O‘zbekiston mehnat bozorida talab eng yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar aniqlandi

O‘zbekiston 16:24 2994

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) ekspertlari mahalliy mehnat bozorida ishchi kuchiga bo‘lgan talabni mutaxassisliklar kesimida o‘rgandi.

Tahlil jarayonida 180 ta tuman va shaharda istiqomat qiluvchi 7843 ta beruvchi ishtirokida 172 ta mutaxassislik kesimida so‘rov o‘tkazildi.

Qayd qilinishicha, bugungi kunda O‘zbekiston mehnat bozorida savdo sohasi, xususan onlayn savdo sohasida mutaxassislarga talab eng yuqori. So‘rovda qatnashgan ish beruvchilarning katta qismi (23,4 foizi) savdo sohasida faoliyat yuritadi. Respublikadagi jami korxonalar orasida savdo korxonalarining ulushi eng yuqori bo‘lib, 32,5 foizni tashkil etadi. Bu esa o‘z navbatida aynan savdo sohasi mutaxassislariga talab yuqoriligini asoslaydi.

Qishloq xo‘jaligi va sanoat sohasi mutaxassislari, xususan, qishloq xo‘jaligi va sanoat uskunalari mexanigi (1,7 foiz), qishloq xo‘jaligi va qurilish texnikasi mutaxassislari (1,4 foiz), traktor, buldozer, kombayn haydovchilari (1,4 foiz), agronomlar (1,3 foiz), kashtachi, tikuvchi va to‘quvchilarga ham talab yuqori (1,7 foiz).

Ta’lim muassasalarida xorijiy tillar (ingliz, nemis, koreys va boshqa chet tillar), matematika va IT o‘qituvchilariga (1,2 foiz) ham talab yuqori.

Hozirgi kunda davlat sektori va xususiy sektorga tegishli korxonalarda marketolog, IT dasturchilari, buxgalterlar, kadrlar bilan ishlash bo‘yicha xodimlarga talab yuqori.

Shuningdek, malaka talab etilmaydigan farrosh, haydovchi va bog‘bonlarga ham talab yuqori ekanligi aniqlangan. Buni ular orasida qo‘nimsizlik darajasi yuqoriligi bilan izohlash mumkinligi ta’kidlanmoqda.

Institut kelgusi so‘rovlarda kasblar ko‘lamini kengaytirishni va natijalarni raqamlashgan platforma orqali keng jamoatchilikka yetkazishni rejalashtirgan.

Ko‘proq yangiliklar: