Milliarder Ilon Mask saylovdan keyingi bir hafta davomida Donald Trampning Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohiga deyarli har kuni tashrif buyurdi. Bu siyosatchining atrofidagilarni g‘azablantira boshladi, deb yozadi NBC News.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, Maskning tashrifidan Trampga biznesmendan ko‘ra yaqinroq bo‘lgan odamlar «charchay boshlagan». Ular Mask o‘z roli chegarasidan chiqib ketayotganini aytmoqda.
«U o‘zini ham prezident sifatida tutyapti va hammaning bundan xabari borligiga ishonch hosil qilmoqchi. U o‘zini prezidentning g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan deb hisoblayapti. America PAC (Mask Trampning saylovoldi kampaniyasini qo‘llab-quvvatlash uchun ochgan qo‘mita) va X ijtimoiy tarmog‘i bilan tinglashni xohlagan barchaning oldida maqtanmoqda. U Trampni o‘zining oldida qarzdor sifatida his qilishiga majburlayapti. Prezident hech kimga, hech narsaga majbur emas», — deydi telekanal suhbatdoshlaridan biri.
NBC News ma’lumotlariga ko‘ra, Mask Mar-a-Lagoga 5 noyabr kuni saylov natijalarini kuzatish uchun kelgan va keyingi haftaning asosiy qismini u yerda o‘tkazgan. Telekanal manbalarining ta’kidlashicha, milliarder qarorgohga kunning istalgan vaqtida tashrif buyurib, Trampning yonida o‘tirgan holda uning qo‘ng‘iroqlari va uchrashuvlariga qo‘shilmoqda.
Boshqa bir manbaning aytishicha, Mask «hamma narsa haqida o‘z fikriga ega» va buni shu qadar qat’iyat bilan singdirishga urinmoqdaki, bu Tramp doirasiga noqulaylik tug‘diryapti. «U o‘zini barcha masalalar bo‘yicha ovoz berish huquqiga ega sifatida qabul qilishlarini xohlayapti. Aslida bunday bo‘lmasa ham», — deya qo‘shimcha qiladi telekanal suhbatdoshi.
Trampning o‘zi Vakillar palatasidagi respublikachilar bilan uchrashuvda Mask haqida iliq fikr bildirgan. Bir safar u milliarder doim yonida ekani haqida ham to‘xtalib o‘tgan: «Ilon uyiga ketishni istamayapti. Men undan qutula olmayapman». Kongressmenlar bu shunchaki hazil sifatida aytilganini ta’kidlamoqda.
Ilon Mask Donald Trampning saylovoldi kampaniyasida «muhim figura»ga aylandi. U siyosatchini moliyalashtirishga yordam berdi. Biznesmen, shuningdek, Trampning kadr masalalari bo‘yicha qarorlariga ta’sir ko‘rsatishni boshladi.