“Kamerani ko‘rib, bemorlarni tarqatib yuborishdi” – muxbirlar farg‘onalik tabib ko‘chasiga kiritilmadi

Jamiyat 17:50 / 23.11.2024 31197

Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahri Mingtut mahallasida yashovchi tabib Iqboljon Soliyevning uyiga muxbirlar borgani videolavhasi e’lon qilindi. Lavhadan ko‘rinishicha, “Sevimli” kanali muxbirlari tabib yashayotgan mahalla fuqarolar yig‘ini raisi G‘ayratjon Toshpo‘latov bilan uchrashib, Soliyevning faoliyati haqida ma’lumot olgan. Rais tabibning oldin qo‘shiqchi bo‘lgani, katta stadionlarda konsertlar berganini aytib, uning tabiblik faoliyati odamlarga foyda keltirishini qo‘shimcha qilgan. “Tabib bu yerda faoliyat ko‘rsatayotgan mahalla fuqarolar yig‘iniga manfaat keltirmas. Biroq yaqin orada yashovchilarga manfaat keltiryapti. Eng katta manfaat xalq manfaatidir. Mehmon uyi tashkil qilishgan. “Perashki” pishirishadi, mana, tushunyapsizmi, savdolar yuradi. Men shu tomoni bizga eng katta yutuq deb o‘ylayman”, – degan u muxbir bilan suhbatda.

Ma’lum bo‘lishicha, Iqboljon Soliyev faoliyat ko‘rsatadigan ko‘chaning boshlanishi panjara bilan to‘sib qo‘yilgan. Panjara yonida tabibning yaqinlari o‘tiradi. Ular bemordan qaysi kasallik bilan og‘rigani haqida ma’lumot so‘rashadi. Muxbirning aytishicha, tabibning yaqinlari ruxsatnomasi yo‘qligi uchun uni ko‘chaga kiritishmagan. Tabib esa bir soat oldin Toshkentga chaqirilgan va uyda emasligi aytilgan. Aholi esa tabib bemorlarni qabul qilyapti degan fikrda. Shuningdek, tabibning shaxsiy mashinasi ham uyi yonida bo‘lgan.

Lavhadan muxbir tabib huzuridan chiqqan 2 kishi bilan gaplashgani ko‘rinadi. Ular tabibdan hech qanday shifo topmagani haqida gapirgan. Ma’lum bo‘lishicha, tabibning ko‘rigi 100 ming so‘m.

O‘zbekiston xalq tabobati birlashmasi vakillari tabibga ruxsatnoma berilgani va uning faoliyati monitoring qilinishini aytgan bo‘lsa, O‘zbekiston tabobat akademiyasidagi mutaxassis Iqboljon Soliyevning faoliyatini oqlamagan. Ilgari ro‘yxatga olgan edik. Men gapirmaganlarni gapirtiraman, yurmaganlarni yurgizaman, dedi. Uni Toshkentga chaqirdim. Toshkentga chaqirib, gapirmay qolgan, insult bo‘lgan odamni gapirtir, dedim. U u yoqqa, bu yoqqa yurib, gapirtirolmadi, bor yo‘qol toshingni ter, dedim”, – degan muxbir bilan gaplashgan mas’ul.

Lavhadan ko‘rinishicha, muxbirlar borgach, ko‘chani to‘sib qo‘ygan panjaralar, kameralar olib tashlangan, navbat kutayotgan bemorlar tarqatib yuborilgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq xuddi shu tabibning uyiga tez yordam mashinasi belgilarini eslatuvchi avtomashina bemorni olib borgani videosi tarqalgandi. Respublika tez tibbiy yordam markazi mashina 103 xizmatiga tegishli emas, deb munosabat bildirgandi.

Oldinroq Kun.uz muxbiri qo‘qonlik tabib Iqbol Soliyevning bemorlarga qilayotgan “universal muolajasi” haqida surishtiruv e’lon qilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: