«20 daqiqa oldin ham uni tanimasdim». Tramp telekanal boshlovchisini Pentagon rahbarligiga tanladi - Vashingtondagilar «shokka tushgan»

Jahon 15:02 / 14.11.2024 21784

Tramp Amerika armiyasining 44 yoshli faxriysi va teleboshlovchi Pit Hegsetni Pentagon rahbarligiga tanladi. «Pit qattiqqo‘l, aqlli va Amerika hammasidan ustunligi tamoyiliga chin dildan ishonadi, — deyiladi Trampning bayonotida. — Pit [Pentagon] rahbarligida Amerika dushmanlari ogohlantiriladi — bizning qurolli kuchlarimiz yana buyuk bo‘ladi va Amerika hech qachon chekinmaydi».

Politico nashri yozishicha, bu tanlov Vashingtondagi mulozimlarni «shok holatiga tushirgan», ular harbiy idoraga nufuzli kongressmen yoki hech bo‘lmaganda mudofaa siyosatida tajribaga ega bo‘lgan shaxs rahbar bo‘lishini kutishgandi. Trampning birinchi muddatidagi kadrlar bo‘yicha har doim ham tushunib bo‘lmaydigan qarorlari hisobga olinsa ham, bu yangi tayinlov barchani dog‘da qoldirdi, deya qayd etadi nashr. «Kim bu, jin ursin, bu yigitcha kim o‘zi?» — deya bu tayinlovga munosabat bildirgan mudofaa sanoati lobbisti anonim shaklda. Uning so‘zlariga ko‘ra, sanoatdagilar bu lavozimga «chindan ham katta tajribaga ega bo‘lgan kimdir tayinlanishi»ga umid qilishgandi. «Tan olaman, 20 daqiqa oldin ham uni tanimasdim», — degan jurnalistlarga Vakillar palatasidagi qurolli kuchlar bo‘yicha qo‘mita a’zosi bo‘lgan demokrat Adam Smit.

Amerika nashrlari avvaldan oldingi prezidentlik muddati davomida mudofaa vazirlari bilan mojarolashgan Tramp (shu tufayli uning prezidentligining to‘rt yilida Pentagonda besh bor rahbar almashgan), birinchi navbatda o‘ziga sodiq va uning siyosatiga so‘zsiz amal qiladigan odamni tanlashini yozishgandi. «Tramp sadoqatni hammasidan ustun qo‘yadi. Aftidan, u qadrlaydigan asosiy mezon — bu odam uni televideniyeda qanchalik yaxshi himoya qilishidir», — degan tayinlovdan keyin Jorj Bush ma’muriyatida Pentagonda siyosiy maslahatchi bo‘lib ishlagan Erik Edelman.

Pit Hegset 1980 yilda tug‘ilgan. U Prinston universitetini tamomlagan, shundan keyin Milliy gvardiyada xizmat qilishni boshlagan. Hegset Guantanamoda, Iroq va Afg‘onistonda xizmat qilgan. Vatanga qaytganidan keyin, 2014 yildan buyon Hegset konservativ Fox telekanali bilan hamkorlik qila boshlagan. U Guantanamodagi mahbuslar qiynoqqa solinishini ochiqchasiga ma’qullagan, Trampning birinchi prezidentligi davrida uni Afg‘onistonda tinch aholini o‘ldirishda ayblangan amerikalik harbiy xizmatchilarni afv etishga chaqirgan.

Hegset Trampning eronlik general Qosim Sulaymoniyni o‘ldirish haqidagi qarorini qo‘llab-quvvatlagan. U Amerikaning yetakchi oliy ta’lim muassasalarini diniy ekstremizm kabi «real tahdidlar» bilan emas, iqlim muammolari bilan shug‘ullanayotgani uchun tanqid qilgan, 2022 yilda haddan tashqari liberal siyosati tufayli Harvard diplomidan (ikkinchi mutaxassislik sifatida o‘qigan) «voz kechishi»ni aytgan. Hegset Trampning 2016 yilgi birinchi kampaniyasidan buyon uning izchil tarafdori bo‘lib kelgan.

«Bu Amerika tarixida mudofaa vazirligi uchun malakasi eng kam bo‘lgan nomzod. Va eng oshkora siyosiylashtirilgan. U MAGA (Make America Great Again) ideallari uchun yorqin kurashchi. Va Trampga sadoqatli va uning ishonchiga eng ko‘p sazovor bo‘lgan odam», — deya Hegsetga ta’rif beradi Independent Veterans of America faxriylar tashkiloti rahbari Pol Rikhoff.

Politico yozishicha, Tramp davrida Pentagonda birinchi navbatda Jo Bayden ma’muriyati davrida armiyada amalga oshirilgan islohotlar ortga qaytarilishi kutiladi. Bu islohotlar inklyuzivlikni oshirishga qaratilgandi — xususan, Bayden Tramp tomonidan transgender odamlar xizmat qilishiga qo‘yilgan taqiqni bekor qilgandi. Shuningdek, Trampning muxoliflari u haqiqiy muammolarni hal qilish o‘rniga oliy harbiy qo‘mondonlik saflarida siyosiy tozalashlar uyushtirishidan xavotirda.

Reuters ham Donald Tramp jamoasi iste’foga chiqariladigan yuqori martabali harbiy mulozimlar ro‘yxatini tuzib chiqayotgani haqida xabar bergan. Bu Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi a’zolarini ham o‘z ichiga olishi mumkin va bu Pentagon tarixidagi misli ko‘rilmagan o‘zgarishlarga aylanadi.

Agentlikka ko‘ra, ishdan bo‘shatish uchun birinchi nomzodlar — qo‘mitaning hozirgi rahbari, general Charlz Braun, shuningdek, sobiq rahbar Mark Milli (u Trampning birinchi muddati vaqtida qo‘mitani boshqargan) bilan bog‘liq barcha zobitlar. Agentlik Milli bir necha bor Trampni tanqid qilgani, uning tanqidiy iqtiboslari jurnalist Bob Vudvordning o‘tgan oyda nashrdan chiqqan «Urush» nomli kitobida ham keltirilganini eslatgan.

«Milli lavozimini oshirgan va tayinlagan har bir kishi ketadi. Milli bilan aloqador bo‘lganlarning batafsil ro‘yxati mavjud. Va ularning barchasi ketadi», — degan Reuters suhbatdoshlaridan biri.

Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi tarkibidan AQSh qurolli kuchlarining oliy martabali zobitlari, jumladan, armiya, flot, dengiz piyodalari, harbiy-havo kuchlari, milliy gvardiya va kosmik kuchlar boshliqlari o‘rin olgan. «Shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi boshliqlari hamda shtab boshliqlarining barcha o‘rinbosarlari zudlik bilan ishdan bo‘shatiladi», — degan manba.

Pit Hegset ham «Jangchilarimiz bilan jang» nomli kitobida mamlakat harbiy rahbariyatini yangilash zarurligini yoqlab chiqqan. «Qo‘shma Shtatlarning keyingi prezidenti bizni mamlakatimizni himoya qilish va dushmanlarimiz ustidan g‘alabaga erishishga tayyorlash uchun Pentagon oliy rahbariyatini tubdan qayta ko‘rib chiqishi lozim. Ko‘plab odamlar ishdan bo‘shatilishi kerak», — deya yozgan u.

Reuters suhbatdoshlari yoppasiga ishdan bo‘shatish rejasi hali ishlab chiqish bosqichida ekanini qayd etishgan, ayrimlar esa Ukraina va Yaqin Sharqdagi mojarolar bilan bog‘liq «global silkinish»ni hisobga olgan holda Pentagondagi iste’folar keng ko‘lamli tus olishiga shubha bildirgan.

Ko‘proq yangiliklar: