“Agar jurnalist haq bo‘lsa, biz uni tan olishimiz kerak” – prezident 

O‘zbekiston 23:47 / 08.11.2024 12366

Saida Mirziyoyeva va Komil Allamjonov tashabbusi bilan Mass-media fondi tuzilganiga bugun 5 yil to‘ldi. OAV sohasida yuz bergan ijobiy o‘zgarishlarni saqlab qolish va jurnalistlarni himoya qilish juda muhim. Fond matbuot uchun media bozorida teng imkoniyatlar yaratish, OAVni rivojlantirish funksiyalarini bajarib kelmoqda. Allamjonovga ko‘ra, AOKA davlatning yagona media siyosatini yuritishga mas’ul bo‘lsa, fond jurnalist va blogerlarning ovozini eshituvchi birlamchi tashkilotdir.

O‘zbekistonda jurnalistika va bloging kuchli harakatga aylansa-da, muammolarni muhokama qilib, hal qiluvchi biror platforma yo‘q edi. Xuddi shunday funksiyalarni dastavval AOKA, keyinchalik u bilan parallel ravishda bundan 5 yil avval tuzilgan Milliy-mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bajardi. Axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va uni amalga oshirishni agentlik bo‘yniga oldi. Komil Allamjonov hamda Saida Mirziyoyeva rahbarlik qilgan bu tashkilot o‘z oldiga ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy rivojlanishda OAVning rolini kuchaytirish, jurnalistlar huquqini himoya qilish maqsadlarini qo‘ydi. Oradan 1 yil vaqt o‘tib, Milliy-mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tuzildi. Matbuot uchun media bozorida teng imkoniyatlar yaratish, ularni rivojlantirish funksiyalarini bugun shu fond bajarib kelmoqda. Shuningdek, tuzilma jurnalist va blogerlarning huquqlarini ro‘yobga chiqarishga ham ko‘maklashadi. Sodda til bilan aytganda, fond matbuotning davlat bilan muloqotida professional tashkilot bo‘lib kelmoqda.

Xo‘sh, fond yana qanday vazifalarni bajaradi?

Jamg‘arma matbuot vakillari, jurnalist va blogerlar uchun loyihalar ishlab chiqadi. OAVning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga ko‘maklashadi, jurnalist va blogerlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydi, ularga huquqiy, tavsiyaviy, tashkiliy, texnik va boshqa yordamlarni ko‘rsatish bilan shug‘ullanadi.

O‘tgan 5 yilda birinchi navbatda xorijiy tashkilotlar bilan sheriklik aloqalari o‘rnatildi, muloqot yo‘lga qo‘yildi. Dastlabki kunlardanoq fond YeI, BMT va uning taraqqiyot dasturi, aholi fondi, YuNISEF, YuNESKO, Jahon banki, AQSh xalqaro taraqqiyot agentligi USAID, YeXHT, Qo‘shma Shtatlar, Fransiya, Germaniya, Shveytsariya va boshqa matbuot reytingi yuqori davlatlar diplomatik korpusi vakillari bilan muloqot olib borildi.

Fond nazdida matbuot xodimlarining huquqiy savodxonligini oshirish eng asosiy vazifalardan edi. Shuning uchun Shveytsariya va Fransiya elchixonalari bilan treninglar tashkil qilindi. Jurnalist blogerlarning huquqiy savodxonligini oshirish uchun 100 savolga javob loyihasi ham professional jurnalistikani yaratish uchun kerakli dasturlardan biri bo‘ldi.

Fridrix Ebert jamg‘armasi vakolatxonasi bilan esa jurnalistlarga faktchekingni o‘rgatish ko‘nikmalari treningi o‘tkazildi. Xalqaro korporatsiya Meta bilan esa ijtimoiy tarmoqlarning roli, internetdan erkin foydalanish, taqdim etilayotgan kontentni verifikatsiya qilish ahamiyati borasida muloqotlar o‘tkazildi. Bundan tashqari, Meta bilan hamkorlikda elchixonalar, bosh konsulliklar, diplomatik missiyalar, elchilar hamda O‘zbekiston TIV vakillarining Instagram va Facebookʼdagi 40 dan ortiq akkauntlarini verifikatsiyadan o‘tkazdi.

O‘zbekistonda axborot kodeksini ishlab chiqishda ham fond asosiy tashabbuskorlardan bo‘lib qolmoqda.

Xalqaro tajriba muhim, ayniqsa mediada. Fond g‘arbning rivojlangan media kompaniyalari bilan kelishib, media boshqaruv va stilistikasini yaxshi ma’noda import qilishni boshladi. Fransiya media akademiyasi bilan o‘zbek jurnalistlari uchun media boshqaruvida “Franse 24” usuli, inqirozli vaziyatlarda jurnalistika etikasi va boshqa mavzularda seminar-treninglar bo‘lib o‘tdi.

Gender masalalariga alohida urg‘u beriladi. Fond gender sezgirlik mavzusida ham jurnalist va blogerlar uchun trening uyushtirdi.

Fond faqat media bilan cheklanmay, davlatdagi analitik markazlar va ularning ekspertlari bilan ham yaqindan muloqotni yo‘lga qo‘ydi. Masalan, 2022 yilda Rossiya Ukraina urushi boshlanganida bu haqida asl manbadan ma’lumotlarni olish va fikr almashish uchun fond tahlilchilar muntazam muloqotini yo‘lga qo‘ydi.

Bugun 5 yoshga to‘lgan fond milliy jurnalistikani eng yuqori standartlarga moslash niyatida ekanini aytadi.

Ko‘proq yangiliklar: