Ukraina Tashqi ishlar vazirligi Britaniyaning The Times gazetasida «Kiyev tezkorlik bilan 1945 yilda Nagasakiga tashlangan bomba kabi oddiy qurolni yaratishi mumkin», deyilgan maqolaga izoh berdi.
«Ukraina Yadro qurolini tarqatmaslik to‘g‘risidagi shartnomaga rioya qiladi; biz bunday qurolga ega emasmiz, unga tushunmaymiz va yaratish niyatimiz yo‘q. Ukraina MAGATE bilan yaqindan hamkorlik qiladi va uning monitoringi uchun mutlaqo shaffofdir, bu esa harbiy maqsadlarda yadroviy materiallardan foydalanishni istisno etadi», — dedi TIV vakili Georgiy Tixiy.
The Times gazetasi 13 noyabr kuni Ukraina Mudofaa vazirligi uchun tayyorlangan hisobot haqida yozgandi. Unda «agar Donald Tramp AQSh harbiy yordamini rad etsa, Kiyev bir necha oy ichida oddiy atom bomba yaratishi mumkinligi» qayd etilgan. Hisobotni Ukrainadagi nufuzli harbiy tahlil markazi hisoblanuvchi Armiya, konversiya va qurolsizlanishni o‘rganish markazi tayyorlagan.
Gazeta iqtibos keltirgan hujjatda ta’kidlanishicha, Ukraina tezkorlik bilan AQSh tomonidan 1945 yilda Nagasakiga tashlangan «Baqaloq» bombasi texnologiyasi bo‘yicha plutoniydan bomba yaratishi mumkin. «Qo‘shma Shtatlar Manxetten loyihasi doirasida amalga oshirganidek, 80 yildan keyin oddiy atom bombasini yaratish qiyin ish bo‘lmaydi», — deyiladi hisobotda.
Qurolsizlanish masalalari bo‘yicha mutaxassis Pavel Podvig The Times maqolasini «mutlaq telbalik» deb atadi. «Aftidan, Ukrainada yetti tonna plutoniy borligi va undan «yuzlab turdagi qurollar»ni yaratishi mumkinligi inobatga olingan ko‘rinadi. Ammo plutoniyning barchasi yoqilg‘i ko‘rinishida. Uni ajratib olish uchun qayta ishlovchi zavod kerak, Ukrainada bo‘lsa, u yo‘q», — deydi Podvig.