Buxoro amirligi davriga tegishli qadimiy tangalarni olib chiqib ketishga uringan shaxs to‘xtatib qolindi

Jamiyat 17:42 / 14.11.2024 3456

Qashqadaryo viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan Buxoro amirligi davriga oid qadimiy tangalarning olib chiqilishiga chek qo‘yildi. Bu haqda boshqarma matbuot xizmati xabar berdi.

Aniqlanishicha, «Qarshi aeroporti» chegara bojxona posti orqali Qarshi—Moskva yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib ketishni maqsad qilgan fuqaro X.X.ning yonidagi qo‘l va yuk sumkalari rentgen apparatida bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan, qadimiy va tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan metall tangalar topilgan.

«O‘zbekiston hududidan olib chiqilishi taqiqlangan, ishlab chiqarilganiga 50 yildan oshgan jami 116 dona metalldan tayyorlangan qadimiy tangalarni mamlakatdan yashirin tarzda olib chiqayotgan shaxs vaqtida to‘xtatib qolindi», — deyiladi xabarda.

Hozirda ushbu holat yuzasidan ma’muriy ish yuritilib, sud organlariga yuborilgan.

Shuningdek, ushlab qolingan qadimiy tangalar Qashqadaryo viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyiga topshirilgan. Madaniy meros agentligining tegishli xulosasida Buxoro amirligi davrida zarb etilgan tangalar ham mavjudligi qayd etilgan.

«Qarshi aeroporti» chegara bojxona posti xodimlari tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida 10 ta holatda qiymati 10 million so‘mdan ortiq bo‘lgan, tarixiy ahamiyatga ega 168 dona madaniy boyliklarning bojxona chegaralari orqali noqonuniy ravishda olib o‘tilishining oldi olingan.

Avvalroq Toshkent xalqaro aeroportida bojxona xodimlari tomonidan 6 dona oltin quymasi, quyma tilla uzuk va 7 dona xitoy iyerogliflari tushirilgan tangalar olib o‘tayotgan shaxs ushlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: