Importga to‘siqlar davom etadi: cheklovlar navbati quyosh panellariga keldi. Boysunda gaz hidi nihoyat kamaygan, lekin mahalliy aholining hamon dardi ichida. O‘zbekiston Yevropaga elektr energiyasi sotadi: Qozog‘iston va Ozarboyjon bilan uch tomonlama bitim imzolandi. Ortda qolayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.
Avtomobil importiga notarif to‘siq: bunaqasi bo‘lmagan
Piskentdagi avtopoligonda yuzaga kelgan turnaqator navbatlar haftaning bosh mavzularidan biri bo‘ldi. Avval xabar berganimizdek, 1 noyabrdan boshlab import qilingan avtomobillar bojxonada emas, Toshkent viloyati Piskent tumanidagi poligonda sertifikatlash sinovlaridan o‘tkazilyapti. Ma’lum bo‘lishicha, bu yerda barpo etilgan sinov laboratoriyasining quvvati mavjud talabga javob bermaydi. Natijada import avtomobillarni sertifikatlash uchun olib kelganlar navbat kutib shu yerda tunab qolishiga ham to‘g‘ri kelmoqda.
Mas’ullarning Kun.uz muxbiriga aytishicha, bitta mashinani sinovdan o‘tkazishga 30-35 daqiqa vaqt ketadi. Bu degani, 24 soat ishlayotgan markaz kuniga 50 tagacha, yiliga esa 18 mingta avtomobilni sinovdan o‘tkaza oladi. Vaholanki, birgina o‘tgan yili 60 mingtadan ko‘proq import avtomobilga muvofiqlik sertifikati berilgan. Ya’ni laboratoriyaning quvvati mavjud talabdan 3,5 barobarga kam.
Aftidan, mas’ullar hammaga ko‘rinib turgan va tanqidlarga sabab bo‘layotgan bu navbatlarni ko‘zdan panadagi bojxona omborlariga ko‘chirishga qaror qilgan ko‘rinadi. 14 noyabr kuni yengil avtomobillarni muvofiqlik sertifikati olinmagani sababli shartli chiqarib yuborish cheklangani haqida xabarlar tarqaldi. Bu borada hozircha rasmiy izoh bo‘lmadi. Bu yerda gap haqiqatan ham navbatni shunchaki bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirish haqida ketayotgan bo‘lsa, unda bu bilan muammoni yechib bo‘lmasligi tayin, albatta. Eng yaxshi yechimni esa uzoq o‘ylashning hojati ham yo‘q: avvalboshdan muammoning o‘zi sun’iy yaratilganini tan olish kifoya.
Cheklov navbati – quyosh panellariga
Yil boshidan beri yangidan yangi notarif to‘siqlarga duchor qilingan import avtomobil, maishiy texnika, lift va eskalator kabi mahsulotlar qatorini quyosh panellari ham to‘ldiradigan bo‘ldi. 2025 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda BNEF Tier-1 xalqaro ro‘yxatiga kirmaydigan ishlab chiqaruvchilarning quyosh panellari, invertorlari va energiya saqlash tizimlarini import qilish taqiqlanadi. Bu – prezidentning 11 sentabrdagi farmonida ko‘zda tutilgan. Bu haqda xabar bergan Gazeta.uz'ning yozishicha, farmon jamoatchilik uchun ochiq e’lon qilinmagan.
Hujjatga ko‘ra, BNEF Tier-1 ro‘yxati Energetika vazirligi va Bojxona qo‘mitasining rasmiy veb-saytlarida muntazam e’lon qilib borilishi va har oyda yangilab turilishi kerak. Ro‘yxatni Bloomberg agentligining tegishli bo‘linmasi tuzadi va mualliflar uni har chorakda yangilab boradi. Kompaniyalar doimiy ravishda ro‘yxatga kiritiladi va undan chiqariladi. Shu sababli panel importchilarini o‘zgaruvchan shart-sharoitlar, iste’molchilarni esa risklar oshgani sababli narxlarning oshishi ehtimoli kutmoqda.
Shunisi e’tiborliki, u yoki bu kompaniyaning BNEF ro‘yxatiga kiritilgani u ishlab chiqargan quyosh panellarining sifatini o‘zida aks ettirmaydi. Ro‘yxatdan asosiy maqsad – ishlab chiqaruvchining moliyaviy barqarorligini tasdiqlash. Bu esa importga kiritilgan yangi cheklovning ma’no-mantig‘ini savol ostiga qo‘yadi.
Iqtisodchi Otabek Bakirov quyosh panellari importini cheklashga qaror qilinganini bu bozorda yangi mahalliy ishlab chiqaruvchilar paydo bo‘lgani bilan bog‘lamoqda. Chunki bungacha u yoki bu turdagi mahsulotni ishlab chiqaruvchi zavod ochilishi bilan, o‘sha mahsulot importiga cheklov kiritish holatlari ko‘p kuzatilgan. Joriy yilda esa Qoraqalpog‘istonda “Nukus elektroapparat”, Yangiyo‘l tumanida Enter Green Solar nomli quyosh panellari ishlab chiqaruvchi korxonalar ish boshladi. Nukusdagi korxonaning asosiy ta’sischisi Shveytsariyada ro‘yxatdan o‘tkazilgan, Yangiyo‘ldagi zavod esa Enter Engineering'ga aloqador.
Milliardlab dollarlik davlat buyurtmalarini tendersiz olib keladigan Enter Engineering bu hafta boshqa bir masalada ham jamoatchilik diqqat markaziga tushdi. Ma’lum bo‘lishicha, korxona xodimlari bir necha oydan beri oylik olmasdan ishlayapti. Kun.uz'ga murojaat qilgan xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, ularga may, iyun, iyul oylari uchun maoshlarning bir qismi berilgan, avgust, sentabr, oktyabr oyliklari esa haligacha to‘lanmagan. Bunday muammo Enter Engineering'ga aloqador Saneg kompaniyasi tizimida ham bor. Saneg'ga qarashli Samarqand xalqaro texnologiyalar universitetiga chet eldan olib kelingan professor-o‘qituvchilarga ham bir necha oydan beri maosh berilmagani aytilmoqda.
Mehnat kodeksiga binoan, xodimlarga ish haqini to‘lash muddati yarim oyda bir martadan kam bo‘lmasligi kerak. Enter Engineering'da esa maoshlar kechikishi odatiy holga aylanib qolgan bo‘lsa ham, shu paytgacha na mehnat inspeksiyasi, na kasaba uyushmalari, na huquqni muhofaza qiluvchi organlar biror bir chora ko‘rgani haqida ma’lumot mavjud emas.
O‘zbekiston Yevropaning svetini yoqadi
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarboyjon birgalikda Yevropaga elektr energiyasi yetkazib berishga kelishib oldi. Uchta davlat rahbarlari 13 noyabr kuni Bokuda “yashil” energiyani rivojlantirish va uzatish sohasida strategik sheriklik to‘g‘risida bitim imzoladi. Unga ko‘ra, respublikalarning elektr energetika tizimlari o‘zaro bog‘lanib, shamol va quyosh stansiyalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi Yevropaga eksport qilinadi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2030 yilga borib 10–15 milliard kWh elektr energiyasini xorijga eksport qila oladi. Markaziy Osiyodan Yevropaga “yashil energetika yo‘lagi”ni barpo etish loyihasi qiymati 2 mlrd dollardan ortiqqa baholanyapti. Bunda, Kaspiy dengizi tubi bo‘ylab yuqori voltli kabel yotqizilishi kutilmoqda. Bu borada texnik shartlar loyihasi ishlab chiqilgan. Yevropaga sotiladigan elektr energiyasining narxini bozor belgilashi, lekin har bir kilovatt uchun narx kamida 4–5 sent bo‘lishi aytilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev Bokuda BMTning iqlim konferensiyasi doirasidagi tadbirlarda ham ishtirok etdi. O‘zbekiston prezidenti konferensiyadagi nutqida qator takliflarni ilgari surdi, xususan BMT miqyosida Daryo ekotizimlarining butunligi deklaratsiyasini tuzishga chaqirdi. Konferensiya kunlarida, shuningdek, O‘zbekiston Energetika vazirligi va BAAning Masdar kompaniyasi o‘rtasida yana bir shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha shartnoma imzolandi. Navoiy viloyati Uchquduq tumanida barpo etiladigan 1000 megavattli shamol stansiyasida yiliga 3,5 mlrd kWh elektr energiyasi ishlab chiqariladi.
Poraxo‘rlik jinoyatlari
Farg‘onada korrupsiyaga qarshi kurashuvchi mansabdorning o‘zi korrupsiya bilan qo‘lga tushdi. Farg‘ona viloyati hududiy elektr tarmoqlari korxonasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens nazorat bo‘limi boshlig‘i ming dollar bilan ushlandi. Ma’lum qilinishicha, u viloyatdagi tumanlardan birining elektr tarmoqlari bosh muhandisidan yo‘l qo‘ygan kamchiliklari uchun ishdan bo‘shatilmasligi evaziga shuncha pul olgan. Jinoyatga viloyat elektr tarmoqlari korxonasining xodimlar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i ham aloqadorligi aytilmoqda.
Namanganda esa kadastr bo‘limi mansabdori to‘yona ko‘rinida pora olgani ma’lum bo‘ldi. Kadastr agentligining To‘raqo‘rg‘on tuman bo‘limi boshlig‘i Jobir Mahmudov yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallab olgan fuqarodan jarima qo‘llamaslik uchun xodimining to‘yiga to‘yona berishni talab qilgan va 300 dollarlik “to‘yona”ni olgan vaqtida ushlangan. Sudda aybiga qisman iqrorligini bildirgan amaldor 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.
Pora bilan bog‘liq korrupsion jinoyatlar haqida Samarqand viloyatidan ham xabarlar bor. DXX xabariga ko‘ra, Samarqand shahar mudofaa ishlari bo‘limi mansabdori soxta harbiy guvohnoma rasmiylashtirib berish evaziga 600 dollar olganida qo‘lga tushgan. Kattaqo‘rg‘onda esa tuman soliq inspektori soliq qarzini elektron bazadan o‘chirib berish evaziga 6 mln so‘m olganida ushlangan. Shuningdek, Paxtachi tumanida Milliy gvardiya xodimi 600 dollar, Kadastrlar palatasi Narpay tuman filiali muhandisi 700 dollar olgan vaqtida qo‘lga tushgan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining eslatishicha, dekabr oyidan boshlab “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun kuchga kiradi. Shu munosabat bilan tuzilgan respublika komissiyasi kuni kecha mazkur qonun tatbiq etiladigan tashkilotlar ro‘yxatini tasdiqladi. Ro‘yxatga deryali barcha davlat organlari va yirik davlat korxonalari kiritilgan. “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonunning kuchga kirishi bilan, qarindosh-urug‘chilikka qarshi kurashish bo‘yicha huquqiy asoslar mustahkamlanadi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
Boysunda badbo‘y gaz hidi tarqalishi sezilarli kamaydi. Bunga 9 noyabr kuni M25 konida ro‘y bergan yana bir portlash sababligi aytilyapti. Shu kuni internetda kondagi yong‘in videolari tarqaldi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, portlash va yong‘indan keyin atrofda badbo‘y gaz hidi ancha kamaygan. Lekin hamon boysunliklarning dardi ichida: qishloqlardan yotoqxona va kollejlarga ko‘chirilgan mahalliy aholini sovuq qish arafasida sarson-sargardonlik va mavhumlik qiynayapti. Rasmiylar va pudratchi kompaniya esa hech bir izohsiz, sukut saqlashda davom etmoqda.
O‘zbekiston falastinlik bolalar va ayollarni o‘z shifoxonalarida beg‘araz davolashga tayyor. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev musulmonlar davlatlarining Ar-Riyodda o‘tgan navbatdan tashqari sammitida aytib o‘tdi. Mirziyoyev yana bir bor Yaqin Sharqdagi mojaroni tinchlik va diplomatiya yo‘li bilan hal qilishga chaqirib, xalqaro huquq poymol bo‘layotganini qoraladi. “Falastin xalqi 1967 yilgi chegaralar asosida mustaqil davlat tuzish huquqiga ega”, dedi O‘zbekiston prezidenti.
Prezident bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi. Bu bilan bolaga nisbatan jismoniy, jinsiy va ruhiy zo‘ravonlikdan tashqari, g‘amxo‘rlik ko‘rsatmaslik, ekspluatatsiya va bulling kabi zo‘ravonlik turlari ham qonunchilikka kiritilmoqda. Shuningdek, ichki ishlar organlari endilikda bolalarga ham himoya orderlari bera boshlaydi. Ijtimoiy himoya agentligi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish sohasidagi vakolatli davlat organi deb belgilandi.
1 dekabrdan boshlab, ichimlik va oqova suv uchun to‘lovlar faqat elektron shaklda qabul qilinadi. Nazoratchi va suv ta’minoti xodimlariga to‘lovni naqd pul ko‘rinishida amalga oshirish to‘xtatiladi. “O‘zsuvta’minot” xabariga ko‘ra, bu bilan sohada shaffoflikni ta’minlash va korrupsion holatlarga barham berish maqsad qilingan. Qayd etilishicha, oxirgi paytlarda sohada to‘lovni naqd pul shaklida amalga oshirish bilan bog‘liq bir qancha qonunbuzilish holatlari kuzatilgan.
Mahalliy qatnovdagi vagonlarda yuk tashish tariflari oshirilmoqda. “O‘zbekiston temiryo‘llari”ning ma’lum qilishicha, 1 dekabrdan boshlab mahalliy yuk tashuvlari tariflarining vagon qismi 30 foizga, jami tariflar esa o‘rtacha 8-10 foizga oshiriladi. Bu oshayotgan xarajatlarni qisman qoplash va yuk vagon parkini yangilash maqsadi bilan izohlangan. Eslatib o‘tamiz, joriy yildan boshlab yuk vagonlari va konteynerlarni taqdim etish hamda tezyurar poyezdlarda yo‘lovchi tashish tariflarini davlat tomonidan tartibga solish to‘xtatilgan.