Muxolifatdagi Xristian-demokratik ittifoqdan (XDI) Germaniya kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers Germaniya siyosatini tubdan o‘zgartirish zarur deb hisoblaydi. Mers 13 noyabr, chorshanba kuni Germaniya kansleri Olaf Sholsning hukumatga bayonoti muhokamasi chog‘ida «Germaniya, ayniqsa, migratsiya, tashqi, iqtisodiy va xavfsizlik siyosati sohalarida tubdan boshqacha yo‘nalishga muhtoj», dedi.
Xristian-demokratlar partiyasi raisi mamlakatning yomon iqtisodiy ko‘rsatkichlariga to‘xtalar ekan, nemis iqtisodiyotining jahon miqyosida raqobatbardoshligini tiklash uchun endi hamma narsani qilish kerakligini ta’kidladi. Bundan tashqari, uning ta’kidlashicha, energetika siyosati va «ortiqcha byurokratiya» muammolarini tez va chuqur hal qilish kerak.
XDI rahbari, shuningdek, Berlinning migratsiya siyosatini kuchaytirishga chaqirdi: Germaniyaga noqonuniy migratsiyaning yuqori o‘sishini to‘xtatish, ayrim hollarda oilalarni birlashtirishni to‘xtatish va qochqinlar hamda muhojirlarni Germaniya chegaralarida ortga qaytarish.
«Siz endi hech qanday shart qo‘ya olmaysiz», dedi u Olaf Sholsga qarata. U sotsial-demokratlar va «yashillar» hukumati endi Bundestagda ko‘pchilikka ega emasligini ta’kidlab: «Biz sizning qulagan hukumatingiz uchun zaxira o‘yinchisi emasmiz», dedi.
Shu bilan birga, Fridrix Mers XDI/XSI konservativ fraksiyasi Federal konstitutsiyaviy sudni kuchaytirishga qaratilgan Asosiy qonunga o‘zgartirish kiritishni qo‘llab-quvvatlashiga va’da berdi.