Inson matonati: 22 yil davomida tog‘ni yo‘nib yo‘l ochgan odam

Jahon 12:00 / 06.11.2024 29239

Gap inson matonatidan ketar ekan, ayrimlarning sabriga, o‘z yo‘lida sobitqadam yurib, aql bovar qilmas ishlarni amalga oshirishiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q.

Hindistonlik Dashrat Manji ham ana shunday insonlardan biri hisoblanadi. Uning matonati haqida filmlar ishlangan, kitoblar yozilgan. Xo‘sh, bu odam qanday qilib bunchalik mashhurlikka erishdi?

Barchasi 1959 yilda boshlanadi. O‘shanda 25 yoshli Dashratning xotini dardga chalinib, shifokorlar ko‘magiga muhtoj bo‘lib qoladi.

Boshqa bir ma’lumotga ko‘ra, Dashratning xotini u ishlayotgan joyga tushlik olib kelayotganda tog‘ so‘qmog‘idan yiqilib, jarohatlanadi.

Dashrat oilasi bilan Bihar shtatidagi Gaya shahri yaqinida, tog‘li hududda yashardi. Bihar shtati Nepal davlati bilan chegaradosh bo‘lib, uning bir qismini Himolay tog‘lari egallaydi.

Dashrat yashaydigan qishloq tog‘lar orasida joylashgandi. U yerdan yaqin atrofdagi shaharchaga borish uchun 70 kilometr masofada tog‘larni aylanib o‘tish kerak edi va bu uchun ancha vaqt sarflanardi.

Shundoqqina tog‘ning orqasida joylashgan qishloqqacha borish uchun ham 50 kilometrdan ko‘proq yo‘l bosish kerak bo‘lardi.

Yigit kasal xotinini uzoq yo‘l bosib shaharchaga olib borolmas, o‘zi borib shifokorni olib kelgunicha xotini jon berishi mumkin edi. Qolaversa, o‘zi borgani bilan shifokorni olib kelishga ulovi ham yo‘q edi.

Ana shunday og‘ir vaziyatda yigit chorasiz qoladi va hech narsa qila olmaydi. Ayoli jon beradi.

Dashrat yashaydigan qishloqdan shaharga yaqin yo‘l tortish uchun qoyali tog‘ni teshish kerak bo‘lardi. Xotini vafotidan so‘ng, 1960 yilda u shu ishni amalga oshirishga qaror qiladi va cho‘kich hamda yana bir nechta ish qurollari bilan tog‘ni yo‘na boshlaydi. U ishlayotgan joyda toshning tarkibi qattiq kvarsit mineralidan iborat bo‘lgani sababli ish juda qiyin kechadi.

Dashrat yo‘lni mashinalar ham sig‘adigan qilib ochishga qaror qiladi. U ochishni boshlagan yo‘lning eni qariyb 10 metr edi.

Dashrat Manji yo‘l ochgan tog‘

Qattiq toshni maydalash oson emasdi, biroq yigit ortga chekinmaydi va ishlashda davom etadi. Shu tariqa u 1960 yildan 1982 yilgacha, 22 yil davomida uzunligi 110 metr, eni 9,1 metr, chuqurligi 7,6 metr bo‘lgan joyni yo‘nib, yo‘l ochadi.

Shundan so‘ng u yashaydigan qishloq va yaqin shahar orasidagi masofa 70 kilometrdan 15 kilometrgacha, ikkita tuman o‘rtasidagi masofa ham 55 kilometrdan 15 kilometrgacha qisqaradi.

Yo‘lni ochib bo‘lganidan so‘ng 48 yoshli Dashrat bajargan ishini hukumatga ma’lum qilish uchun Dehliga otlanadi. Biroq poytaxtga yetib borolmaydi. O‘shanda uni Bihar shtati gubernatori qabul qiladi va mukofotlaydi.

Dashrat yo‘lni ochganidan so‘ng uzoq yillar davomida odamlar undan foydalanadi. Biroq yo‘l ancha vaqt shu holicha turadi. Faqat 2011 yilga kelib mahalliy hukumat unga asfalt yotqizadi.

Dashrat Manji ochgan yo‘l

Keyinchalik, Dashrat taniqli shaxsga aylangandan so‘ng OAV undan intervyular oladi. Intervyularining birida u shunday deydi:

«Qo‘limda ikkita ish quroli bilan tog‘ni yo‘nish uchun ish boshlaganimda hamqishloqlarim «Xotini o‘lib, bu jinni bo‘lib qolibdi», deb ustimdan kulishgandi. Tog‘ni yo‘nib yo‘l ochishimga ishonishmagandi. Keyinchalik, bir necha yildan so‘ng ozroq yo‘l ochilgach, ular mazax qilishni to‘xtatdi. Yeguliklar va ish qurollari olib kelib berishdi».

Dashrat yo‘lni bitkazgandan so‘ng bir necha yil o‘tib saraton kasaliga chalinadi. 2007 yil iyul oyida uni Dehlidagi Tibbiyot fanlari institutiga yotqizishadi. Oradan uch hafta o‘tgach, u shu yerda, 73 yoshida vafot etadi.

Dashrat Manji tog‘ni yo‘nish jarayonida

Bu paytda Dashrat Manji Hindistonda «Tog‘ odami» nomi bilan mashhur bo‘lib ketgandi. Uning dafn marosimini Bixar shtati hukumati o‘tkazadi.

O‘limidan bir yil oldin u Hindistonda nufuzli bo‘lgan Padma Shri mukofotini olgan edi. 2016 yilda Hindiston pochtasi yangi pochta markasiga Dashrat Manji suratini muhrlaydi.

Dashrat Manji haqida film

2015 yilda hindistonlik taniqli rejissyor Ketan Mehta Dashrat Manji haqida film suratga oladi. «Manji» deb atalgan filmning dunyo premerasi 2015 yil 21 avgust kuni o‘tkaziladi.

Dashrat Manji haqida olingan film uchun tayyorlangan banner

Filmda Dashrat rolini taniqli hind aktyori Navozuddin Siddiqiy ijro etgan. Film kinotanqidchilarning ijobiy bahosini olgan.

Film ijodkorlari Dashrat Manjining hayoti qanday kechgan bo‘lsa, shu tarzda ko‘rsatishgan. Shuningdek, filmda to‘qima hodisalar ham bor.

Film ijodkorlariga bir yilda 2,2 million dollar kassa yig‘imi keltirgan va bu hind filmi uchun muvaffaqiyat sanaladi.

Filmda Dashratning xotini eriga ovqat olib kelayotib yiqilganda homilador bo‘lgani va u qizaloqni dunyoga keltirib vafot etgani ko‘rsatiladi.

Dashrat Manji ochgan yo‘lning hozirgi ko‘rinishi

Shuningdek, film oxirida Dashrat Manji 2007 yil vafot etgani, u ochgan yo‘lni hukumat oradan 30 yil o‘tgach, 2011 yilda qattiq qoplamali yo‘lga aylantirgani aytiladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: