AQSh yangi prezidentni saylamoqda: ikki nomzod ham o‘z g‘alabasiga shubha qilmayapti

Jahon 17:56 / 05.11.2024 26704

AQShda ilk saylov uchastkalari Vermontda mahalliy vaqt bilan soat 5:00 da (Toshkent vaqti bilan 15:00) ochildi. Qo‘shma Shtatlardagi aksariyat saylov uchastkalari mahalliy vaqt bilan soat 7:00 yoki 8:00 atrofida ochiladi (Toshkent vaqti bilan 17:00 yoki 18:00). Eng oxirida Havayi orollaridagi uchastkalar ochiladi — Toshkent vaqti bilan 22:00.

Harris va Trampning natijasi o‘rtasidagi farq juda kichik bo‘lishi ehtimoli yuqoriligi tufayli, saylov natijalari bir necha kungacha ayon bo‘lmasligi mumkin. Shu bilan birga, barchasi ancha tezroq aniq bo‘lishi va g‘olib nomi ovoz berish yakunlanganidan bir necha soat o‘tiboq e’lon qilinishi mumkinligini ham istisno etib bo‘lmaydi.

AQShdagi saylovlarni butun dunyo kuzatmoqda, ammo bu jarayon Rossiya-Ukraina urushi uchun yanada muhimroq. Tramp g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, bir kun ichida urushni yakunlashini aytgan, ammo buni qanday qilmoqchiligini ochiqlamagan (uning raqiblari esa respublikachilar nomzodi Ukrainani Rossiyaga hududlarini topshirishga majbur qilishi mumkinligidan ogohlantirgan). Harris esa Kiyevni qo‘llashda davom etishi va uning g‘alabasi uchun zarur bo‘lgan barcha ishni qilishga va’da bergan.

So‘rovlarga ko‘ra, Harris milliy miqyosdagi mashhurlik bobida Trampni ortda qoldirgan, ammo bu saylovlar taqdiri umummilliy ovoz berish natijalariga ko‘ra emas, balki ikkilanuvchi yettita shtatda hal bo‘ladi.

So‘nggi haftalarda mazkur shtatlarda nomzodlarning pozitsiyalari deyarli o‘zgarmadi va ularning reytingi taxminan bir xilligicha qoldi, ya’ni shtatlarning bir qismida Tramp, qolganida Harris statistik xatolik darajasidagi farq bilan oldinda.

Sotsiologlarning ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp Nevada, Jorjiya, Shimoliy Karolina va Arizonada biroz oldinda, Harris esa Viskonsin va Michiganda shunday minimal farq bilan ustunlikka erishgan. Pensilvaniyada ikki nomzod ham bir xil ko‘rsatkichga ega.

Ammo bugun amerikaliklar nafaqat prezidentni, balki Kongressning ikkala palatasi a’zolarini ham tanlaydi. Hozirda respublikachilar Vakillar palatasida ko‘pchilikni tashkil etadi, Senat — demokratlarda. Ijtimoiy so‘rovlar «rokirovka» bo‘lishini ko‘rsatmoqda, unga ko‘ra quyi palata demokratlarga o‘tadi, yuqori palata — respublikachilarga.

Yangi prezident o‘z rejalarini amalga oshirishi va saylovdan oldin bergan va’dalarini bajarishi ko‘p jihatdan Kongressda qaysi tomon ko‘pchilikni tashkil etishiga bog‘liq. Qonun chiqaruvchilar tashqi siyosatga ham ta’sir ko‘rsatadi. Ayrim respublikachi senatorlar Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni davom ettirishga qarshi va Harris g‘alaba qozongan taqdirda ham Senatda ko‘pchilikni tashkil etadigan respublikachilar Ukrainaga yordam kelajagini shubha ostida qoldiradi.

Bundan tashqari, bugun 11 shtatda gubernatorlar ham saylanadi, 10 shtatda esa abortlar to‘g‘risidagi qonun xalq muhokamasiga qo‘yilgan, unga ko‘ra, mazkur hududlarda abortga ruxsat beriladi yoki taqiqlanadi.

Ovoz berishning ilk natijasi ham ushbu saylovlardagi vaziyatni yaqqol aks ettiradi. An’anaga ko‘ra, birinchi bo‘lib Nyu-Hempshir shtatining Diksvill-Notch kommunasidagi aholi yashash manzilida birinchi bo‘lib, yarim tunda ovoz berildi. Bu yerda ro‘yxatdan o‘tgan olti nafar saylovchi ikkiga bo‘lingan: uch kishi Trampga, yana uch kishi Harrisga ovoz bergan.

Shu bilan birga, 82 milliondan ortiq AQSh fuqarosi muddatidan oldin ovoz bergan — asosan pochta orqali. Muddatdan oldin ovoz berish 2020 yilda kovid pandemiyasi tufayli keng tarqalgan amaliyotga aylangandi.

Yarim tungacha davom etgan mitinglar

Harris ham, Tramp ham o‘z g‘alabasiga ishonch bildirishgan — va ular saylovoldi kampaniyasining dushanba kuni kechgacha cho‘zilgan oxirgi mitingida shu haqda gapirishgan.

Tramp Michigan shtatidagi Grand-Rapids shahrida o‘tkazilgan mitingini mahalliy vaqt bilan tungi soat ikkida yakunladi. U butun kampaniya davomida bo‘lgani kabi o‘z nutqini iqtisodiyot, migratsiya va Kamala Harrisni tanqid qilishga bag‘ishladi.

«O‘ylaymanki, bizda tez orada ajoyib natija bo‘ladi. Menimcha, biz Michiganda g‘olib chiqamiz, — degan Tramp. — Sizning ovozingiz Kamalani haydash va Amerikani qutqarishga yordam berishi mumkin. Biz soliq va inflatsiyani qisqartiramiz, narxlarni keskin pasaytiramiz, maoshlarni ko‘taramiz, Amerikaga va Michiganga minglab zavodlarni qaytaramiz va bu ko‘p jihatdan bojlar joriy etish orqali qilinadi — bu mening sevimli so‘zim».

Tramp bu orqali Amerikadagi mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llash uchun Xitoy hamda boshqa mamlakatlardan keladigan mahsulotlar uchun boj ta’riflarini keskin oshirish haqidagi va’dasini nazarda tutgan.

Jurnalistlar aytganidek, Tramp o‘z prezidentligining dastlabki yillarida AQShda iqtisodiy vaziyat barqaror bo‘lganini eng jiddiy argument sifatida keltiradi, holbuki unda hali kovid pandemiyasi hamda Ukrainadagi urush bilan bog‘liq qiyinchiliklar boshlanmagandi. O‘z kampaniyasi vaqtida Tramp saylovchilarni uning Oq uyga qaytishi AQSh iqtisodiyotini 2019 yilgacha bo‘lgan tinch davrga qaytarishiga ishontirishga urindi.

Saylov kunidan oldinroq jahondagi eng mashhur podkastlardan biri boshlovchisi Jo Rogan tomonidan qo‘llab-quvvatlov Tramp uchun yaxshi yangilik bo‘ldi. Rogan Trampning eng taniqli tarafdorlaridan biri — milliarder Ilon Mask bilan intervyudan keyin saylovchilarni respublikachilar nomzodiga ovoz berishga chaqirdi.

Roganning so‘zlariga ko‘ra, Maskning Tramp foydasiga keltirgan argumentlari uni ishontirgan va u «suhbatdoshining barcha masalalardagi fikrlariga qo‘shilgan». «Barchaga tushunarli bo‘lishi uchun — ha, bu shuni anglatadiki, men Trampga ovoz berishga chaqiraman», — degan Rogan.

Harris ayollar va yoshlarga umid bildirmoqda

O‘z navbatida, Harrisning tarafdorlari saylov kunidan oldingi kunlarda ularning nomzodi o‘z pozitsiyalarini mustahkamlagani, tobora ko‘proq ayollar uni qo‘llab-quvvatlayotganini aytishgan.

Nomzodlarning gender tenglik bo‘yicha qarashlari keskin farqlanishi ushbu saylovda muhim rol o‘ynashi taxmin qilinmoqda: so‘rovlarga ko‘ra, Trampni ko‘proq erkaklar, Harrisni — ayollar qo‘llamoqda. Bu ko‘p jihatdan respublikachi nomzodning abort masalasidagi pozitsiyasi bilan bog‘liq: u prezidentligida ayollarning homiladorlikni to‘xtatishga bo‘lgan konstitutsiyaviy huquqini bekor qildirgandi.

O‘tgan haftada shu vaqtgacha respublikachilarga moyil hisoblab kelingan Ayova shtatida o‘tkazilgan so‘rov natijalari shov-shuv keltirib chiqardi.

Des Moines Register gazetasi buyurtmasiga ko‘ra nufuzli kompaniya o‘tkazgan tadqiqot Harris saylovga borishga ahd qilgan saylovchilar orasida o‘tkazilgan so‘rovnomada Trampni ortda qoldirganini ko‘rsatgan: uni so‘ralganlarning 47 foizi qo‘llagan, respublikachini esa — 44 foizi.

Tramp bu natija ishonchsizligini aytdi, ammo Harrisning tarafdorlari demokrat nomzodning pozitsiyasi aynan ayollarning ovozi hisobiga mustahkamlanganini bildirmoqda.

Harris o‘zining so‘nggi chiqishini Filadelfiyada — saylovni hal qiluvchi eng katta shtat Pensilvaniyaning eng katta shahrida amalga oshirdi.

U o‘zining kampaniyasi «mamlakatning turli burchaklaridan bo‘lgan turli odamlarni birlashtirgani»ni aytdi. «Biz nimagadir qarshi kurashayotganimiz yo‘q, balki nimadir uchun kurashyapmiz. Bugun biz boshlaganimiz kabi yakunlaymiz: energiya bilan, optimizm bilan, xursandchilik bilan», — degan Harris o‘z tarafdorlariga qarata.

Unga yosh saylovchilarning qo‘llovi ayniqsa muhim va u chiqishi vaqtida aynan ularga murojaat qildi: «Aytmoqchimanki, men sizning kuchingizni ko‘ryapman va siz bilan juda faxrlanaman».

Tahlil: ikki turli dunyo raqobati
Sara Smit, BBC’ning Shimoliy Amerika bo‘yicha muharriri

AQSh bo‘ylab ko‘plab safarlar va saylovchilar bilan muloqotlardan keyin men o‘zim uchun muhim bir xulosaga keldim: Amerika nafaqat g‘ayrioddiy bo‘lib ko‘rinadi, balki ikki xil davlat bir hududda birga yashashga harakat qilayotgandek tuyuladi.

Demokratlar asosan shaharlarda va ularning atroflarida, respublikachilar — asosan qishloq joylarda istiqomat qiladi.

Shu bilan birga, amerikaliklar siyosiy qarashlari o‘zlarinikiga yaqin qo‘shnilar topishga va o‘z tarafdorlari yashaydigan joylarga ko‘chib o‘tishga harakat qiladi. Va endi qaysi hudud qaysi partiyaga moyilligini aniqlash qiyin emas: uylar atrofida Tramp yoki Harrisni qo‘llab-quvvatlab ilingan plakatlarni ko‘rish mumkin.

Ammo bunday ikki xil dunyoda cheksiz yashab bo‘lmaydi. Bahs qanchalik murosasiz kechmasin, kimdir g‘alaba qozonadi.

Va AQShning ko‘plab aholisi saylov natijalaridan xabar topganida, ular o‘n millionlab vatandoshlari dunyoga boshqacha nazar bilan qarashlarini ko‘rib, dahshatga tushishadi.

Ko‘proq yangiliklar: