Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda qayd qilinishicha, joriy yilda suv omborlarida o‘tgan yilga nisbatan ko‘p suv yig‘ilgan. Davlat rahbari bu holatdan xotirjamlikka berilmaslik lozimligini, sohada hali qilinadigan ishlar ko‘pligini ta’kidladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, klaster va fermerlarga yetkazib berilayotgan har bir kub metr suvga respublika bo‘yicha o‘rtacha 212 so‘m xarajat qilinyapti. Buxoro, Qashqadaryo va Namangan viloyatlarida bu ko‘rsatkich 2-3 barobar yuqori. Oxirgi yillarda 1 milliard dollar hisobiga Qarshi, Amu-Buxoro, Amu-Zang kabi yirik nasos stansiyalar modernizatsiya qilindi.
Lekin, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryoda o‘rta va mayda eskirgan nasoslar yangilanmagani uchun suv tannarxi oshib ketmoqda. Betonlash hisobiga yo‘qotish 10-15 foizga kamaygan bo‘lsa-da, 20 ta tumanda yo‘qotishlar respublikada eng yuqori.
Yig‘ilishda Jizzax viloyati Do‘stlik tumani misoli ko‘rib chiqildi. Tumanda xitoylik investorlar bilan suv boshqaruvini aqlli tizimga o‘tkazish bo‘yicha loyiha yakuniga yetkazilgan. Suv taqsimlanadigan 2 mingta nuqtaga hisoblagich va videokamera o‘rnatilib, kimga qancha suv borgani aniq ko‘rinmoqda. Avtomatlashgan boshqaruv orqali 20 foiz, sug‘orish tarmoqlarini ta’mirlash hisobiga yana 10 foiz suv tejalmoqda. Suv boshqaruvi xususiy sektorga berilib, fermerlar bilan kooperatsiya tuzilmoqda.
Viloyatlar hokimlariga Do‘stlikdagi yangi tizimni o‘rganish, suv ta’minoti og‘ir va xarajati qimmat tumanda Do‘stlik tajribasini joriy qilish topshirildi.