Ispaniya huquq-tartibot organlari og‘irligi 13 tonnaga teng kokainni to‘xtatib qoldi — bu mamlakat tarixida musodara qilingan eng katta partiyadir, deb xabar beradi El Mundo.
«Alxesiras portida ichida 13 tonna 62 kilogramm kokain ortilgan konteyner aniqlandi. Bu hozirga qadar Ispaniya hududida qo‘lga kiritilgan rekord darajadagi giyohvandlik vositasi», — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanicha, bu Yevropa hududida aniqlangan eng yirik ikkinchi partiyadir. Giyohvandlik vositalari Ekvadordan kelgan, bananlar ortilgan konteyner ichiga yashirilgan. Yuk Alikante provinsiyasidagi kompaniyaga yetkazilishi kerak bo‘lgan. Ushbu kompaniya bir necha yil davomida Janubiy Amerika mamlakatidan katta miqdorda mevalarni qabul qilib kelgan, ammo keyinroq o‘z faoliyati to‘xtatgan.
Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, tintuv vaqtida bir nafar gumonlanuvchi qo‘lga olingan, import bilan shug‘ullangan kompaniyaning ikki menejeri esa qidiruvga berilgan.
Avvalroq Shimoliy Reyn-Vestfaliya federal yerida – Myonxengladbax, Duysburg va Krefeld shaharlarida, shuningdek, Firzen, Xaynsberg va Noys okruglarida joylashgan oziq-ovqat diskaunterining o‘n bir shoxobchasida banan qutilaridan paketlarda jami 95 kilogramm kokain topilgan edi.