SMTI va Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro jamg‘armasi o‘zaro anglashuv memorandumini imzoladi

O‘zbekiston 16:37 / 14.11.2024 833

2024 yil 12 noyabr kuni O‘zbekiston delegatsiyasining Shveytsariyaga tashrifi doirasida O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) va Global hamkorlik va barqarorlik xalqaro jamg‘armasi (GCERF) o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hujjatni SMTI direktori Eldor Aripov va GCERF ijrochi direktori Xolid Kozer imzoladi.

GCERF shtab-kvartirasi Jyenevada joylashgan yetakchi xalqaro tashkilot bo‘lib, 2014 yildan buyon 23 mamlakatda terrorizmga qarshi kurash va repatriantlarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirib kelmoqda. Jamg‘armaning ushbu loyihalarga yo‘naltirilgan jami sarmoyasi 200 million dollardan oshadi.

Imzolangan Memorandum ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, repatriatsiya qilingan fuqarolarga ularning reabilitatsiyasi va reintegratsiyasiga ko‘maklashish sohasida qo‘shma hamkorlik dasturlarini amalga oshirish uchun huquqiy asos yaratadi.

GCERF O‘zbekiston prezidenti tashabbusi bilan tuzilgan Reabilitatsiya va reintegratsiya bo‘yicha mintaqaviy ekspert kengashi faoliyatiga katta qiziqish bildirdi. Shuningdek, repatriantlar bilan ishlashga jalb etilgan psixologlar, ijtimoiy xodimlar, mahalla vakillarining malakasini oshirish bo‘yicha Kengash doirasida maxsus treninglar tashkil etish, shuningdek, repatriantlarning bandlik imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy integratsiyalashuv dasturlarini ishlab chiqishga qiziqish bildirildi.

Terrorizm va ekstremizmning onlayn targ‘ibotiga qarshi kurashish, yoshlarda tanqidiy fikrlashni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

GCERF tashkil etish tashabbusi AQSh Davlat kotibi Jon Kerri, Turkiya tashqi ishlar vaziri Ahmet Dovuto‘g‘li va Shveytsariya kansleri Didyye Burkxalter tomonidan 2013 yilda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan Global aksilterrorchilik forumida ilgari surilgan. GCERF Direktorlar kengashi tarkibiga 20 dan ortiq mamlakatlar, jumladan, Yevropa Ittifoqi, Afrika, Osiyo, AQSh, Qatar va Avstraliya vakillari kiradi.

Ko‘proq yangiliklar: