Andijonda sel oqizib ketgan ko‘prik aytilgan vaqtda bitkazilmadi. Yangi muddat – 1 aprelgacha

O‘zbekiston 13:59 / 28.11.2024 2798

2024 yil 13-14 iyul kunlari kuchli yog‘ingarchilik oqibatida yuzaga kelgan sel oqibatida Andijon viloyati Xo‘jaobod va Jalaquduq tumanlari o‘rtasidagi Yorqishloq qishlog‘ida soy ustiga qurilgan ko‘prik qulab tushgandi.

Mahalliy aholi ko‘prik qayta tiklanmayotgani, yog‘ingarchilik va qish kunlari boshlansa, vaqtinchalik ko‘prikda yurib bo‘lmay qolishidan xavotirlanib, bir necha bor Kun.uz'ga murojaat qilib chiqdi.

Qulab tushgan ko‘prik. Foto: Andijon viloyati hokimligi

Andijon viloyat hokimligi bir necha marta qurilish ishlari davom etayotganini bildirgan edi.

28 noyabrga kelib, Andijon viloyati avtomobil yo‘llari bosh boshqarmasi holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Oqbo‘yrasoy ustidan o‘tgan ko‘prik 1974 yilda qurilgan bo‘lib, uzunligi 42,7 metr va eni 10 metrni tashkil etgan. Ayni vaqtda obekt Jalaquduq tumani hokimining 2024 yil 18 iyul kundagi 280-1-21-Q/24- sonli qaroriga asosan 2024 yil “Tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etish” dasturi doirasida ta’mirlanmoqda.

Mazkur ko‘prik qurilishiga bosh pudratchi etib “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri Andijon filiali tayinlangan. Loyiha-smeta hujjatlari “Yo‘l loyiha byurosi” MChJ tomonidan tayyorlangan va 2024 yil 27 sentabr kuni ekspertiza xulosasi olingan. Xulosaga asosan, obektning qiymati 10 mlrd 997 mln so‘mni tashkil etib, joriy yilga 6 mlrd so‘m ajratilgan. Hozirga qadar obektda 5 mlrd so‘mlik ishlar bajarilgan. Ko‘prikning yuk ko‘tarish qobiliyati 70 tonna bo‘lib, eni 14 metr, uzunligi 50 metrni tashkil etadi”, – deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, transport vositalari va piyodalarning harakat xavfsizligini ta’minlash va aholiga qulaylik yaratish maqsadida qo‘shimcha qatnov yo‘li ishga tushirilgan.

Rasmiylar aytgan qo‘shimcha qatnov yo‘li

Hozirda ko‘prikda ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Shu kunga qadar demontaj va armakarkas tayyorlash ishlari yakuniga yetgan. Bugungi kunda qirg‘oqlar temir-beton bilan mustahkamlanib, maxsus texnikalar yordamida ko‘prikning tayanch ustunlarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda”, – deyiladi bayonotda.

Ta’kidlanishicha, ta’mirlash ishlarini 2025 yilning 1-chorak yakunigacha tugatib, ko‘prikni foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.

Avvalroq, holat yuzasidan izoh bergan O‘zbekiston bosh vazirining matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov sel tufayli buzilib ketgan ko‘prikni to‘liq ta’mirlash ishlari 21 oktyabrga qadar tugatilishi hamda foydalanishga topshirilishini aytgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: