Pomidordan qulupnaygacha. Marsda yashay oladigan 8 ta o‘simlik ma’lum qilindi

Fan-texnika 11:03 / 07.11.2024 8462

Marsni o‘zlashtirishga to‘sqinlik qilayotgan muammolardan biri — nafaqat yashab qoladigan, balki sayyoradagi og‘ir sharoitlarni o‘zgartira oladigan chidamli o‘simliklarni topishdir. Qizig‘i, Yerda bunday o‘simliklar ko‘p. Mutaxassislar kamida 8 ta shunday o‘simlik turini aniqladi, deb yozmoqda Interesting Engineering.

1. Shirin kartoshka

Marsda yetishtirish uchun eng yaxshi nomzodlardan biri shirin kartoshka hisoblanadi. U g‘oyat moslashuvchan va ozuqaviy xususiyatlari bilan ajralib turadi. Uning chidamli tugunaklari ozuqaviy jihatdan qashshoq tuproq sharoitida ham o‘sib, yuqori hosil beradi. Bundan tashqari, o‘simlik boshqa ekinlarga nisbatan kamroq suv talab qiladi. U qurg‘oqchilikka bardosh berish uchun namlikni o‘zida to‘play oladi.

Foto: Craig Newcomb for Virginia Tech

2. Cho‘l yo‘sinlari

Yana bir kuchli da’vogar cho‘l yo‘sinidir, chunki u halokatli sharoitlarda ham yashab qolish qobiliyatiga ega. The Innovation jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko‘ra, o‘simlik −196 gradusgacha sovuqqa va yuqori darajali gamma nurlanishga chidaydi.

Foto: Wikimedia Commons

3. Karam

Jingalak karam (Brassica oleracea var. sabellica) aslida sun’iy yaratilgan Mars tuprog‘ida oddiy yerga qaraganda yaxshiroq o‘sadi. Bunday holatlarda u ta’mi jihatidan farq qilmaydi va o‘zining xususiyatlarini saqlab qoladi: tarkibida ko‘p miqdorda kletchatka va minerallar mavjud. Biroq olimlar o‘simlik begona tuproqdan me’yoridan ortiq temir o‘zlashtirib olishi mumkinligidan xavotirda.

Foto: Wikimedia Commons

4. Qulupnay

Afsuski, Mars tuprog‘ida barcha zarur ozuqa moddalar yo‘q va u zaharli perxloratlar bilan to‘yingan, shu sababli qulupnayni an’anaviy usulda yetishtirish imkonsiz. Lekin olimlar umidni yo‘qotmadi hamda an’anaviy tuproqsiz ham, odatdagidan 95 foiz kam suv sarflab, rezavor mevani yetishtirish yo‘lini o‘ylab topdi.

Foto: Zhongchi Liu

5. Qulmoq (Xmel)

O‘simlik ming yildan ortiq vaqt davomida turli mahsulotlar tayyorlashda qo‘llanib kelinmoqda, u endi Mars sharoitlari uchun ham ideal yechim bo‘lishi mumkin. Bu haqda Villanova universiteti olimlari kichik tajriba davomida tasodifan bilib qoldi. Hayratlanarlisi shundaki, qulmoq begona tuproqqa yaxshi moslashgan. Faqat bu g‘oyaning qanchalik amaliy ekani savol ostida turibdi.

Foto: Oregon State University

6. Momaqaymoq

Ushbu gullar mo‘’tadil iqlimli mintaqalarda va deyarli har qanday joyda o‘sadi. Ular ro‘yxatdagi boshqa o‘simliklar singari yuqori chidamlilikka ega. Biroq Marsda osongina moslashib ketish mushkul, kolonistlar nazoratdagi muhit yaratishi zarur bo‘ladi: haroratni biroz o‘zgartirish, yetarli miqdorda yorug‘lik bilan ta’minlash va radiatsiyadan himoyalash kabi.

Foto: Anibal Pauchard

7. Sabzi

Yevropa va Janubi-g‘arbiy Osiyodan kelib chiqqan bu o‘simlik A va K vitaminlariga boy bo‘lgan to‘yimli ildizmevasi bilan mashhur. U Mars sharoitida o‘zini hayratlanarli darajada barqaror his qilsa-da, ma’lum bir namlik va doimiy havo aylanishini talab etadi. Shuningdek, urug‘ ekilganidan so‘ng, hosilni uch oy o‘tgach yig‘ib olish mumkin.

Foto: Courtesy of Massimo Iorizzo

8. Pomidor

Marsni kolonizatsiya qilishda yordam beruvchi so‘nggi nomzod — oddiy pomidorlar. Biroq ular bilan bog‘liq bir muammo mavjud: ma’lum sharoitlarni qayta yaratishga to‘g‘ri keladi. Xususan, Vageningen universiteti olimlari pomidorlar bilan albatta sabzi kabi qo‘shni o‘simliklar bir tuvakka ekilishi zarurligini aniqladi. Shunda kaliy miqdori, hosildorlik va biomassa sezilarli darajada ortadi.

Foto: Martha Orozco-Cárdenas/UCR
Ko‘proq yangiliklar: