Farg‘onada sodir bo‘lgan YTHda voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi

Jamiyat 11:31 / 21.11.2024 9014

Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yo‘l-transport hodisasi oqibatida voyaga yetmagan qiz halok bo‘ldi. Haydovchiga nisbatan sud hukmi e’lon qilindi.

4 iyun kuni Qo‘qon-Toshkent yo‘nalishining 9-kilometrida Lacetti yo‘l harakati qoidalarini buzib, bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Damas`ning orqa qismiga borib urilgan.

Lacetti haydovchisi S. tanishi H. bilan birgalikda qaytayotgan bo‘lgan. Yarim yo‘lda mashina boshqaruvini H. olgan va avtomobilni soatiga 130 kilometr tezlikda haydab ketgan.

Buning oqibatida mashina fuqaro A. boshqaruvida bo‘lgan Damas avtomobilining orqa tomoniga zarb bilan urilgan. Oqibatda ikkala mashina haydovchilari va yo‘lovchilari, jami 4 kishi turli darajadagi tan jarohatlari olib, shifoxonaga yotqizilgan.

Ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramay Damas salonida bo‘lgan voyaga yetmagan qiz shifoxonada vafot etgan.

Holat yuzasidan o‘tkazilgan sud ishida ayblanuvchi H. aybiga qisman iqror bo‘lib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplay olmasligi to‘g‘risida ko‘rsatma bergan.

Sudda ayblanuvchi H. o‘z aybiga qisman iqror bo‘lib, jabrlanuvchilarga keltirilgan moddiy va ma’naviy zararni qoplay olmasligini aytgan. Sud jabrlanuvchilarga jami bo‘lib 113 million so‘m miqdorda zararni undirishni belgiladi.

Sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida ko‘zda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topilib, 3 yil avtomobil boshqarish huquqidan mahrum etildi va 6 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: