Abdulla Aripov Shanxayda Xitoy bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

O‘zbekiston 18:34 / 04.11.2024 2913

5-10 noyabr kunlari Xitoy Xalq Respublikasining Shanxay shahrida yettinchi Xitoy xalqaro import mahsulotlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi. Mazkur tadbirda faxriy mehmon maqomida ishtirok etish uchun bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligidagi O‘zbekiston hukumati delegatsiyasi Shanxayga tashrif buyurdi. Bu haqda bosh vazir matbuot kotibi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tashrif doirasida Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashi bosh vaziri Li Syan bilan uchrashuv o‘tkazilgan. Dastlab, O‘zbekiston tomoni Shavkat Mirziyoyevning XXR raisi Si Jinpingga yo‘llagan samimiy salomini yetkazgan. O‘z navbatida, Xitoy tomoni Si Jinpingning O‘zbekiston rahbariga ezgu tilaklarini yetkazib qo‘yishni so‘ragan.

«Xitoy O‘zbekistonning ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan strategik hamkori ekani, ikki tomonlama aloqalar tobora mustahkamlanib borayotgani, munosabatlarning bugungi darajaga ko‘tarilishida O‘zbekiston prezidenti va Xitoy raisi o‘rtasidagi ishonchli, samimiy va do‘stona munosabatlar asosiy omil bo‘layotgani ta’kidlandi», — deyiladi xabarda.

Shuningdek, uchrashuvda savdo-iqtisodiy hamkorlik rivojlanib borayotgani qayd etilgan. Xususan, 2023 yilda savdo aylanmasi 14 milliard dollarga yetgan. Har ikki davlat rahbarlari hukumatlar zimmasiga uning hajmini 20 milliard dollarga yetkazish vazifasini qo‘ygan.

«Uchrashuvda savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, sanoat, infratuzilma, transport-logistika, «yashil» energetika, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik, IT, ta’lim, turizm, hududlararo va madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ham atroflicha fikr almashildi», — deya ta’kidlanadi xabarda.

Bundan tashqari, tashrif doirasida Shanxay shahri Partiya qo‘mitasi kotibi Chen Tszinin hamda «Henan investment Group», «China Datang Group», «Shanxi Tianhai Group» singari Xitoyning yirik kompaniyalari rahbariyati bilan ham uchrashuvlar o‘tkazilgan.

Ko‘proq yangiliklar: