Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi bo‘lib o‘tyapti.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida kelgusi yillar uchun katta marralar belgilab olingan.
Xususan, mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmini 160 milliard dollarga yetkazish maqsad qilib qo‘yilgan.
Dastlab bunga ayrimlar shubha yoki ikkilanish bilan qaragan, lekin o‘z vaqtida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilgani, barcha imkoniyatlar ishga solingani tufayli bu yilning o‘zida yalpi ichki mahsulot hajmi 110 milliard dollarga yetishi kutilmoqda.
Yangi hukumat, barcha rahbarlar birgalikda qattiq ishlab, islohotlar shiddatini pasaytirmasdan, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotdagi o‘zgarishlarni jadal davom ettirsa, 2030 yilga borib, iqtisodiyot hajmini 200 milliard dollarga yetkazish mumkinligiga ishonch bildirildi.
Bu natijani ta’minlash orqali aholining turmush darajasi va sifatini keskin yaxshilashga erishiladi.
“Yana bir bor aytaman, bunday natijalarga erishish uchun kuch va imkoniyatimiz ham, salohiyatimiz ham yetadi!” - dedi prezident.