KXDR Yapon dengizi tomon yettita ballistik raketa uchirdi

Jahon 16:53 1284

Shimoliy Koreya qo‘shinlari Yapon dengizi tomon qisqa masofaga mo‘ljallangan bir nechta ballistik raketa uchirdi. Bu haqda Yaponiya Mudofaa vazirligiga tayanib Kyodo agentligi xabar berdi.

Yapon harbiylarining ma’lum qilishicha, KXDR 5 noyabr kuni soat 07:30 dan 07:39 ga qadar kamida yettita raketa uchirgan. Ular 100 kilometr balandlikka ko‘tarilgan, parvoz uzoqligi 400 kilometrni tashkil etgan. Raketalar Yaponiya iqtisodiy zonasidan tashqariga, Koreya yarimorolining sharqiy qirg‘oqlari atrofidagi suvlarga qulagan. Janubiy Koreya harbiylariga ko‘ra, raketalar dengizga kelib tushgan.

Yaponiya, AQSh, shuningdek, «Katta yettilik» davlatlari raketalar uchirilishini qoraladi. Yaponiya hukumati ushbu «harakatlar mamlakat, mintaqa va jahon hamjamiyati tinchligi hamda xavfsizligiga tahdid tug‘dirayotgani»ni, shuningdek, BMT Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyasini buzayotganini ma’lum qildi.

KXDR hukumati hozircha raketalar uchirilgani to‘g‘risidagi xabarlarga hech qanday izoh bermadi.

KXDR 31 oktyabr kuni qit’alararo ballistik raketa sinovini amalga oshirgandi. Raketa 87 daqiqa parvoz qilib, Xokkaydo orolidan 200 kilometr uzoqlikka borib tushgan. Yaponiya hukumatiga ko‘ra, raketa 7 ming metr balandlikka qadar ko‘tarilgan, parvoz uzoqligi esa 1000 kilometrni tashkil etgan. Koreya Markaziy telegraf agentligi bayonotida aytilishicha, sinov parvozi «strategik raketalar kuchi rekordini yangilagan».

Ko‘proq yangiliklar: