Amerikaliklar keyingi 4 yil uchun yangi prezidentni saylamoqda. Davlat bo‘ylab 168 million saylovchidan 81 millioni muddatidan avval ovoz bergan. Nomzod Harris hamda amaldagi prezident ham saylov kunidan avval ovoz berishda qatnashdi. Tahlilchilar biror nomzod mutlaq ustunlikka ega emasligidan kelib chiqib, yakuniy natijalar cho‘zilishini aytmoqda. Biroq Pitsburg universiteti professori, siyosatshunos Jyennifer Brik Murtazashvili fikricha, 5 noyabr tundayoq g‘olib kim ekani ma’lum bo‘ladi.
Birinchi saylov uchastkalari Nyu-Hempshir shtatidagi posyolkalarda ochildi. Keyingi prezident amaldagi vitse-prezident va yurist Kamala Harris yoki sobiq prezident, milliarder Donald Tramp bo‘lishi mumkin. AQShdagi Prezident saylovi natijalari ba’zan ovoz berish tugaganidan bir necha soat o‘tiboq e’lon qilinadi, lekin bu gal ikki nomzod ham yaqqol ustunlikka ega emas. Shuning uchun ham saylov natijalari biroz cho‘zilishi mumkin. BBS tahliliga ko‘ra, shtatma-shtat keskin raqobat, pichoq poygasi odamlarni biroz kutishga majbur qiladi. OAV ham kim yutishini taxmin qilolmay, yaxshisi saylovning yakuniy natijalarini kutib turish haqida gapirmoqda.
Ovozlar sanalishi qonun-qoidasi ham bor, agarda ikki nomzod o‘rtasida farq kichik bo‘lsa, byulletenlar qayta sanaladi. Masalan, Pensilvaniya shtatida g‘olib va mag‘lub nomzod o‘rtasidagi ovozlar farqi 0,5 foiz bo‘lsa, shtat bo‘ylab byulletenlar qayta sanashga buyuriladi. 2020 yilgi saylovlarda Pensilvaniyada Bayden va Tramp uchun ovozlar farqi 1,1 foiz bo‘lgan.
Saylov oldidan huquqiy buzilishlar va bu bo‘yicha arizalar bor. Ayniqsa, respublikachilar tomonidan saylovchilar ro‘yxatini boshqarish holati qayd etilgan. Har qanday tartibsizliklar, saylov uchastkalaridagi noroziliklar ham natijalar kechikishiga sabab bo‘ladi.
Bu yil aksariyat amerikaliklar muddatidan avval ovoz berishni ma’qul ko‘rdi. Kovid pandemiyasi davridagidan farqli o‘laroq odamlar bu gal o‘z ovozini kamroq pochta orqali yo‘llamoqda.
Agarda avvalgi saylovlarga e’tibor qaratsak, 2020 yilda 3 noyabr, seshanba kuni saylov bo‘lib o‘tgan. Lekin OAV 7 noyabr tongiga qadar Baydenni g‘olib deya atamagan. Yaqin yillardagi saylovlarda ham yakuniy natijalar uzoq kutilmagan. 2016 yilda Tramp g‘alaba qozongani saylovning ertasiga, 2012 yilda esa Obamaning ikkinchi muddatga qayta saylanishi saylov kuni tugashi bilanoq bashorat qilingan. Lekin natijalar cho‘zilgan holatlar ham bor. Masalan, 2000 yilda Jorj Bush va Al-Gor o‘rtasidagi kampaniya o‘ta keskin kechib, 7 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov natijalari dekabrning o‘rtasigacha cho‘zilgan. Floridadagi saylovoldi raqobat mojaroga aylanib ketgan hamda bu 12 dekabrgacha davom etgan. AQSh oliy sudi ovozlarni qayta sanashni tugatishga qaror qilgan va Oq Uyni Jorj Bushga topshirgan.
Pitsburg universiteti professori, siyosatshunos Jyennifer Brik Murtazashvili fikricha, natijalarni uzoq kutish shart emas. 5 noyabr tunda ko‘p narsa ravshanlashadi. Lekin kim g‘olib bo‘lishi oxirgi daqiqalargacha mavhum, davlatda saylov oldidan keskin siyosiy atmosfera va ikki qutbga bo‘linish bor.
“Bu juda mavhumligicha qolyapti, ayni daqiqalar Qo‘shma shtatlarda o‘ta keskin siyosiy kayfiyat hukmron, aholi ovoz berishga safarbar qilingan. Mening o‘ylashimcha, juda ko‘plab saylovchilar ovoz berishga chiqyapti. Kim saylovda yutadi degan savolning taqdirini bugun kim uyda o‘tiradi-yu, kimga o‘z energiyasini sarflab saylovga chiqadi, ana shu narsa hal qiladi. Men siyosatshunosman, bu saylovning taqdirini odamlarning fikrini o‘zgartirolgan nomzod hal qiladi. Odamlarda doim fikr bo‘lgan, lekin kim ta’sirlandi va ovoz berishga chiqadi, shu muhim. 8 yil avval Tramp saylanganida biz juda ajablanganmiz, biz uchun syurpriz edi, kutmagandik. Odamlar uni xohlamagan edi, lekin qarangki saylovda qo‘llagan”, - deydi Murtazashvili.
Shtatlarda ovozlar qanday sanaladi?
Jorjiya shtatida ovoz berish 19:00 da yakunlanadi. Pochta va muddatidan avval ovoz berganlarning byulletenlari bevosita ovoz berish jarayoniga qadar sanab qo‘yiladi. Shtat rasmiylariga ko‘ra, ovoz berish yakunlanishi bilan byulletenlarning 75%i 1 soatda sanab chiqiladi, sanash ishlari 5 noyabr tundayoq yakunlanadi.
Shimoliy Karolina shtatida saylov uchastkalari Jorjiyadan yarim soat o‘tib yopiladi. Ovozlar esa tun oxirigacha sanab bitkazilishi aytilgan.
Pensilvaniya shtatida esa Jorjiyadan 1 soat o‘tib ovoz berish yakunlanadi. Lekin bu shtat saylov siklida eng hal qiluvchi ahamiyatga ega hududlardan. Bu yerda byulletenlarni sanashga tonggacha ruxsat berilmaydi, aynan shundan kelib chiqib yakuniy natijalar kechikadi.
Michigan shtatida Jorjiyadan 2 soat o‘tib saylov uchastkalari yopiladi. Ushbu shtat rasmiylari saylovga 1 hafta qolgan muddatda byulletenlarni sanashga ruxsat beradi, ya’ni muddatidan avval ovoz berganlar hamda pochta orqali ovoz yo‘llaganlarnikini. Lekin saylov tugamaguncha natijalarni oshkor qilish taqiqlangan. Michigandagi saylov komissiyasi rasmiysiga ko‘ra, natijalarni uzoq kutish shart emas, uzog‘i chorshanba kuni tushlikka qadar ular chiqadi.
Arizona shtati dastlabki natijalar mahalliy vaqt bilan 22:00 dayoq tayyor bo‘lishiga ishontirmoqda. Rasmiylar ovozlarni sanash ishlari tunning o‘zidayoq yakunlanishini aytmoqda. Lekin pochtadan kelgan ovozlarni sanash uchun 10 kunlab vaqt talab qilinadi.
Nevada shtatida ovozlarni sanash biroz cho‘zilishi kutilmoqda. Chunki ko‘pchilik pochta orqali ovozini yo‘llagan hamda pochtalar yetib kelish muddati etib 9 noyabr belgilangan.
“Biz bugunning o‘zida kim g‘olib ekanini bilamiz. Shu tun hammasini hal qiladi, g‘olibni aniqlaymiz. Mening his qilishimcha, kimdir bugun uydan ko‘chaga chiqmaydi, kimdir faollik bilan borib ovoz beradi. Biz ko‘ramiz, qani kim odamlarni uyidan ko‘chaga chiqara oldi? Men yashayotgan Pensilvaniyada nima bo‘lyapti, bilasizmi? Ikki hafta oldin hamma Tramp deyotgandi, kechadan boshlab hamma Harris deyapti. Odamlar birdan qarashini o‘zgartirdi. Bu mening taxminim, lekin javoblarni bugunning o‘zida bilamiz”, - deya qo‘shimcha qiladi professor Murtazashvili.
Tramp erkak bo‘lgani uchun g‘alaba qozonadimi?
AQSh tarixida biror ayol prezident yo‘q. Kamala Harris davlat tarixida ilk ayol vitse-prezident. Xo‘sh, Tramp bu gal ham erkak bo‘lgani uchun g‘alaba qozonishi mumkinmi? Siyosatshunos fikricha, Amerikada bu birlamchi omil emas.
“Saylovda odamlar jinsiga qarab qaror chiqarishi, ovoz berishidan avval u erkakmi yoki ayol ekaniga e’tibor qilishiga amin emasman. Har holda Amerikada bunday bo‘lmaydi, ularning aytgan gapi, taklif va g‘oyalari muhim. Ular qanday boshqarmoqchi, migratsiya bo‘yicha qaysi yo‘ldan boradi, xavfsizlik borasida nima qilmoqchi, shular muhim. Lekin gender masalasini ham qisman inobatga olishlari mumkin, lekin asosiy o‘rinda bo‘lmaydi”, - deydi Jyennifer.
Eslatib o‘tamiz, saylangan prezidentning inauguratsiyasi 2025 yil, 20 yanvar dushanba kuni Kapitoliy tepaligida bo‘lib o‘tadi. Bu AQSh tarixidagi 60-prezident inauguratsiyasi bo‘ladi. Tadbirda yangi prezident konstitutsiyani himoya qilishni va’da berib, qasamyod qiladi hamda o‘zining inauguratsion nutqi bilan chiqish qiladi.
Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.