O‘zbekistonda huquqiy savodxonlikni oshirish va xalqaro loyihalarda ishtirok: xorijda faoliyat yuritayotgan o‘zbek yuristining tajribasi

O‘zbekiston 13:10 / 03.11.2024 1216

Miraziz Hidoyatov Toshkentda tug‘ilgan. U Toshkent xalqaro maktabini (TIS) muvaffaqiyatli yakunlaganidan so‘ng, AQSh va Kanadadagi sakkizta yetakchi universitetdan xalqaro grantlar asosida ta’lim olish taklifini oldi. AQShning Triniti universitetida (Trinity University) siyosatshunoslik bo‘yicha bakalavr darajasini olgandan so‘ng, o‘qishini Riga universitetining Stokgolm huquq maktabida xalqaro va Yevropa huquqi bo‘yicha magistratura dasturi doirasida davom ettirdi. Magistraturani yakunlaganidan keyin esa Nyu-York shahridagi AQShning yetakchi huquq maktablaridan biri — Fordem universiteti (Fordham University Law School)ga o‘qishga kirdi.

Ushbu universitetda huquqshunoslik doktori darajasini olgach Nyu-York shtati advokatlar kollegiyasi litsenziyasi imtihonini a’lo darajada topshirdi. Shuningdek, u o‘qish bilan birga xalqaro tashkilotlarda ishlay boshladi, dunyo yetakchi ekspertlari bilan hamkorlik qildi, universitet nashrlarida maqolalar chop etdi va yuridik hamda siyosiy klublarning faol ishtirokchisi hisoblanadi.

Aholining huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar

Miraziz Hidoyatovning so‘zlariga ko‘ra, zamonaviy axborot manbalaridan foydalanish huquqiy savodxonlikni oshirishda samarali vosita hisoblanadi. “O‘zbekiston aholisining huquqiy savodxonligini oshirish uchun, avvalo, umumiy savodxonlikni va zamonaviy axborot manbalaridan foydalanish imkoniyatini oshirish kerak. Shuningdek, aholining huquqiy bazaga kirishini osonlashtirish va uning qo‘llanishini yengillashtiradigan bepul, qulay va tushunarli tizimli yechimlarni ta’minlash zarur. Xususan, sun’iy intellektdan foydalangan holda dasturiy yechimlar va ilovalarni ishlab chiqish lozim”, — dedi u.

Samuel Alito — AQSh Oliy sudi sudyasi

Muhim xalqaro loyihalardagi faoliyat

O‘zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirish maqsadida Miraziz Hidoyatov AQSh va O‘zbekistonda tashkil etilgan kompaniyalari orqali bir qator xalqaro loyihalarda ishtirok etmoqda. Uning kompaniyalari asosan aholining huquqiy bazalarga erkin kirishini ta’minlash va axborot xavfsizligi bo‘yicha qulay tizimli yechimlarni joriy etishga yo‘naltirilgan. Shuningdek, mamlakat uchun shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, bank sohasida axborot xavfsizligini ta’minlash va O‘zbekiston hamda qo‘shni respublikalarning energetika sohasiga investitsiyalar jalb etish kabi masalalar muhim ahamiyatga ega.

“Men mustaqil pudratchi sifatida qonunchilik, xavf-xatarlarni boshqarish va muzokaralar bo‘yicha mutaxassis sifatida qiymati 15 milliard dollardan oshadigan energetika, infratuzilma va moliya sohalaridagi loyihalarda ishtirok etdim. Ushbu loyihalar orasida O‘zbekiston uchun tarixiy ahamiyatga ega bo‘lgan, milliy rivojlanish va xalqaro hamkorlik uchun muhim strategik tashabbuslar mavjud. Biz sheriklarimiz bilan birgalikda AQSh va O‘zbekistonda aholining huquqiy bazaga kirishini ta’minlovchi, uni osonlikcha qo‘llash imkoniyatini beruvchi bepul, qulay va tushunarli tizimli yechimlarni ishlab chiquvchi kompaniyalarni tashkil etdik. Xususan, sun’iy intellektdan foydalangan holda dasturiy yechimlar va ilovalarni rivojlantiryapmiz. Hozirda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish, bank sohasida axborot xavfsizligi va O‘zbekiston hamda qo‘shni respublikalarning energetika sohasiga investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha loyihalar ustida ishlayapmiz.

Ajay Banga — Jahon banki prezidenti va Masterkard kompaniyasining sobiq bosh direktori

Men xalqaro huquq va geosiyosatni tushunadigan yurist sifatida O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiya qilinishini ta’minlash va uning xalqaro maydondagi pozitsiyasini mustahkamlash uchun o‘z bilimlarimdan foydalanishga harakat qilyapman. Xalqaro huquq, korporativ boshqaruv va geosiyosat kesishmasidagi tajribam menga murakkab huquqiy masalalarni samarali hal qilish imkonini beradi, barqaror xalqaro munosabatlar va strategik ittifoqlarni rivojlantirishga yordam beradi”, — deya ta’kidladi yurist.

Gulmira Toshniyozova tayyorladi

Ko‘proq yangiliklar: