AQShdagi saylovlar: Yaqin Sharqdagi urush fonida isroilparast lobbi pullari qayoqqa ketyapti?

Jahon 13:35 / 03.11.2024 8572

AQShdagi prezidentlik poygalari finish chizig‘iga yaqinlashmoqda. Hamma ko‘rib, bilib turgan shaxslardan tashqari, yana bir ko‘zga ko‘rinmas va ta’sir doirasi juda katta kuch bor — Amerika isroilparast lobbisi. Demokrat Jo Bayden o‘zidan so‘ng Yaqin Sharqni o‘t ichra qoldirmoqda va lobbistlarning vazifasi — AQShning yangi ma’muriyatidagi loyal siyosatchilar orqali Isroil himoyasini ta’minlash.

Bu kuch Kapitoliy tepaligidagi siyosiy jarayonlarda doim ishtirok etgan, ammo ayni paytda uning sa’y-harakatlari yanada ko‘zga tashlanmoqda.

Mohiyatan bu AQShdagi o‘nlab turli isroilparast guruhlarning millionlab dollarlari Isroilni qo‘llab-quvvatlovchi siyosatchilar va kongressmenlarga yo‘naltirilishini anglatadi.

Yahudiy lobbisining qudrati va uning ulkan moliyaviy imkoniyatlari haqida ko‘plab fitna nazariyalari ham mavjud.

Saylovlar kontekstida bu nimani bildiradi va u saylovlarning borishiga qandaydir ta’sir ko‘rsata oladimi? BBC tahliliy maqolasida shu haqda fikr yuritilgan.

[Lobbilash (ovoz sotib olishdan farqli o‘laroq) AQShda mutlaqo qonuniy harakat hisoblanadi va ko‘plab qoidalar bilan tartibga solinadi. Bu hodisa sudlar tomonidan AQSh konstitutsiyasiga birinchi o‘zgartirish bilan himoyalangan so‘z erkinligi huquqini yuzaga chiqarish deb baholanadi].

Lobbistlarning maqsadi

So‘nggi o‘n yilliklar mobaynida isroilparast lobbi an’anaviy tarzda Isroilga simpatiyasi bo‘lgan siyosatchilarni qo‘llab-quvvatlab keladi, turli darajalarda ularning hokimiyat tepasiga kelishiga yordam beradi va Isroil manziliga dushmanona fikr bildirganlarning karerasiga xalaqit beradi.

Foto: Bloomberg

Ayrim isroilparast lobbistlar qat’iy partiyalarga qarab ajratib olishgan: respublikachilar Isroil uchun yaxshi, demokratlar — yomon.

Bu lobbichilar guruhidan keladigan pul oqimining asosiy benefitsiari avtomatik ravishda Donald Tramp bo‘lmoqda, uning prezidentligi chog‘ida Isroil uchun muhim bo‘lgan Yaqin Sharqqa doir tinchlik bitimlari tuzilgan edi. Uning Oq uyga qaytishi Isroilga keyingi yordamlarni qariyb yuz foiz kafolatlaydi.

Boshqa guruhlar esa har qanday yangi prezident davrida partiya kursidan qat’i nazar, AQShning Yaqin Sharqdagi kursi isroilparast bo‘lib qolishi ustida ish olib boradi.

Ularning kuch va mablag‘lari katta qismi demokratik partiya ichida ish olib borishga yo‘naltirilgan. 2020 yildan buyon demokratlarga sarflangan summa respublikachilarga sarflangan mablag‘lardan ikki barobar ko‘p. Misol tariqasida 2024 yil boshidan buyon tafovut 40 mlnga 20 mln dollar.

Demokrat siyosatchilarning yosh avlodi va ularning tarafdorlari so‘nggi vaqtlarda Falastin masalasida Isroilni hammadan balandroq ovozda tanqid qilmoqda. Bu kayfiyatlar HAMASning Isroilga hujumidan so‘ng G‘azo sektorida o‘tkazilayotgan harbiy operatsiya fonida yanada kuchaydi.

Isroilparast lobbistlar bunday siyosatchilarning hokimiyat tepasiga kelishi Isroilning Vashington tomonidan diplomatik himoyasini zaiflashtirib, Amerika harbiy yordami miqdorini kamaytiradi deb cho‘chimoqda.

AQShning asosiy isroilparast kuchi

AQShdagi eng yirik (va yagona bo‘lmagan) isroilparast lobbistlar tashkiloti Jamoatchilik aloqalari bo‘yicha Amerika-Isroil qo‘mitasi — AIPAC hisoblanadi.

AIPAC’ning maqsadi — AQSh tashqi siyosatida Isroilga yon bosuvchi kurs o‘tkazilishiga ta’sir qilish.

Tashkilot 70 yildan buyon mavjud. Bu davr oralig‘ida qarorgohi Vashingtonda bo‘lgan, butun Amerika bo‘ylab ofislarga ega bo‘lgan va Amerika jamiyati hayotining barcha jabhalariga kirib borgan ta’sir kuchi o‘ta katta tashkilotga aylangan.

Uning uch million a’zosi bor, donorlari ro‘yxati ham juda katta.

Umuman AQShda Isroil manfaatlarini istifoda etuvchi bir necha o‘nlab lobbistlik tashkilotlari mavjud. Ha, ularning moliyaviy imkoniyatlari, ta’sir ko‘rsata olish qudrati, hattoki siyosiy nuqtayi nazari radikal o‘nglardan tortib so‘l markazchilargacha turlicha, biroq ularning maqsadi mushtarak —Kapitoliy tepaligida Isroilning qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash.

Ulardan ayrimlari (masalan, United Democracy Project (UDP) va American Israel Education Foundation) AIPAC bilan assotsiatsiyalashgan.

Unchalik yirik bo‘lmagan, biroq ta’sir doirasi katta bo‘lgan J Street tashkiloti AIPAC’dan o‘zining mo‘’tadilligi bilan farqlanadi va markazchi qarashlarga ega bo‘lgan donorlar hamda tarafdorlarni ko‘proq o‘ziga jalb qiladi. Yo‘nalish sifatida AIPAC ko‘proq o‘ng radikal hisoblanadi.

Ularning eng yirigi (10 mlndan ortiq a’zoga ega) isroilparast guruh — Christians United for Israel (Isroilni qo‘llab quvvatlovchi nasroniylar birlashmasi). Lekin o‘zining moliyaviy imkoniyatlari borasida ular AIPAC’dan ancha ortda.

Foto: usatoday.com

AIPAC bilan yaxshi aloqalarni saqlab qolishga AQSh ma’muriyatidagi barcha: demokratlar ham, respublikachilar ham intilib keladi. Tashkilot tadbirlarida bir necha bor AQSh prezidentlari, vitse-prezidentlari, davlat departamenti kotiblari, jumladan, Jorj Bush, Barak Obama va Entoni Blinken chiqish qilgan.

Bu tashkilotning ta’sir kuchi va imkoniyatlariga yaqqol misol — ularning 2002 yilgi Amerika budjeti taqsimotida ishtirokidir. O‘shanda AQShdagi iqtisodiy krizis va boshqa davlatlarga yordamning qisqartirilishiga qaramasdan Isroil o‘ziga tegishli moliyaviy yordam — 2,76 mlrd dollarga to‘liq hajmda egalik qilgan.

«AIPAC’ning ilk versiyasi yahudiylarning yosh davlati Isroil tuzilishi hamono paydo bo‘lgan. Amerikalik yahudiylarning ko‘pchiligi Holokost davrida Yevropadagi qarindoshlariga ayrilgan va oldlariga yahudiylar o‘zini o‘z uyidagidek his qilib, xotirjam hayot kechiradigan Isroil manfaatlarini himoya qilish vazifasini qo‘ygan», — deydi tashkilot faxriylaridan biri BBC’ga.

Uning so‘zlariga ko‘ra, tashkilot o‘nlab yillar mobaynida kongressmenlar va senatorlar bilan birga ishlagan hamda ularning quloqlariga oddiy bir narsani quygan — Isroilni xafa qildirib qo‘ymaslik kerak.

Biroq 2021 yilning oxiriga kelib, lobbistlar o‘z maqsadlariga yetishishda qiyinchiliklarga duchor bo‘la boshladi, ayniqsa demokratik partiya orasida.

Hammasining davosi pulmi?

«O‘zinikilar»ni qo‘llash va «begonalar»ga xalaqit berish moliyaviy mexanizmlar yordamida amalga oshiriladi: donorlik pullarini o‘rtaga tashlash, OAVdagi kampaniyalar va jamoatchilik fikrini shakllantirish orqali.

Foto: msnbc.com

«AIPAC o‘zining ta’sir doirasini barcha imkonli maydonchalar va platformalarda yoyadi, jumladan, ommaviy axborot vositalarida ham. Ular har bir alohida shtatdan tortib eng yuqori Oq uy va Kongressda ham jamoatchilik fikrini shakllantirishda yordam beradi. Saylovlarning OAVda yoritilishi g‘alaba yoki mag‘lubiyatda hal qiluvchi rol o‘ynaydi va bunday yoritish tabiiyki, mablag‘ talab qiladi», — deydi Isroil lobbisiga yaqqol qarshi bo‘lgan va Isroilni BMTdan chetlatishni yoqlovchi siyosatshunos Mustafo Feturiy.

Masalan, 2022 yilgi Vakillar palatasiga oraliq saylovlarda AIPAC isroilparast pozitsiyaga ega bo‘lgan nomzodlarni qo‘llash uchun 50 mln dollar sarflagan.

Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, ular ma’qullagan nomzodlar saylov byulletenga ismlari tushirilgan har bir okrugda g‘alaba qozongan. Shunday qilib, AIPAC yordami bilan oraliq saylovlarda turli federal va mahalliy hokimiyat organlariga 320 dan ortiq odam o‘tgan, Isroilga qarshi ritorikaga ega bo‘lgan 24 nomzod o‘z saylov kampaniyasini barbod qilgan.

2024 yilgi prezidentlik saylovlarida lobbistlar o‘rtaga tikilgan dovni ikki barobar oshirdi va 100 mln dollar ajratdi.

Harrisning g‘alabasi va lobbi

Agar Kamala Harris saylovda g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, isroilparast lobbistlar uchun kamida yaqin to‘rt yillik asabiy davr boshlanadi.

Demokratik partiyaning konservativ qanotiga mansub 81 yoshli Jo Baydendan farqli o‘laroq, Harris — partiyaning ancha qat’iyatli va dinamik qanoti vakilasi hisoblanadi.

AQShning ilk ayol prezidenti sifatida uning tarafdorlari ham, xalqaro jamoatchilik ham undan liberal g‘oyalarga og‘ishmay amal qilishni talab etadi. «Falastinga ozodlik» esa liberal dunyoning asosiy shiorlaridan biriga aylangan.

AIPAC garchi o‘n million dollar sarflab Kamalani Isroilga yon bosuvchi insonlar bilan o‘rab olgan taqdirda ham, tashkilotdagilar bu Harris olib boradigan kursga sezilarli ta’sir qilishiga u qadar komil ishonchda emas.

G‘azoda halok bo‘lgan falastinliklar soni ortib borar ekan, amerikalik progressistlarda nafaqat Isroilning qilmishlari, shuningdek, isroilparast lobbining xatti-harakatiga ham e’tirozlar oshib bormoqda.

Mart oyida AQShning asosiy so‘l tashkilotlari «Adolat demokratlari», Ishchi oilalar partiyasi, «AQShning falastinliklar huquqi uchun kampaniyasi», «Tinchlik uchun yahudiylar ovozi» (JVP) va boshqalar «Yo‘qolsin AIPAC» (Reject AIPAC) harakatiga qo‘shildi.

Ushbu bosqichda bu asosiy maqsadi isroilparast lobbistlarga e’tiborni qaratish bo‘lgan bir harakat, biroq ekspertlarning fikricha, donorlar topilsa, ular falastinparast lobbigacha o‘sishi mumkin.

Ularning manifestida lobbistlar tashkiloti o‘nlab yillar mobaynida AQSh siyosiy tizimini chiritib kelgani, progressistlarning ovozini bo‘g‘gani aytiladi va mamlakatdagi saylov kampaniyasi uchun lobbistlarning yo‘lini qirqish fursati yetgani ta’kidlanadi.

Yangi koalitsiya o‘z safiga «Tinchlik uchun yahudiylar ovozi» (JVP)ni qo‘shib olib, antisemitizm ayblovlaridan o‘zini himoyalagan.

«AIPAC’ga respublikachi milliarderlar va megadonorlar homiylik qiladi. Biz ular bilan budjet borasida hech qachon bahslasha olmasligimizni tushunamiz. Bizning ixtiyorimizda boshqa qurol bor — amerikalik saylovchilarning haqqoniy istagi», — deyishmoqda tashkilotdagilar.

Kamala Harris agar saylanadigan bo‘lsa, unga AQSh uchun an’anaviy bo‘lgan Isroilni qo‘llash va G‘azo sektoridagi humanitar falokat o‘rtasida balansni ushlash qiyin bo‘ladi.

U avval Isroil o‘zini o‘zi himoya qilishga va xavfsiz hayot kechirishga haqli ekanini aytgan, biroq Baydendan farqli o‘laroq, G‘azo sektoridagi voqealarni qat’iyroq sharhlagan va isroilcha usullarni tanqid ostiga olgan.

Donald Trampning AIPAC konferensiyalarida bot-bot chiqish qilishi AQShdagi eng ta’sir doirasi katta lobbi 2024 yilgi prezidentlik saylovlarida respublikachilar nomzodini qo‘llamoqda deyish uchun asos yaratadi.

Kamala Harris ham tashkilot minbaridan chiqish qilgan, lekin bunga ancha bo‘lgan: 2017 va 2018 yillarda.

O‘shanda Harrisning o‘zi demokratik partiya safarlarida Falastin-Isroil masalasida so‘l tomon og‘ish ro‘y berayotganini tan olgan hamda AQSh va Isroil munosabatlarini yanada mustahkamlash zaruriyatiga urg‘u bergan edi.

Biroq hozir, 2024 yilga kelib isroilparast lobbi ham bu narsani hayotga tatbiq etish oson bo‘lmasligidan hayiqib turibdi. Chunki saylovda g‘alaba qozongan taqdirda Harris to‘liq kunpayakun qilingan G‘azo fonida Oq uyga kirib keladi va bunday holga AQShning biror prezidenti to‘qnash kelmagan.

2024 yilgi saylovlarga ajratilgan 100 mln dollar — o‘rtaga tikilgan jiddiy dov, lekin bu Isroil borasida amerikaliklarning jamoatchilik fikridagi o‘zgarishlar fonida yetarli bo‘larmikan?

Ko‘proq yangiliklar: