Korrupsiyaga qarshi kurashish doirasida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Toshkent viloyatida bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Majburiy ijro byurosining Qibray tuman bo‘limi davlat ijrochisi fuqaroning kredit qarzdorligi sababli xatlovga olingan mol-mulkini auksion savdolarga chiqarmaslik hamda unga nisbatan o‘zining ish yurituvida bo‘lgan ijro ishini tugatib berish evaziga 5 ming AQSh dollari talab qilib, muqaddam 2 ming dollari olgan. Davlat ijrochisi qolgan 3 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Zangiota tumanida kuzatilgan holatda tuman soliq inspeksiyasining shu’ba boshlig‘i vazifasini bajaruvchi shaxs qurilish mollari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan oilaviy korxona faoliyatiga rahnamolik qilish va 1 yil davomida tekshiruv o‘tkazmaslik evaziga 1200 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.
Shuningdek, Toshkent viloyati bojxona boshqarmasining “Yallama” chegara bojxona posti inspektor-surishtiruvchisi taqiqlangan tovarlarni tadbirkor tomonidan O‘zbekistonga olib kirish bo‘yicha sodir etilgan huquqbuzarlikning sudda ko‘rib chiqilishi jarayonida mansabdor tanishlari orqali unga yengillik yaratib berish va ushbu tovarlarni mamlakatdan qaytarib olib chiqib ketishida yordam berish evaziga 1000 dollar olgan vaqtida ushlandi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida bojxona inspektori mazkur masalada ko‘maklashish uchun muqaddam 300 dollar olgani ham ma’lum bo‘ldi.
Hozirda aniqlangan holatlar bo‘yicha Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.