Tramp jamoasini shakllantirmoqda. So‘nggi tayinlovlardan uning ikkinchi muddati qanday bo‘lishini bilish mumkinmi?

Jahon 12:08 1410

Saylangan prezident allaqachon o‘ndan ortiq tayinlovlarni amalga oshirib bo‘ldi va bu Oq uy hamda hukumatning muhim idoralari shtatini shakllantirish bo‘yicha dastlabki qadamdir. Tramp ommaviy axborot vositalari hamda o‘zining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida bildirgan bayonotlarida yanvar oyida lavozimga kirishganidan keyingi ustuvor yo‘nalishlarini belgilab, immigratsiya va tashqi siyosatga urg‘u qaratgan.

Birinchi muddatidagi xaotik boshlanishdan farqli o‘laroq, Tramp bu safar aniqroq reja hamda uni amalga oshirishga tayyor bo‘lgan odamlar bilan keyingi ma’muriyati uchun poydevor qo‘ymoqda.

BBC sharhlovchisi Entoni Zurker hozirgacha nimalar ma’lumligi haqida fikr yuritdi.

Immigratsiya bo‘yicha qattiqqo‘l jamoa

Trampaning so‘nggi tayinlovlaridan ayrimlari saylangan prezidentning saylovdan oldin AQShda yashovchi millionlab noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish haqida aytgan so‘zlari mubolag‘a emasligini ko‘rsatmoqda.

2015 yildan buyon Trampning yaqin maslahatchisi hamda spichrayteri hisoblanadigan Stiven Miller Oq uy ma’muriyati rahbarining siyosiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari sifatida tanlandi. U, katta ehtimol bilan, ommaviy deportatsiya bo‘yicha rejalarni tuzadi hamda noqonuniy immigratsiyani ham, qonuniy immigratsiyani ham qisqartirish bilan shug‘llanadi. Trampning oldingi prezidentligi davrida Miller ma’muriyatning eng qat’iy migratsiya siyoatini ishlab chiqishda ishtirok etgandi.

Trampning birinchi muddatida Immigratsiya va bojxona nazorati agentligi direktori vazifasini bajargan Tom Homan prezidentning AQSh va Meksika chegarasida qo‘lga olingan muhojir oilalarni ajratish to‘g‘risidagi siyosatini (bolalar ota-onalaridan tortib olingan va maxsus izolyatorlarga yuborilgan – tahr.) qo‘llab-quvvatlagan. Endi u ham ishga qaytdi va Trampning «chegara hukmdori» sifatida yanada kengroq vakolatlarga ega bo‘ladi.

«Men bu mamlakat tarixidagi eng keng ko‘lamli deportatsiyaga rahbarlik qilaman», — degan Homan konservatorlarning iyul oyidagi konferensiyasida.

Tanqidchilar Trampning ommaviy deportatsiyasi 300 milliard dollardan ortiqqa tushishi muminligidan ogohlantirgan. Ammo o‘tgan haftada NBC News uchun bergan intervyusida saylangan prezident xarajat muammo bo‘lmasligini aytdi.

«Qotillik qilgan odamlar, o‘z mamlakatini vayron qilgan narkobaronlar endi o‘sha yerlarga qaytishadi, chunki bu yerda qolishmaydi. Va buning narxi yo‘q», — degan u.

Qirg‘iylar parozi

Ko‘plab konservativ siyosatchilar Xitoyni AQShning iqtisodiy va harbiy jihatdan global hukmronligi uchun asosiy va yagona tahdid deb biladi. Trampning o‘zi bu masalaga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashib, Xitoyga hujumlarining asosiy qismini savdo sohasida uyushtirgan bo‘lsa-da, u o‘z tashqi siyosat jamoasini Xitoyning ashaddiy tanqidchilaridan tuzmoqda.

Saylangan prezident floridalik kongressmen, iste’fodagi polkovnik Maykl Uoltsni o‘zining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi uchun tanladi — bu Oq uyda tashqi siyosat sohasidagi muhim lavozimdir. Uolts AQSh Xitoy bilan sovuq urush holatida ekanini aytgan va AQShni Pekindagi 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarini boykot qilishga chaqirgan birinchi kongressmenlardan biri bo‘lgandi.

Tramp tomonidan AQShning BMTdagi doimiy vakili sifatida tanlangan kongressvuman Eliz Stefanik oktyabr oyida Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan hakerlar sobiq prezidentning telefonidagi ma’lumotlarni yuklab olishga harakat qilayotgani haqidagi xabarlar fonida ushbu mamlakatni «saylovga ochiqchasiga va g‘arazli maqsadda aralashish»da aybladi.

Tramp hali davlat kotibi lavozimi uchun nomzodini rasman e’lon qilmagan bo‘lsa-da, Xitoy masalasidagi yana bir yana bir «qirg‘iy» sanalgan floridalik senator Marko Rubio — ushbu eng yuqori diplomatik lavozim uchun asosiy da’vogar. 2020 yilda Rubio Hongkongdagi demokratiya tarafdorlari namoyishlari bostirilgani uchun Xitoyni jazolashni taklif qilgani ortidan Pekindagi hukumat tomonidan sanksiyalarga yo‘liqqandi.

Trampning oldingi prezidentligi davrida AQSh va Xitoy munosabatlari savdo bo‘yicha kelishmovchiliklar hamda koronavirus pandemiyasi tufayli tez-tez yomonlashib turardi. Jo Bayden ma’muriyati Tramp tomonidan Xitoyga nisbatan joriy etilgan bojlarning ko‘pchiligini saqlab qolgani, shuningdek, ayrim yangilarini joriy etgani esa tabiiyki vaziyatni yumshatmadi.

Aftidan, Trampning yangi ma’muriyati uning birinchi muddati so‘nggida to‘xtagan joyidan davom etadi.

Maskning yangi roli

Trampning siyosiy tayinlovlari ro‘yxati kengaygani sari yana bir guruh hosil bo‘lmoqda — katta emas, ammo nihoyatda katta ta’sirga ega.

Dunyodagi eng badavlat odam bo‘lgan Ilon Mask doimo Trampning Mar-a-Lagodagi qarorgohida (bu yer o‘tish davri hukumati shtab-kvartirasiga aylantirilgan) bo‘lib turibdi. OAVdagi xabarlarga ko‘ra, u saylangan prezidentga vazirlik lavozimiga nomzodlar borasida maslahatlar bermoqda va hatto Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan o‘tgan haftada o‘tkazilgan telefon muloqotiga ham qo‘shilgan.

Seshanba kuni kechqurun Tramp Maskka texnologiyalar sohasidagi tadbirkor, respublikachilar praymerizida prezidentlikka nomzod sifatida kurashgan Vivek Ramasvami bilan Hukumat samaradorligi departamentida (DOGE) hamkorlikda ishlashni topshirganini ma’lum qildi. Ushbu juftlikka budjetdagi yangi qisqartirishlar amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan sohalarni aniqlash topshirilgan.

Mask o‘ziga tegishli bo‘lgan X media platformasi orqali muntazam ravishda o‘zining siyosiy qarashlarini bildirib kelgan. Xususan, u floridalik senator Rik Skottning Senatdagi ko‘pchilik rahbari bo‘lishga intilishlarini qo‘llab-quvvatlagan.

Mask tomonidan tuzilgan siyosiy harakatlar qo‘mitasi Trampning prezidentlik kampaniyasiga 200 million dollar atrofida mablag‘ sarfladi va milliarder yangi prezidentning kun tartibini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki yildan keyin Kongress uchun o‘tkaziladigan oraliq saylovlarda Respublikachilar partiyasi nomzodlariga yordam ko‘rsatish uchun qo‘mita faoliyatini moliyalashtirishni davom ettirishga va’da bergan.

Bu vaqtda esa yana bir muhim figura — kichik Robert Kennedi qanday lavozim olishi hozircha noma’lum.

Tramp saylovda mustaqil nomzod sifatida ishtirok etishdan voz kechib, respublikachilar nomzodini qo‘llashga qaror qilgan sobiq demokrat va antivakserga sog‘liqni saqlash tizimidan ish topib berishni mo‘ljallagan, u tizimda «Amerikani yana sog‘lom qilamiz» shiori ostida harakat qiladi.

«U nimadir qilishni istaydi va biz unga buning uchun imkon beramiz», — degandi Tramp saylovlardagi g‘alabasini e’lon qilgan nutqida.

Prezident hokimiyati Kongressga zarar yetkazish hisobiga mustahkamlanadimi?

Tramp lavozimiga kirishgan chog‘da, respublikachilar Senatda ham, Vakillar palatasida ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Ammo saylangan prezidentning dastlabki qadamlari u qonunchilar bilan ishlashdan ko‘ra o‘zining prezidentlik hokimiyatini kuchaytirishga e’tibor qaratganini ko‘rsatadi.

O‘tgan haftada u ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida Senatdagi respublikachilar rahbariyati kelgusida prezidentlik tayinlovlari moneliksiz amalga oshirilishga zamin hozirlashi lozimligini aytdi, bu unga Kongress majlisini o‘tkazmasdan, Senat roziligisiz ham yuqori darajadagi ma’muriy lavozimlarni taqsimlashga imkon beradi.

Bu qadam Kapitoliy tepaligidagilarning siyosiy tayinlovlarni muhokama qilish va nomzodlarni ma’qullashdagi konstitutsiyaviy roliga putur yetkazib, prezidentlik hokimiyatini mustahkamlaydi.

Ma’muriy lavozimlarga o‘tayotgan senatorlar o‘zlari mansub bo‘lgan shtatlardagi gubernator lavozimiga yangi nomzodni tayinlash orqali tezda almashtirilishi mumkin. Ammo Vakillar palatasidagi har qanday vakansiya – masalan, Stefanik (BMTdagi doimiy vakillikka) va Uolts (prezidentning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga nomzod) ketishi natijasida yuzaga keladi – maxsus saylovlarni talab qiladi, ularni rejalashtirish uchun esa oylar ketishi mumkin.

Trampning ayrim maslahatchilari, jumladan Mask, agar ikki partiyadan ham keragidan ortiq respublikachilar ma’muriy tayinlovlar uchun olib ketilsa, u o‘z qonunchilik dasturini xavf ostida qoldirishi mumkinligidan ogohlantirgan.

Kongressda hatto eng yaxshi sharoitlarda ham qonunlarni qabul qilish vaqt, kuch va murosani talab qiladi. Yangi immigratsiya nazorati choralarini joriy etish kabi ijro hujjatlari esa prezident ruchkasini bir qimirlatishi orqali joriy etilishi mumkin.

Trampning so‘nggi harakatlari shuni ko‘rsatmoqdaki, u hech bo‘lmaganda hozirgi pallada ikkinchi holatga ko‘proq e’tibor qaratmoqda.

Sadoqat uchun mukofot

Tramp yangi prezidentlik ma’muriyati kelishi bilan yaratiladigan minglab vakansiyalarni to‘ldirishni endigina boshladi, u yuqori martabali byurokratlarni ham almashtirishni niyat qilgan.

2016 yilda, u hali siyosatda yangiligida muhim pozitsiyalar uchun Amerika isteblishmentidagi respublikachilarga ko‘proq tayanishiga to‘g‘ri kelgandi. Bu safar uning ixtiyorida unga o‘z sodiqligini isbotlagan ko‘plab salohiyatli nomzodlar mavjud. Bundan tashqari, o‘tgan sakkiz yil davomida isteblishmentdagi respublikachilarning ham ko‘pchiligi uning sodiq tarafdorlariga aylanishdi.

Seshanba kuni Tramp Janubiy Dakota gubernatori Kristi Noem ichki xavfsizlik vaziri, Fox News teleboshlovchisi hamda konservativ muallif Pit Hegset — mudofaa vaziri bo‘lishini e’lon qildi. Ularning ikkisi ham doimo Trampning yorqin tarafdorlari bo‘lishgan.

Rubio va Stefanik kabilar prezidentlik kampaniyasi boshida Trampni tanqid qilishgan, ammo keyin bir necha yilni o‘zining bunday so‘zlari o‘tmishda qolganini namoyish etishga sarflashgan.

Amm 2016 yilda partiya praymerizida prezidentlikka nomzod bo‘lish uchun Tramp bilan kurashgan Marko Rubioda hali ham Oq uy egasi bo‘lish ambitsiyalari bo‘lishi mumkin. Tramp oldingi prezidentligida tez-tez o‘zidan ko‘ra ko‘proq jamoatchilik e’tibori markazida turibdi deb hisoblagan odamlaridan g‘azablanar va eng iliq munosabatlar ham buzilardi.

Dastlabki tayinlovlariga qaraganda, Tramp sodiqlikni birinchi o‘ringa qo‘yayotgan bo‘lishi mumkin, ammo faqatgina mamlakatni boshqarish bosimiga qanchalik dosh bera olish qobiliyati uning ikkinchi muddati oldingisidan farq qilishi yoki qilmasligini chinakamiga ko‘rsatib beradi.

Ko‘proq yangiliklar: