O‘zbekistonda ilk bor mahalliy kengashlar hokimlarni lavozimga tasdiqlashda ularning hududni rivojlantirishga oid dasturlarini ko‘rib chiqib, ma’qulladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi tarkibdagi Senatning ilk majlisida shu haqda so‘z yuritdi.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, deputatlar bu dasturlardagi vazifalar ijrosi bo‘yicha deputatlik va kengash nazoratini amalga oshirishda faol va tashabbuskor bo‘lishi kerak, xalq ulardan shuni kutmoqda.
2025 yildan yer, mol-mulk va aylanma soliqlarini to‘liq, daromad solig‘ining esa kamida 50 foizini tuman va shaharning o‘zida qoldirish rejalashtirilgan.
Natijada 2025 yilda tuman va shaharlar budjetlari daromadi 9,4 trln so‘mga yoki 47 foizga oshadi. Ya’ni mahalliy kengashlarning ushbu sohadagi roli ortadi.
Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, bu islohotlar tuman va shaharlar o‘z hududidagi muammolarni mustaqil hal etish imkoniyatini tubdan oshiradi. Bundan tashqari, kengashlardan yaratilayotgan imkoniyatlardan oqilona foydalanib, aholini qiynayotgan masalalar yechimi bo‘yicha asosli tashabbuslarni ilgari surishni ham taqozo etadi.
Senat esa bu yo‘nalishlarda mahalliy kengashlar faoliyatini tizimli tahlil qilib, ularga ko‘maklashib borishi zarur, dedi prezident.