Toshkent viloyati Chirchiq shahri hokimi o‘rinbosari 1 mln dollar olgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Hokim o‘rinbosari xizmat mavqeyidan foydalangan holda klaster shaklidagi savdo majmuasi tashkil etish uchun 40 mln dollar miqdorida investitsiya kiritish sharti bilan shahar hokimligi zaxirasidagi 20 gektar yer maydonini auksion savdoga chiqartirib, yutib berish va 49 yil muddatga yerga egalik qilish huquqini rasmiylashtirishda ko‘maklashish evaziga 2 mln dollar talab qilgan.
U oldindan 1 mln dollarni o‘z haydovchisi orqali olgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departament bilan hamkorlikda tezkor tadbirda ushlangan.
Juda ko‘p miqdorda pora olgan hokim o‘rinbosariga nisbatan JKning 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avvalroq Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari tezkor tadbirda qo‘lga olingani, may oyida tezkor tadbirda ushlangan Xovos tumani hokimi sobiq o‘rinbosari esa 7 yilga qamalgani xabar qilingandi.