Pokistonda minglab namoyishchilar sobiq bosh vazir Imron Xonning ozod etilishini talab qilmoqda

Jahon 19:05 / 26.11.2024 3055

Pokiston poytaxti Islomobodda minglab odamlar sobiq bosh vazir Imron Xonni qamoqdan ozod etish talabi bilan namoyishga chiqdi, deb xabar berdi BBC.

Shahar markaziy maydoniga yo‘l olgan namoyishchilar va politsiya o‘rtasida to‘qnashuv yuz berdi. Xavfsizlik kuchlari olomonni tarqatish uchun namoyishchilarga qarshi ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va rezina o‘qlardan foydalandi.

Pokiston rasmiylariga ko‘ra, to‘qnashuvda namoyishni bostirishda qatnashgan to‘rt nafar askar halok bo‘lgan. Rasmiylar ularning o‘limida namoyishchilarni ayblamoqda.

Namoyishchilarga javoban rasmiylar asosiy ko‘chalar va yo‘llarni to‘sib, yuk tashish konteynerlaridan barrikadalar o‘rnatdi. Islomobodga mamlakatning barcha hududlaridan harbiylar va politsiya xodimlari safarbar etilgan. Shaharda Internet deyarli yo‘q, maktablarda darslar bekor qilingani ta’kidlanmoqda.

Avvalroq Pokiston hukumati har qanday yig‘ilishlar, jumladan, norozilik namoyishlari va mitinglar o‘tkazishni taqiqlagan edi.

Mamlakat Ichki ishlar vazirligi rahbarining aytishicha, namoyishchilarga Islomobod markazi o‘rniga miting o‘tkazish uchun boshqa joy taklif qilingan, biroq ular buni rad etgan.

Islomoboddagi norozilik qamoqdagi sobiq bosh vazir Imron Xonning chaqirig‘i bilan boshlandi. O‘tgan dam olish kunlari u o‘z tarafdorlariga murojaat qilib, ularni poytaxt ko‘chalariga chiqishga va talablari bajarilmagunicha ketmaslikka chaqirdi.

72 yoshli Imron Xon bir yildan ortiq vaqtdan beri qamoqda: u bir necha ayblovlar, jumladan, korrupsiya va davlat sirlarini oshkor qilish ayblovlari bilan sudlangan. Biroq Imron Xon o‘ziga qo‘yilgan barcha ayblovlarni siyosiy motivli, deb bilishini bir necha bor ta’kidlagan.

Imron Xon 2018 yilda Pokiston bosh vaziri bo‘ldi va korrupsiyaga qarshi kurashishga va mamlakatni iqtisodiy inqirozdan olib chiqishga va’da berdi. Keyin u mamlakatda sezilarli ta’sirga ega bo‘lgan harbiylar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Xon korrupsiyaga qarshi kurashni o‘z ichki siyosatining asosiy yo‘nalishi deb e’lon qildi.

2022 yil aprel oyida ishonchsizlik votumi oqibatida u hokimiyatdan chetlatildi. Tahlilchilarga ko‘ra, bu unga bosh vazirlik kursisini egallashga yordam bergan generallarning qo‘llovini yo‘qotgani uchun sodir bo‘lgan.

Hokimiyatdan chetlatilgach, Imron Xonga bir qancha ayblovlar qo‘yildi. U birinchi qamoq jazosini o‘tgan yilning avgust oyida oldi – sud uni korrupsiyada ayblab, uch yilga ozodlikdan mahrum qildi.

2024 yil yanvar oyida Imron Xon davlat sirlarini oshkor qilganlikda ayblanib yana 10 yil qamoq jazosini oldi. Bir kun o‘tgach, sud uni va rafiqasi Bushra Xonni korrupsiyada ayblab yana 14 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Sud qaroriga ko‘ra, Imron Xon 2018-2022 yillarda bosh vazir bo‘lgan vaqtida olingan sovg‘alarni noqonuniy sotish bilan shug‘ullangan. Prokurorlarning aytishicha, bir nechta shisha atir-upa, olmos taqinchoqlar, idish-tovoqlar va yettita qimmatbaho soat davlatga tegishli bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: