O‘zbekistonda yoshlarning giyohvandlik moddalariga ruju qo‘yishi va iste’moli bo‘yicha eng ko‘p holatlar qayd etilayotgan hudud Toshkent shahri bo‘lib turibdi. Bu haqda 15 noyabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan giyohvandlik va narkojinoyatlarga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha xalqaro tadbirdan so‘ng jurnalistlarga intervyu bergan Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Gazeta.uz.
Hozirda Toshkent shahrida rasmiy statistika bo‘yicha 18−30 yosh oralig‘idagi 473 ming nafar yigit-qiz bo‘lsa, ularning 6 ming nafari og‘ir toifadagi yoshlar hisoblanadi. Durdona Rahimovaning qayd etishicha, shu 6 ming kishining 373 nafari giyohvandlik vositalariga surunkali ravishda ruju qo‘ygan va psixotrop moddalarni iste’mol qiladi.
Durdona Rahimovaning so‘zlariga ko‘ra, Toshkentda o‘quvchilar orasida sintetik giyohvandlik vositalarini iste’mol qilish holatlari ham ko‘payib boryapti.
«Afsuski, psixotrop moddalarni iste’mol qilayotgan maktab o‘quvchilari ham bor, buni inkor qilib bo‘lmaydi. Bu muammoning ijtimoiy xavfini hisobga olib, uni aniqlashdan qochmaslik kerak, deb o‘ylayman. Shu maqsadda maktablarda turli reydlar o‘tkazilyapti, 10-, 11-sinf o‘quvchilari va ularning ota-onalari bilan profilaktik tadbirlar olib borilyapti. Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda talabalar o‘rtasida ham bunday holatlarni aniqlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan», — dedi u.
Hokim o‘rinbosarining ta’kidlashicha, yotoqxonalarda yashaydigan talabalarga nisbatan e’tiborni kuchaytirish, ularning kechki payt yotoqxonaga o‘z vaqtida kelishi va darsini qilishi ustidan doimiy nazoratni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha profilaktik tadbirlar ham olib borilyapti.
Avvalroq Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi rahbari Ravshan Mamatov Markaziy Osiyo mintaqasida, xususan, O‘zbekistonda yoshlar orasida «dorixona narkomaniyasi» tashvishlanarli darajada keng tarqalayotganini ta’kidlagan edi.