Gurjiston prezidenti legitim parlament va davlat rahbari saylanmaguncha lavozimda qolishini ma’lum qildi

Jahon 23:58 / 30.11.2024 4284

Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili vakolat muddati tugaganiga qaramay, lavozimdan ketmaydi. Bu haqda u mamlakat aholisiga yo‘llagan telemurojaatida ma’lum qildi.

Zurabishvili o‘zini prezident sifatida «yagona mustaqil, legitim institut» deb atadi. U yana bir bor oktyabr oyidagi saylovlar bo‘yicha shakllantirilgan parlament legitimligini tan olmasligini bildirdi.

«Legitim parlament yo‘q, shu bois legitim bo‘lmagan parlament prezidentni saylay olmaydi va inaguratsiya bo‘lishi mumkin emas. Mening mandatim parlament qonuniy saylanib, qonunga ko‘ra, mening o‘rnimga biror kimni saylamaguncha davom etadi. Men sizlar bilanman va sizlar bilan bo‘laman», — deydi Zurabishvili.

Oktyabr oyida Gurjistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, parlamentda ko‘pchilik o‘rinni rossiyaparast hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi qo‘lga kiritdi. Parlamentga o‘tgan boshqa partiyalar, shuningdek, mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili saylovlar natijalarini tan olmadi.

Zurabishvili 2018 yilda o‘tkazilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylovlar orqali davlat rahbari sifatida saylangan. Uning vakolat muddati 2024 yil 16 dekabrda tugaydi.

Hozirda faqat «Gurjiston orzusi» deputatlari ishtirok etayotgan Gurjiston parlamentining 26 noyabrdagi yig‘ilishida prezidentlik saylovlarini joriy yilning 14 dekabrda o‘tkazish belgilangan, yangi davlat rahbarining inauguratsiyasi esa 29 dekabrda bo‘lib o‘tadi. «Gurjiston orzusi» prezidentlik lavozimiga sobiq futbolchi Mixail Kavelashvilini nomzod sifatida ko‘rsatgan.

Ko‘proq yangiliklar: