Ispaniyada asrning eng vayronkor toshqini. To‘rt kun o‘tib yana nimalar ma’lum?

Jahon 15:52 / 03.11.2024 10868

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Ispaniya janubi-sharqida 29 oktyabr kungi favqulodda yomg‘ir tufayli halok bo‘lganlar soni 214 nafarga yetgan. Bu haqda 2 noyabr kuni mamlakat bosh vaziri Pedro Sanches telemurojaatda ma’lum qildi. U Yevroittifoqdan «qit’a joriy asrda guvoh bo‘lgan eng jiddiy suv toshqini»dan tiklanishda Ispaniyaga yordam ko‘rsatishni so‘ragan.

Bu Ispaniyada 1967 yildan buyon kuzatilgan eng yirik va eng ko‘p odam o‘limiga sabab bo‘lgan suv toshqinlari bo‘ldi. 

Qidiruv-qutqaruv ishlariga kuchishlatar tuzilmalardan qo‘shimcha 10 ming xizmatchi jalb etilgan: besh ming harbiy va yana shuncha politsiyachi. Ular bungacha suv toshqini oqibatlarini bartaraf etish ishlariga kirishgan kuchlarga qo‘shilishi ko‘zda tutilgan. Euronews xabariga ko‘ra, dastlabki kunda armiyaning ikki min askari, Milliy gvardiyadan ikki yarim ming xizmatchi hamda 1,8 ming politsiyachi qutqaruv ishlariga jalb etilgandi.

Payportadagi ko‘ngillilar, 2024 yil 1 noyabr
Nacho Doce / Reuters / Scanpix / LETA

Ko‘chalarni loy va suv bilan kelgan chiqindilardan tozalash ishlarini ko‘ngillilar o‘z zimmasiga olgan. Ularning ko‘pchiligi hukumatni harakatsizlikda ayblab, o‘zlariga «hech kim yordam bermayotgani»dan, ehtimoliy suv toshqini haqida ogohlantirish juda kechikib berilganidan shikoyat qilishgan.

Pedro Sanches ko‘rilgan choralar yetarli emasligini tan olib, jiddiy muammolar hamda vositalar yetishmovchiligini keltirib o‘tgan. U regionda «[kommunal] xizmatlar faoliyatida hozirga qadar buzilishlar kuzatilayotgani, munitsipalitetlar loy ichida qolgani, umidsiz odamlar o‘z qarindoshlarini qidirayotgani, odamlar uylariga bora olmayotgani, uylar vayron bo‘lib, botqoqqa aylangani» haqida gapirgan.

Ispaniya bo‘ylab ko‘plab odamlar bedarak yo‘qolgan bo‘lishi mumkin, ammo rasmiylar ularning sonini ochiqlamayapti.

Qutqaruvchilar hozirga qadar omon qolganlarni topishmoqda. BBC xabariga ko‘ra, Valensiyadan janubda yarim soatlik masofada joylashgan Benetusera munitsipalitetida, mahalliy aholi vakili bo‘lgan ayolni mashina ichidan chiqarib olishgan, u uch kun davomida suv toshqini vaqtida oqib ketgan mashinasi ichida qolgan. Bu ma’lumotni Valensiya munitsipaliteti fuqarolik muhofazasi xizmati rahbari ham tasdiqlagan.

EFE axborot agentligi Valensiya savdo palatasiga tayanib, kuchli yomg‘irlar oqibatida Valensiyada 4 500 ga yaqin korxona jabr ko‘rganini xabar qilgan. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, ularning yarmi tabiiy ofatdan jiddiy zarar ko‘rgan.

Valensiyaning suv bosgan hududining sun’iy yo‘ldosh tasvirlari orqali tahlili. Yashil rangda jabrlangan hududlar, ko‘k rangdagi chiziqlar bilan — suv toshqini kirib borgan yo‘nalishlar ko‘rsatilgan
EU / ESA / Copernicus Emergency Management Service

Yevropa kosmik agentligining sun’iy yo‘ldosh ma’lumotlariga ko‘ra, falokat zonasida jami 3,2 million kishi yashagan, ularning barchasi suv toshqini yoki uning oqibatlaridan u yoki bu darajada jabrlangan bo‘lishi mumkin. Ularning aksari Valensiya atrofida yashovchi kishilardir, ammo Uerta-Sur, Alxemesi va Rekena-Utel ham jabrlangan hududlar qatorida. Shu bilan birga, Valensiyaning suv bosgan hududlarining o‘zida 190 ming atrofida, Uerta-Sudda — 28 ming kishi yashaydi, boshqa hududlardagi jami aholi soni ham bir necha o‘n ming kishini tashkil etadi. Suv bosgan hududlarning umumiy maydoni 150 kilometr kvadrat atrofida.

Ko‘proq yangiliklar: