Bir necha kun kuzatilgan juda iliq va quruq ob-havodan so‘ng bugungi kundan boshlab O‘zbekiston hududiga Kaspiy dengizi hududlaridan nam va sovuq havo massalari kirib kelishi boshlandi.
O‘zgidromet xabariga ko‘ra, bugun va dam olish kunlari respublika bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, ba’zi joylarda kuchli bo‘ladi. 30 noyabr-1 dekabrda ayrim joylarda yomg‘ir qorga aylanishi mumkin.
O‘zbekistonning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 29 noyabr-1 dekabrda sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi mumkin. Respublika hududi bo‘yicha yomg‘ir suvlari to‘planishi ehtimoli bor, bu esa hududlarni suv bosishiga olib kelishi mumkin.
Havo harorati asta-sekin pasayadi. Kechagi +20...+23 darajadan so‘ng, bugun kunduzi harorat +10...+15 darajagacha, yakshanba kuni esa +3...+8 darajagacha pasayadi.
Respublikaning ayrim joylarida shamol tezligi 13-18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Poytaxtda: 29 noyabr-1 dekabr kunlari vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. 1 dekabrda yomg‘ir qorga aylanishi ehtimoli bor. Bugun kunduzi harorat +13...+15 daraja, ertaga, 30 noyabrda +7...+9 daraja, yakshanba, 1 dekabrda +5...+7 daraja bo‘ladi. Harorat kechalari asosan +5...+7 daraja bo‘ladi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan birozdan o‘rtacha tezlikkacha esadi.