Rossiyada Amerikaning saylangan prezidenti Donald Tramp va AQSh Kongressining yangi tarkibi haqida «hech qanday illyuziyalar yo‘q». Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vazirligining AQShdagi saylovlar munosabati bilan 6 noyabr kuni idora saytida chop etilgan bayonotida aytiladi.
«To‘rt yillik tanaffusdan so‘ng Oq uyga qaytayotgan Donald Trampning AQSh prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishi, shubhasiz, amerikaliklarning Jo Bayden ma’muriyati natijalaridan ham, Demokratik partiyaning shoshilinch ravishda amaldagi davlat rahbari o‘rniga vitse-prezident Kamala Harris timsolida ilgari surilgan saylovoldi dasturidan ham noroziligini aks ettiradi», — deya ta’kidladi Rossiya TIV.
Idora ta’kidlaganidek, «demokratlar tomonidan liberal ommaviy axborot vositalari ko‘magida ma’muriy resurslardan foydalangan holda Donald Trampga qarshi boshlangan kuchli tashviqot kampaniyasiga qaramay, respublikachi nomzod o‘zining birinchi prezidentlik tajribasiga ega bo‘lib, Oq uyning globalistik kursidan farqli o‘laroq, saylovchilarni haqiqatan ham tashvishga soladigan iqtisodiyot va noqonuniy migratsiya masalalarga tayangan».
«Ammo bu saylovchilar deyarli teng bo‘lingan Qo‘shma Shtatlardagi chuqur fuqarolik bo‘linishini o‘zgartirmaydi. Aslida, gap demokratlar va respublikachilar shtatlari, shuningdek, «progressiv» va an’anaviy qadriyatlar tarafdorlari o‘rtasidagi qarama-qarshilik haqida bormoqda. Kutish mumkinki, Donald Trampning qaytishi ichki keskinlik va qarama-qarshi lagerlarning kurashi qat’iylashishiga turtki beradi», — deb hisoblaydi Rossiya TIV.
Shu bilan birga, Rossiya idorasi ta’kidlashicha, partiyaga mansubligidan qat’i nazar, Qo‘shma Shtatlardagi hukmron siyosiy elita Rossiyaga qarshi munosabat va «Moskvani tiyib turish» chizig‘iga amal qiladi.
«Rossiyada yaxshi tanilgan saylangan Amerika prezidenti va dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, respublikachilar ustunlik qilayotgan Kongressning yangi tarkibi haqida bizda hech qanday illyuziya yo‘q», — deya ma’lum qildi TIV.
«Rossiya Oq uyda «ro‘yxatdan o‘tadigan» yangi ma’muriyat bilan hamkorlikda ishlaydi, Rossiya milliy manfaatlarini qat’iy himoya qiladi va barcha e’tiborni maxsus harbiy operatsiyaning barcha maqsadlariga erishishga qaratadi. Bizning shartlarimiz o‘zgarmagan va Vashingtonga yaxshi ma’lum», — deya xulosa qildi idora.