-Jazeera o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvda hatto mahkum chet elliklar va qidiruvdagilarga ham fuqarolik berilgani aniqlangan.

“Oltin pasport” dasturi doirasida 6779 nafar xorijlik Kipr fuqaroligini olgan bo‘lib, ulardan 2886 nafari rossiyalikdir. Xususan, Gulbahor Ismoilovaga 2015 yilda Kipr pasporti taqdim qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: