Tramp saylovda yutib chiqdi. U AQShning 47-prezidenti bo‘ladi. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 17:50 / 06.11.2024 33705

Respublikachi Donald Tramp AQShning yangi prezidenti etib saylandi, Amerikaning Fox News, CNN, Reuters, Associated Press, NBC News, ABC News kabi asosiy nashrlari shuni prognoz qilmoqda. Tramp uchun ovoz beradigan saylovchi delegatlar soni 270 dan oshib bo‘lgan, Demokratik partiya nomzodi Kamala Harrisning ovozlari soni — 224 taga yetgan. Saylovning yakuniy natijalari hali aniq emas, ovozlarni hisoblash jarayoni davom etmoqda.

AQShda prezident ikki bosqichli tizimda saylanadi. Nomzod uchun har bir shtatda alohida ovoz beriladi va turli shtatlar turlicha miqdorda saylovchi delegatlarni taqdim etadi— aholi soni eng ko‘p bo‘lgan Kaliforniya (54), Texas (40), Florida (30) va Nyu-York (28) kabi shtatlar mos ravishda ko‘proq ovozga ega. Delegatlarning jami soni 538 nafar, nomzod g‘alabaga erishish uchun shundan kamida yarmidan ko‘prog‘ining — 270 nafarining ovozini o‘ziniki qilishi talab etiladi.

Tramp allaqachon o‘zini AQShning yangi prezidenti deb e’lon qilib bo‘ldi. Fox News Amerika mediasi orasida birinchi bo‘lib Tramp g‘alaba qozonishini xabar qilishi ortidan u Floridaning Uest-Palm-Bich shaharchasidagi qarorgohida tarafdorlari qarshisida nutq so‘zladi. Tramp Amerika xalqi uni 47-prezident etib saylaganini e’lon qildi. Respublikachilar nomzodi bu amerikaliklarning «ajoyib» g‘alabasi bo‘lganini ta’kidladi. U AQSh aholisini baxtiyor, Amerikani — kuchli va xavfsiz qilishga va’da bergan. Shuningdek, raqiblari aytganidek urush boshlamasligini bildirgan. «Men urushlarni to‘xtatmoqchiman», — degan Tramp.

Tramp saylovlardagi g‘alabasi munosabati bilan dastlabki tabriklarni qabul qilib olgan. Uni birinchilardan bo‘lib  Salvador prezidenti Nayib Bukele, Vengriya bosh vaziri Viktor Orban, Avstriya kansleri Karl Nehammer va Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich tabriklagan.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Tramp bilan hamkorlik qilish «imkoniyatini intiqlik bilan kutayotgani»ni, «Buyuk Britaniya va AQSh o‘rtasidagi alohida munosabatlar Atlantikaning har ikki tomonida yana uzoq yillar davomida rivojlanishda davom etishi»ni aytgan. Germaniya kansleri Olaf Shols ham o‘z tabrigida mamlakatlar «Atlantikaning ikki sohilidagi farovonlik va erkinlikni ta’minlovchi» hamkorlikni davom ettirishini bildirgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron oldin ham bo‘lganidek «tinchlik va farovonlik uchun» Tramp bilan ishlashga tayyorligini izhor etgan.

Turli mamlakatlar rahbarlari Trampga yo‘llagan tabriklarida Rossiya-Ukraina mavzusiga to‘xtalgan. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy sentabr oyida Tramp bilan o‘tkazilgan «ajoyib uchrashuv»ni eslashini, o‘shanda ular «Ukraina va AQShning strategik hamkorligi, g‘alaba rejasi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi tajovuzini to‘xtatish yo‘llarini batafsil muhokama qilgani»ni aytgan. Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Trampni tabriklar ekan, «mintaqaviy va global inqirozlar va urushlar, ayniqsa, Falastin masalasi va Rossiya-Ukraina urushi to‘xtashi» hamda «yanada adolatli dunyo qurish uchun ko‘proq harakatlar amalga oshirilishi»ni kutayotganini bildirgan.

Kremldagilar AQShdagi saylov yuzasidan izoh berishda Trampning saylanadigan bo‘lsa, Rossiya-Ukraina urushini tezda to‘xtatish haqidagi va’dalarini eslashgan. RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSh «[Ukrainadagi] mojaroga barham berishga hissa qo‘sha olishi», ammo buni «bir kechada amalga oshirib bo‘lmasligi»ni ta’kidlagan. Peskov RF prezidenti Vladimir Putin Trampni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklash rejasi bor yoki yo‘qligidan «xabardor emasligi»ni aytgan: «Nima bo‘lganda ham unutmaylikki, gap bizning davlatga qarshi urushda bevosita va bilvosita ishtirok etayotgan, nodo‘st mamlakat haqida ketmoqda».

AQShda bir vaqtning o‘zida kongressmenlar ham saylandi, Respublikachilar partiyasi AQSh kongressi senatida ustunlikni qo‘lga kiritdi. G‘arbiy Virjiniya va Ohayo shtatlaridagi g‘alabalar respublikachilarning parlament yuqori palatasti ustidan nazorat o‘rnatishini ta’minladi. Bu ikki g‘alaba respublikachilarga 100 o‘rinlik senatda kamida 51 o‘rinni band etishga imkon beradi. Bundan tashqari, Amerika nashrlari prognozlariga ko‘ra, respublikachilar kongressning Vakillar palatasida ham ustunlikni saqlab qoladi.

78 yoshli Donald Tramp AQSh tarixida saylovlardagi mag‘lubiyatdan keyin Oq uyga qaytishga erishgan ikkinchi sobiq prezident bo‘ladi: Tramp 2016 yilgi saylovda g‘olib chiqqan, ammo 2020 yil yutqazgandi. Qo‘shma Shtatlarning bunday natija qayd etgan birinchi prezidenti Grover Klivlend bo‘lgandi — u ham 1884, 1888 va 1892 yillarda qatorasiga uch kampaniyada ishtirok etgan, ammo ikkinchi saylovida yutqazgandi. Hozirda Tramp ham Jo Baydenning 2020 yilgi saylovlardan keyin lavozimga kirishgan yoshida. O‘shanda Bayden eng keksa davlat rahbari bo‘lgandi.

Ko‘proq yangiliklar: