«O‘yindan qoniqdik. Uch ochkoni keltirganimizdan xursandman. Hamma borini berib o‘ynadi. Bir kun oldin gaplashgandik – taktika-paktikani yig‘ishtirib, hamma borini berib, yurakdan o‘ynasa, yutamiz deb kelishgandik. Ko‘rdinglar, hamma maydonda borini berdi», - deydi O‘tkir Yusupov.
Ma’lumot uchun, KXDRga qarshi Toshkentdagi o‘yinda ham darvozabon penaltini qaytarib jamoamizning g‘alabasiga hissa qo‘shgandi.
«O‘z ishimni qilyapman». Katanets qiyin sharoit, penalti, murabbiylar almashinuvi, guruhdagi vaziyat haqida gapirib, OFKga murojaat qildi
KXDR – O‘zbekiston (0:1) uchrashuvidan keyingi matbuot anjumanida bosh murabbiy Srechko Katanets OFKga o‘z e’tirozlarini bildirdi.
«O‘yin haqida gapiradigan bo‘lsak, birinchi bo‘limda yaxshi o‘ynadik, imkoniyatlarga ega bo‘ldik, raqiblarda esa vaziyat bo‘lmadi. Afsuski, ko‘plab imkoniyatlarimizdan foydalana olmadik. Ikkinchi bo‘lim boshida Bobur Abduxoliqov yaxshi imkoniyatni boy berdi. Bu gol bo‘lganda o‘yin yengil o‘tishi mumkin edi.
Albatta, jamoa himoyalanayotganda bunday holatlar bo‘lib turadi. Jarima maydoni ichida yo‘q joydan to‘p qo‘lga tegyapti va bu penaltiga sabab bo‘ldi. Lekin baxtimizga O‘tkir Yusupov penaltini qaytardi va biz kerakli natijaga erishdik.
Menimcha, 90 daqiqa bir xil yaxshi o‘ynaydigan jamoalar bo‘lmasa kerak. Yana bir narsani inobatga olish kerak – bugun qiyin sharoitlarda o‘ynadik. Birinchi navbatda bu – yuqori namlik, shuningdek O‘zbekiston va Laos orasidagi vaqtdagi farqni ham inobatga olish kerak. Qolaversa, Qatar bilan o‘yin oxiridagi gol jamoaning ruhiy holatiga ta’sir o‘tkazmay qolmadi. Shunga qaramay, ular o‘zlariga kelib olishdi.
Esdan chiqarmaylik, biz bir qator yetakchilarsiz o‘ynadik. Tan olishim kerak, ularning o‘rniga maydonga tushgan futbolchilar o‘zlarini juda yaxshi ko‘rsatishdi.
Shu o‘rinda OFKga murojaat qilmoqchi edim. Biz eng avvalo o‘yinchilarning sog‘lig‘ini o‘ylashimiz kerak. Bunday maydonda to‘p surish uchun ularning sog‘lig‘i uchun judayam xavfli. Bundan tashqari, mashg‘ulot maydonimiz ham bundan battaroq edi. Shuning uchun, futbolchilarning sog‘lig‘i haqida ko‘proq o‘ylashlarini so‘ragan bo‘lardim.
Men faqat o‘z ishimni qilyapman. Shu o‘rinda, yigitlarga ham rahmat deyman, meni qo‘llab-quvvatlashayotgani uchun. Avvalgi murabbiylar almashinuvlari haqida vaziyatdan xabardor emasman, qaror rahbariyatniki bo‘lgan. Hozirgi holatimizga keladigan bo‘lsam, holatimiz yaxshi. Biz mavjud 18 ochkodan 13tasini qo‘lga kiritdik. 6 o‘yin o‘tdi va bizni yana 4 bahs kutib turibdi va unda 12 ochko olishga intilamiz. Yigitlarga hozirdan aytib kelaman – kurash oxirigacha davom etadi. Yo‘llanmani ertaroq hal qilib qo‘yamiz degan xayol bo‘lmasligi kerak, oxirigacha kurashish lozim. Albatta, yo‘llanmani ertaroq qo‘lga kiritishni istaymiz, bu zo‘r bo‘lardi. Ammo oxirigacha kurashamiz. Bu oson bo‘lmaydi, agar asosiy tarkib o‘yinchilari o‘yinlarda qatnasha olmasa», - deydi Srechko Katanets o‘yindan keyin.