Prezidentlik saylovida g‘alaba qozonish uchun zarur ovoz to‘plagan respublikachi Donald Trampning inauguratsiyasi 2025 yil 20 yanvarda Vashingtondagi Kapitoliyda o‘tkazilishi rejalashtirilgan, deb xabar berdi USA Today.
Inauguratsiya kuniga rejalashtirilgan tadbirlar qatoriga yangi prezidentning qasamyod qabuli va davlat rahbarining nutqi kiradi. Marosimdan oldin va keyin boshqa tadbirlar, jumladan, tantanali parad va inauguratsiya bazmi ham o‘tkaziladi.
An’anaga ko‘ra, shu kuni yangi saylangan prezident va vitse-prezident, ularning turmush o‘rtoqlari Oq uyga keladi. Ularni Oq uyni tark etayotgan prezident oilasi kutib oladi. Bu odat hokimiyatning tinch yo‘l bilan o‘tkazilishini anglatadi. Ammo 2021 yilda Tramp AQSh prezidenti Jo Baydenning inauguratsiyasini boykot qilgan edi.
6 noyabr kuni ertalab 78 yoshli Tramp prezidentlik saylovida g‘alaba qozonganini e’lon qildi. Saylovdan keyin 73-79 kun ichida yangi prezident o‘z lavozimiga kirishishi va prezidentlik qasamyodini qabul qilishi kerak. Inauguratsiya har bir yangi muddatda, hatto prezident ikkinchi muddatga o‘z lavozimida qolsa ham bo‘lib o‘tadi.
1933 yilga qadar inauguratsiya 4 martda bo‘lib o‘tdi. 1937 yildan beri u 20 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan tushda bo‘lib o‘tmoqda. 1957, 1985 va 2013 yillarda Duayt Eyzenhauer, Ronald Reygan va Barak Obama inauguratsiya marosimlari bundan mustasno edi. Ushbu marosimlar 21 yanvar kuni bo‘lib o‘tdi, chunki 20 yanvar yakshanba kuniga to‘g‘ri keldi.