Rossiyadan Venesuelagacha: tabiiy boyliklar bo‘yicha eng boy davlatlar

Jahon 15:45 / 14.11.2024 17401

Insoniyat azaldan yerdan, turli foydali qazilmalardan foydalanib keladi. Biroq bu jarayon 20-asrga kelib nihoyatda ommalashdi.

Masalan, insoniyat antik davrda 19 turdagi elementdan foydalangan bo‘lsa, 18-asrda 28, 19-asrda 50 va 20-asrda 60 turdagi turli elementni ishlata boshlagan.

20-asrda insoniyat turli qazilma boyliklarni juda tez suratlar bilan qazib olishga o‘tdi. Ko‘p o‘tmay dengiz va okeanlar ostidagi konlar ham o‘zlashtirila boshlandi.

Agar tarixiga qaralsa, turli davrlarda turli qazilma boyliklarni qazib olish turlicha kechganini ko‘rish mumkin. Masalan, 1850-1930 yillarda ko‘mir, 1940-2000 yillarda neft, 2010 yildan boshlab eng ko‘p tabiiy gaz qazib olinmoqda.

Shuningdek, ayrim qazilma boyliklarni qazib olish kamayib kelgan. Masalan, torf qazib olish 1940 yildan buyon muttasil qisqarib kelmoqda.

Qazilma boyliklar orasida qayta ishlasa bo‘ladiganlari ham bor. Masalan, metallarning aksariyatini qayta ishlasa bo‘ladi. Shu sababli har yili Yer yuzida juda ko‘p miqdorda eski metall bo‘laklari qaytadan eritilib, turli mahsulotlar ishlab chiqariladi.

Qazilma boyliklar Yer yuzi bo‘ylab juda nomutanosib taqsimlangan. Qaysidir davlatda ular juda ko‘p. Ayrim davlatlarda esa ular umuman yo‘q.

Shuningdek, juda ko‘p miqdorda tabiiy boyliklar zaxirasiga ega davlatlarning hammasi ham boy emas yoki gullab-yashnab ketmagan.

Bunda turli omillar, jumladan no‘noq boshqaruv va energiya resurslari uchun kechayotgan kuchli raqobatda tashqi aralashuv ham muhim rol o‘ynamoqda.

Quyida aniqlangan zaxiralar bo‘yicha qazilma boyliklari eng ko‘p davlatlar haqidagi ma’lumotlarni taqdim etamiz.

1. Rossiya, 75 trillion dollar.

Shubhasiz Rossiya tabiiy boyliklar miqdori bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Bu davlatning aniqlangan tabiiy boyliklar zaxirasi 75 trillion dollarga baholangan.

Rossiyada turli qazilma boyliklar zaxirasi bo‘yicha yuqori o‘rinlarni egallaydi. Jumladan dunyoda aniqlangan turli zaxiralar bo‘yicha Rossiya ulushi quyidagicha:

·      neft zaxirasi – 10-12 foiz;

·      tabiiy gaz zaxirasi – 32 foiz;

·      ko‘mir zaxirasi – 11 foiz;

·      qora metall zaxirasi – 25 foiz;

·      nikel zaxirasi – 33 foiz;

·      qo‘rg‘oshin zaxirasi – 10 foiz;

·      ruh zaxirasi – 15 foiz;

·      kaliy tuzi zaxirasi – 31 foiz.

Bundan tashqari, Rossiya tabiiy o‘rmonlar egallagan hudud bo‘yicha ham dunyoda birinchi o‘rinni egallaydi.

Rossiya tabiiy boyliklar bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turgani bilan o‘rtacha ish haqi, aholi turmush darajasi va boshqa ko‘rsatkichlar bo‘yicha o‘rtamiyona davlatlar qatorida turadi.

Rossiya OAVga ko‘ra, 2024 yilda Rossiyada o‘rtacha ish haqi 80 ming rublni tashkil etgan va bu 800 dollar atrofida bo‘ladi.

Biroq turli xalqaro tashkilotlar Rossiyada o‘rtacha ish haqi 550-650 dollar atrofida ekanini yozishgan. Ya’ni mamlakat qazilma boyliklarga boy bo‘lsa ham o‘rtacha ish haqi masalasida rivojlangan davlatlardan ancha orqada.

2. AQSh, 45 trillion dollar.

Amerika Qo‘shma Shtatlari dunyodagi eng boy davlat hisoblansa ham u tabiiy boyliklar ro‘yxatida ikkinchi o‘rinda joylashgan. Uning aniqlangan tabiiy boyliklar zaxirasi 45 trillion dollarga baholangan.

AQSh ish haqi, turmush tarzi, yalpi ichki mahsulotlar hajmi, harbiy xarajatlar va boshqa ko‘plab omillar bo‘yicha dunyoning eng yetakchi davlati hisoblanadi.

2023 yilda AQSh YaIM hajmi nominal qiymatda 27 trillion 357 milliard bo‘lgan.

AQSh neft, tabiiy gaz, tabiiy o‘rmonlar va yana bir qator tabiiy boyliklar hajmi bo‘yicha dunyo reytingida o‘ntalikdan joy olgan.

Shuningdek, bu davlat dunyo ko‘mir zaxirasining 31,2 foiziga egalik qiladi.

3. Saudiya Arabistoni, 34,4 trillion dollar.

Saudiya Arabistonida ilk neft konlari 20-asrning 30-yillarida topilgan. O‘tgan asrning 60-yillarigacha dunyoda turli transportlar kam bo‘lgan va shu sababli Saudiyada neft qazib olish miqdori ancha kam bo‘lgan.

20-asrning 70-yillaridan boshlab bu davlatga juda katta miqdorda G‘arb sarmoyalari kiritildi va juda ko‘plab neft konlari o‘zlashtirildi.

Natijada 21-asr boshlariga kelib Saudiya dunyoning boy davlatlari qatoriga kirdi. Bugun Saudiya tabiiy boyliklar zaxirasi bo‘yicha dunyo davlatlari orasida 3-o‘rinni egallaydi.

Uning jami aniqlangan tabiiy boyliklar zaxirasi 34,4 trillion dollarga yetadi. Zaxiralarning asosiy qismini neft va gaz tashkil etadi.

Jumladan, Saudiya Arabistoni dunyoda aniqlangan neft zaxirasining 20 foiziga egalik qiladi. Shuningdek, bu davlat gaz zaxirasi bo‘yicha dunyo reytingida beshlikka kiradi.

4. Kanada, 33,2 trillion dollar.

Tabiiy boyliklar zaxirasi bo‘yicha ro‘yxatda Kanada 33,2 trillion dollar bilan 4-o‘rinda joylashgan.

Bu bejizga emas, Shimoliy Amerikada joylashgan bu davlat juda katta hududga ega va u bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyoda Rossiyadan so‘ng ikkinchi o‘rinda turadi.

Kanada egalik qiladigan ulkan hudud tabiiy zaxiralarga juda boy. Ayniqsa, uning hududida neft konlari ko‘p. Mamlakat neft va gaz zaxiralari bo‘yicha dastlabki o‘nlikka kiradi.

Kanadada uran, fosfat va fosforitning juda katta zaxiralari borligi aniqlangan. Bu davlat uran zaxiralari bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinni egallaydi.

Shuningdek, Kanadaning juda katta hududi — 347 mln gektari o‘rmon bilan qoplangan.

Bundan tashqari, Kanada juda ko‘p miqdorda chuchuk suv zaxirasiga ega. So‘nggi yillarda qadoqlangan ichimlik suvga talab oshib borayotgani inobatga olinsa, Kanadadagi chuchuk suv manbalarini ham bemalol tabiiy boyliklar zaxirasiga qo‘shish mumkin.

5. Eron, 27,3 trillion dollar.

Eron dunyodagi eng qadimiy davlatlardan biri hisoblanadi. Bu davlatni boyitib turgan narsa neft va gaz zaxiralari hisoblanadi.

Eronning neft va gaz konlari asosan Fors qo‘ltig‘ida joylashgan. Bu davlatda dunyodagi gaz zaxiralarining 16 foizi, neft zaxiralarining 10 foizi borligi aytiladi.

Garchi juda katta neft va gaz zaxiralari bo‘lsa-da Eron xalqaro sanksiyalar tufayli ulardan samarali foydalana olmaydi.

Xalqaro tashkilotlar va G‘arb davlatlari talqiniga ko‘ra, bu davlat uzoq yillardan buyon atom bomba yaratish ustida ish olib boryapti. Shu va boshqa sabablar tufayli G‘arb davlatlari Eronga sanksiyalar joriy etishgan.

Eronda o‘rtacha ish haqi 400-450 dollar. Mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi nominal qiymatda 400 mlrd dollar atrofida. Eronning tabiiy boyliklar zaxirasi 27,9 trillion dollarga baholangan.

6. Xitoy, 23 trillion dollar.

Xitoy juda katta hududga ega bo‘lsa ham bu davlatda turli qazilma boyliklarning juda katta zaxiralari yo‘q. Shunchaki, Xitoyda tabiiy boyliklarning turi ko‘p.

Xitoyda faqat ko‘mirning juda katta zaxiralari aniqlangan yirik konlar bor. Masalan, bu davlat dunyoda aniqlangan ko‘mir zaxiralarining 13 foiziga egalik qiladi.

Qolgan minerallar yoki metallarning kichik konlari bor. Shu sababli Xitoy dunyodagi eng yirik xomashyo sotib oluvchi davlat hisoblanadi.

Chin yurti neft, gaz, turli metallar va boshqa mahsulotlarning asosiy qismini xorijdan import qiladi. Xitoyning tabiiy boyliklar zaxirasi 23 trillion dollarga baholangan.

7. Braziliya, 21,8 trillion dollar.

Braziliya hududi ham juda katta va u Janubiy Amerika qit’asining katta qismini egallaydi. Bu davlat dunyodagi qora metall zaxiralarining 17 foiziga egalik qiladi.

Shuningdek, Braziliya Kanada va Rossiya bilan birgalikda dunyodagi eng katta o‘rmon fondiga ega. Braziliya hududida joylashgan Amazonka o‘rmonlarini Yer kurrasining “o‘pkasi” deb ham atashadi.

Bundan tashqari, Braziliya neft va tabiiy gazning yirik konlariga ega. Biroq ularning zaxirasi bo‘yicha o‘ntalik ro‘yxatga kirmaydi. Braziliyaning tabiiy boyliklar zaxirasi 21,8 trillion dollarga baholangan.

8. Avstraliya, 19,9 trillion dollar.

Avstraliya dunyodagi yagona butun boshli qit’adan iborat davlat hisoblanadi. Bu davlat dunyodagi aniqlangan oltin zaxiralarining 14-15 foiziga egalik qiladi.

Shuningdek, dunyodagi uran zaxirasining 46 foizi Avstraliya hududida joylashgan. Bundan tashqari, Avstraliyada neft va gaz, ko‘mir va turli metallar konlari bor.

Avstraliya tabiiy boyliklarining 5,3 trillioni mamlakatdagi o‘rmonlar hisobiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatning tabiiy boyliklar zaxirasi 19,9 trillion dollarga baholangan.

9. Iroq, 15,9 trillion dollar.

Iroqning asosiy tabiiy boyligi neft hisoblanadi. Bu davlat dunyoda aniqlangan neft zaxiralarining 9-10 foiziga egalik qiladi.

Shuningdek, Iroqda tabiiy gazning yirik zaxiralari bor. Biroq bu davlat gaz zaxiralari bo‘yicha dunyo reytingida dastlabki o‘ntalikka kirmaydi.

Bundan tashqari, Iroq dunyodagi yirik fosforit zaxiralariga ega va ular 1,1 trillion dollarga baholangan. Bu davlatning tabiiy boyliklar zaxirasi 15,9 trillion dollarga baholangan.

10. Venesuela, 14,3 trillion dollar.

Venesuela Janubiy Amerika qit’asining shimoliy qismida joylashgan. Bu davlat ham dunyo neft zaxirasining 8-9 foiziga, tabiiy gaz zaxiralarining qariyb 3 foiziga egalik qiladi.

Venesuela garchi juda katta neft va gaz zaxiralariga ega bo‘lishiga qaramasdan bu davlat aholisining turmush tarzi maqtanarli emas.

Bunga asosiy sabab, Venesuelada asosiy neft va gaz konlari davlat tasarrufida. Yoki ularning bir qismi hech qanday tendersiz siyosiy elitaga yaqin bo‘lgan kompaniyalarga berib yuborilgan.

Yana bir sabab, bu mamlakatga G‘arb davlatlari tomonidan iqtisodiy sanksiyalar e’lon qilingan. Qolaversa, Venesuela anchayin yopiq davlat hisoblanadi.

Shu sababli bu davlatda o‘rtacha ish haqi yoki boshqa ko‘rsatkichlar xalqaro hisobotlarda yo‘q. Venesuelaning tabiiy boyliklar zaxirasi 14,3 trillion dollarga baholangan.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: