Xitoylik ayol bir kunda oltita kosmetik operatsiyani boshdan o‘tkazgandan so‘ng shifoxonada vafot etdi. SCMP nashri ma’lumotlariga ko‘ra, uning oilasi klinikaga qarshi 168 000 dollarlik da’vo arizasi bilan murojaat qilgan, ammo ikki baravar kam pul olgan.
2020 yil 9 dekabrda Guansi provinsiyasidan Lyu ismli ayol oltita kosmetik muolajaga haq to‘lash uchun bankdan 5,6 ming dollardan ortiq kredit olib, Nannin shahridagi klinikaga kelgan.
O‘sha kunning o‘zida uning qovoqlari va burnini plastik operatsiya qilishgan, amaliyot besh soat davom etgan. Shundan so‘ng ayolning sonidan yog‘ so‘rib olish muolajasi o‘tkazilgan, ertasi kuni ertalab o‘sha yog‘ yuz va ko‘krak sohasiga yuborilgan. Bu amaliyot ham besh soat davom etgan.
11 dekabr kuni Lyu kasalxonadan chiqdi. Ammo liftga yetib borishi bilan hushidan ketdi. Klinikadagilar unga yordam bera olmaganidan so‘ng bemor boshqa shifoxonaga o‘tkazildi, u yerda keyinchalik uning vafoti e’lon qilindi.
Murdani yorib ko‘rish to‘g‘risidagi hisobotda ayol liposaksiyadan keyingi asoratlar tufayli o‘tkir nafas yetishmovchiligidan vafot etgani ko‘rsatilgan.
Lyuning sakkiz yashar qizi va to‘rt yashar o‘g‘li bor edi. Lyu oilasi klinikani sudga berib, 1,18 million yuan (168 ming dollar) tovon puli talab qildi.
“Klinika menga kompensatsiya sifatida 200 ming yuan taklif qildi. Men bir odamning o‘limi uchun kamida 1 million yuan to‘lash kerakligini aytdim”, — dedi uning eri. “Ularning taklifini rad etib, sudga murojaat qilishimizni bildirdim”.
2021 yil may oyida sud dastlab klinikani Lyuning o‘limi uchun to‘liq javobgar deb topdi va 1 million yuandan ortiq (140 ming dollar) miqdorida tovon puli to‘lashni belgiladi.
Biroq klinika apellyatsiya berdi. 2023 yilning avgustida sud klinikaning qisman javobgarligini tan olib, tovon pulini 590 ming yuangacha kamaytirishga qaror qildi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Lyuning o‘limiga uning shaxsiy jismoniy holati ham sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin va u xavf haqida bilgan. Ta’kidlanishicha, klinika muolaja o‘tkazish uchun zarur hujjatlarga ega bo‘lgan, olib tashlangan yog‘ miqdori esa tibbiy me’yorlarga mos kelgan.