Buxoro viloyati hokimi o‘rinbosari o‘z arizasiga ko‘ra ishdan ketdi

O‘zbekiston 17:28 / 30.11.2024 11669

Mirali Hamroyev o‘z arizasiga ko‘ra Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimidan ozod qilindi. Bu haqda viloyat hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Mirali Hamroyev 1983 yil 9 martda Buxoro shahrida tug‘ilgan, ma’lumoti oliy. 2004 yilda Buxoro oziq-ovqat va yengil sanoat texnologiyasi instituti (sirtqi), 2007 yilda Bank-moliya akademiyasi (kunduzgi)ni tamomlagan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi – menejment, moliya. U 2020 yildan beri viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan edi.

Hamroyevning o‘rniga Baxtiyor Adilov Buxoro viloyati hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

Baxtiyor Adilov 1986 yil 22 iyunda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 2008 yilda Buxoro davlat universitetini bitirgan. Ma’lumoti bo‘yicha mutaxassisligi — iqtisodchi.

Ayni paytga qadar u Buxoro viloyati Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan edi.

Avvalroq Qorovulbozor tumanini 7 yil boshqargan Akmal Ostonov Vobkent tumani hokimi lavozimiga o‘tkazilgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Shuningdek, Kogon shahri hokimi Hayot Davlatov faoliyatini endi Peshku tumani hokimi sifatida davom ettiradi. Kogon shahriga qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Mirshakar To‘raboyev, Qorovulbozorga viloyat hokimligi boshqaruv apparatining axborot-tahlil guruhi rahbari O‘tkir Hamroyev hokim etib tayinlandi.

Ko‘proq yangiliklar: