Hozirgi kunda advokatlar darajasini tergovchi yoki prokuror bilan tenglashtirishga urinishlar bo‘layotganiga qaramay, ular hamon teng imkoniyatlarga ega emas. Bu esa advokatlarning huquqlarini poymol etmoqda, deydi himoyachilar. Kun.uz bilan gaplashgan advokatlar – dalil va hujjatlarga e’tiborsizlik, yo‘qolib qolayotgan fuqarolar hamda qonun bilan cheklab qo‘yilgan huquqlari haqida aytib o‘tdi.
9 noyabr kuni advokatlar bilan ochiq muloqot o‘tkazgan Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov qamoqqa olish ehtiyot chorasini qo‘llash haqidagi prokuror iltimosnomalari sudlar tomonidan ommaviy qanoatlantirilayotgani natijasida O‘zbekistondagi vaqtincha saqlash izolyatorlari to‘lib ketganini aytdi. Oliy mahkama rasmiylari va advokatlar uchrashuvi ortidan jamiyatda dolzarb bo‘lgan advokat huquqlari, tergov-surishtiruv jarayonida inson huquqlari buzilishiga doir masalalar yana kun tartibiga qaytdi. Kun.uz ushbu masala yuzasidan amaliyotda yuzaga kelayotgan masalalarni jamoatchilikka olib chiqish uchun advokatlarga mikrofon tutdi.
Amrullo Ahmedov, advokat:
Advokatura mavzusi kundan kunga muammo sifatida ko‘tarilmoqda. Advokatlarning O‘zbekistonda yetishmasligi yoki kamligi inson huquqlarining buzilishiga yoki qaysidir huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillari tomonidan surishtiruv yoki jinoyat qidiruv protsesslari bo‘ladimi, ularga ko‘proq o‘z harakatlarini amalga oshirishga yordam beradi.
Shaxs ushlanganda uning huquqlari tushuntirilishi kerak. Uning nimada ayblanayotgani yoki nimada ushlanayotgani haqida yoki unga gapirmaslik huquqi borligini tushuntirish lozim. U o‘ziga advokat olishi mumkin yoki unga har bir aytilgan gapi o‘ziga qarshi ishlatilishi mumkinligini tushuntirish kerak. Tegishli idoralar vakillari bularni fuqaroga tushuntirishi lozim. Jinoyatchi bo‘lsin, gumonlanuvchi bo‘lsin, har biriga tushuntirish lozim. Chunki bu qonun talabi, Konstitutsiyada ham, JPKda ham shunday talablar bor. Lekin buni tushuntiradigan bo‘lsak, o‘ziga – surishtiruv, tergov organlariga muammo olib keladi.
Dilshodbek Kenjaboyev, advokat:
Qonunlarimizda advokatlarning huquqlari va imkoniyatlari ancha cheklab qo‘yilgan. Oddiy misol, jinoyat ishi qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qaror bilan hatto tanishish imkoniyatimiz yo‘q. Qachon jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, nima asosga ko‘ra kimning arizasiga ko‘ra qo‘zg‘atildi, bu narsa qachon boshlandi, degan savollarga hatto javob ololmaymiz. Jinoyat-protsessual kodeksining 53-moddasida «himoyachi jinoyat hujjatlari bilan dastlabki tergov tamom bo‘lgandan keyin to‘liq tanishib chiqish huquqi beriladi» degan qoida bor. Bu narsa — himoya pozitsiyasining susayishiga, tergov jarayonida shaxslarning huquqlari buzilishiga olib kelmoqda. Bundan tashqari, dastlabki tergovning asossiz ravishda cho‘zilishiga olib keladi.
Dastlabki tergov uch oy ichida yakunlanishi lozim, lekin amalda ko‘plab jinoyat ishlarida bu muddat buzilmoqda va noqonuniy to‘xtatishlar sodir bo‘lmoqda. Chunki advokat jinoyatning qachon qo‘zg‘atilganini bilmaydi. Qachon tergov tamom bo‘lishini bilmagandan keyin, tergovchi xohlagancha jinoyat ishi bo‘yicha tergovni cho‘zmoqda.
Agar biz bu masala yuzasidan prokurorga shikoyat yo‘llasak, afsuski, shikoyatlarimiz juda nozik nuqtaga to‘g‘ri kelyapti. Jismoniy va yuridik shaxslar murojaatlari to‘g‘risida qonun bo‘yicha bir shaxs ustidan shikoyat berilsa, shikoyat arizasi uning o‘ziga tushirilishi mumkin emas. Ammo ko‘plab murojaatlar aynan o‘sha shaxsga, tergovchiga berilmoqda.
Davronbek Ahmadov, advokat:
Advokatlarning muammolaridan biri shundaki, hozirgi kunda advokatlarning statusini tergovchi yoki prokuror bilan tenglashtirishga urinishlar olib borilmoqda, lekin ular hali teng emas. Tergovchi 3-6 oy shug‘ullanib, dalillar yig‘ib, tergov olib boradi. Advokat esa 15-20 kunda tergov qilgan materiallarga qarshi dalil yig‘ib, ularni sindirishi kerak. Qani tenglik? Chunki siz ulgurmaysiz.
Amrullo Ahmedov:
Fuqarolar: «Men advokat olaman, mening advokatimni chaqiring yoki uyimga telefon qiling, menga advokat jo‘nating, men birinchi advokat bilan gaplashib, o‘zim har bir gapimni gapirib, keyin sizlarga ko‘rsatma beraman», deydigan bo‘lsa, bularning ishi yurishmaydi. Mana shu joydan qonunbuzilish holatlari boshlanadi. Suhbat jarayoni bo‘layotganda uni videotasvirga olishyapti. Tergov idorasida yoki surishtiruv organi keyin himoya ostidagi shaxs «mana shunday degandi», deb aytyapti, vaholanki ular oddiy suhbat qurgan. Aynan o‘sha suhbat noqonuniy bo‘lishi mumkin, lekin shu suhbatni ular asos qilib olyapti. «Mana shunaqa dedi», deb o‘zining qonunni buzganini ko‘rsatib, «sizni himoya ostingizdagi shaxs mana shunaqa dedi, endi u ko‘rsatmasini o‘zgartiryapti», deb aytmoqda. Advokatlar ishga kirishda qonun qay darajada yuritilayotganini baholashadi. Biz shaxsning aybdorligini muhokama qilmaymiz, lekin unga nisbatan qo‘llanayotgan qonunlar to‘g‘ri ishlashi kerak.
Fuqarolar qandaydir idoraga borgandan keyin, “uchastkavoy” yoki surishtiruvchi chaqirganda yo‘qolib qolgan holatlarini ko‘ramiz. Dastlab bizga keladigan murojaatlar ham shunday: «Kecha akamni chaqirishdi yoki bugun chaqirishdi, lekin hali daraklari yo‘q, iltimos yordam bering». Aslida bu jinoyat protsessual kodeks talablarini qo‘pol ravishda buzib, odamlarni nohaq ayblash holatlari ham uchramoqda. Biz bularni hal qilish uchun kurash olib bormoqdamiz va bundan keyin ham davom etamiz.
Dilshodbek Kenjaboyev:
Muammolar qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilishda ham davom etmoqda. 2023 yildagi Davlat dasturida ayblov xulosasi bilan birga jinoyat ishlari himoyachi fikri bilan birga sudga yuboriladigan tartib ishlab chiqilsin, deyilgan. Ammo 2024 yil tugayapti, hali bu narsa ishlab chiqilgani yo‘q.
Fuqarolar qayerda ekanini bilmaymiz, o‘g‘lim yoki farzandim tergov organiga chaqirildi, uch-to‘rt kundan beri topolmayapman deb kelishmoqda. Ichki ishlar yoki tuman prokuraturasiga borsak hech kim sizni qabul qilmaydi. U odam qayerda ekanini bilmaymiz. Vaholanki, 2023 yil davlat dasturida bu narsa ham nazarda tutilgan edi. Ya’ni harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslarning elektron reyestri yuritilib, bu reyestrdan ma’lumot advokatlarga so‘rovga ko‘ra ham taqdim qilinsin, deyilgan. Bunda o‘sha shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritish orqali qayerda ekanini, qaysi tergov hibsxonasida ekanini bilish mumkin bo‘ladi.
Oddiy misol, o‘zimizning ish yurituvimizdagi jinoyat ishi bo‘yicha Sirdaryo viloyatida tergov harakatlari olib borilayotgan edi. Bir hafta oldin biz bordik, odam Sirdaryo viloyatida saqlanmoqda qamoqda. Lekin keyingi marta borsak, u Toshkent shahriga ko‘chirilgan. Uni topishimizda va qayerda ekanini bilishda o‘rtadan besh kun vaqt o‘tib ketdi. Besh kun davomida uning oila a’zolari, qarindosh-urug‘lari, biz o‘zimiz ham katta xavotirda bo‘ldik. U shaxs qanday holatda ekani va boshqa ma’lumotlar bo‘yicha. Lekin qonun bu narsaga bizga imkoniyat bermayapti, tergovchiga fuqaroning ko‘chirilishi haqida yoki boshqa ma’lumotlar bo‘yicha xabar berish majburiyatini ham yuklamagan. Biz borib, «nimaga bizga xabar bermading?» deb so‘rasak, «qonun bo‘yicha biz sizga xabar berishga majbur emasmiz», deyishadi. Vaholanki, ana shu narsani qonunga kiritish kerak.
Masalan, qamoqda saqlanayotgan shaxs bir tergov hibsxonasidan ikkinchi tergov hibsxonasiga ko‘chirilsa, bu haqda himoyachiga xabar berilishi kerak degan qoida mustahkamlanishi kerak. Aslida yo‘q, bu narsa jinoyatni yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida qonun bo‘yicha aytilgan: bir tergov hibsxonasidan ikkinchi tergov hibsxonasiga ko‘chirish tergovchi yoki prokurorning qarori, sudning ajrimi asosida amalga oshiriladi deyilgan. Biz o‘sha qarorni ham borib so‘rasak, «nima asosga ko‘chirdingiz, qani bering bizga» desak, yana o‘sha gap: «53-modda bo‘yicha biz dastlabki tergov tugagandan keyin sizga beramiz, uni tanishtirishga», deydi. Dastlabki tergov 3 oy ichida tugasa, biz uni shuncha muddat nima sababdan ko‘chirilganini ham bilmay o‘tiramiz. Afsuski, mana shunaqa muammolar ko‘p», — deydi advokat.
Davronbek Ahmadov:
Yana bir muammo: Xadicha Sulaymonova ilmiy-ekspertiza markazida yurisprudensiya sohasi bo‘yicha har xil xulosalar beradi. Lekin jinoyat ishi doirasida advokatda xulosalarni olish vakolati yo‘q. Jinoyat doirasida siz ololmaysiz xulosa deb rad javobini beradi. Tenglik yo‘q, tergovchi oladi, advokat ololmaydi.
Tergovdagi mavjud hujjatlarning hammasiga emas, bir qismiga advokatda "dostup" bo‘lishi kerak. U o‘zining himoya pozitsiyasini shakllantirish va strategiyani shakllantirib, o‘zining himoyasidagi shaxsni himoya qilishga tayyorgarlik ko‘rish uchun. Bu narsa yo‘q. Bundan tashqari, tergov organlari tomonidan advokatga nisbatan jinoyat qo‘zg‘atish tahdidi mavjudligi. Bu qonun bilan taqiqlangan. Advokat to‘g‘risidagi qonunda ham, advokat faoliyatida kafolatlar to‘g‘risida qonunda ham davlat kafolat bergan. Advokat o‘zi shug‘ullanayotgan ish bo‘yicha so‘roq qilinishi mumkin emas, deb yozilgan. Chunki u bu ish bo‘yicha hamma narsani biladi, uni himoyasidagi shaxs jinoyatchi ekanini ham biladi, qayerda nohaq, haqligini ham biladi. Endi bu holatni bilib turib, uni so‘roq qilinsa va so‘roq qilganda guvoh sifatida so‘roq qilinsa… Advokatni himoya qiladigan bitta narsa – advokatlik siri. O‘zi hech narsamiz yo‘q boshqa himoya qiladigan.
To‘liq suhbat bilan yuqoridagi video orqali tanishib chiqishingiz mumkin.